Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:14

Belarus rejimi qarsaklarga dosh berolmadi


3 iyul kuni Belarus bo‘ylab o‘tkazilgan tinch namoyishlar ishtirokchilari jazolanmoqda.
3 iyul kuni Belarus bo‘ylab o‘tkazilgan tinch namoyishlar ishtirokchilari jazolanmoqda.
Belarus rasmiylari hukumatga qarshi tinch namoyishda ishtirok etgan 140 faolni qisqa muddatli qamoq jazolariga mahkum qildi. Yakshanba kuni mamlakat bo‘ylab Minsk rejimiga noroziligini qarsak chalish bilan bildirgan namoyishlar politsiya tomonidan kuch bilan tarqatilgan paytda 400 ga yaqin odam hibsga olingan edi.

Belaruslik huquq faollari aksil-hukumat namoyishlarda ishtirok etganlarning kamida 140 nafari qisqa muddatli qamoq jazolariga hukm qilinganini aytishmoqda.

Minskdagi "Vyesna" va viloyatlardagi boshqa huquq tashkilotlariga ko‘ra, 100 kishi poytaxtda, qolganlar faollar Brest, Gomel va Mogilyov shaharlarida sud qilingan. Ularga ikki kundan o‘n besh kungacha bo‘lgan qamoq jazolari berilgan, hibsdan ozod etilgan faollar esa bir million Belarus rubli (200 AQSh dollari) miqdoridagi jarimaga tortilgan.

Mamlakat bo‘ylab yana 200 ga yaqin ish sudda ko‘rib chiqilmoqda.

Qamalganlar o‘tgan yakshanba kuni prezident Aleksandr Lukashenka rejimiga o‘z noroziligini qarsak chalish bilan bildirgan namoyishlar politsiya tomonidan tarqatib yuborilgan paytda hibsga olingan 400 kishi orasida bo‘lgan.

Norozilik aksiyalari Internetda faoliyat yuritayotgan Ijtimoiy Tarmoq Orqali Inqilob nomli virtual muxolifat guruhi tomonidan uyushtirildi. Bu guruh odamlarni yakshanba kuni Mustaqillik bayramini nishonlagani ko‘chaga chiqib, tinch namoyishda ishtirok etishga chaqirdi.

Biroq bu namoyishlar politsiya tomonidan kuch bilan bostirildi. Ularni tarqatish uchun ko‘z yosh chiqaruvchi gaz va to‘qmoqlar ishga solindi. Guvohlarning aytishicha, fuqarolik kiyimidagi xavfsizlik xodimlari o‘nlab odamlarni mashinalarga solib, olib ketgan.

Belarus davlat televideniyesiga ko‘ra, namoyishchilarning aksariga jamoat tartibini buzganlik va ruhsat etilmagan namoyishda ishtirok etganlik ayblari qo‘yilgan.

Belarus g‘arbidagi Grodno shahrida voqealarni yoritayotgan Ozodlik muxbiri Mixal Karniyevich ham hibsga olindi. U keyinchalik qo‘yib yuborildi, lekin 6 iyul kuni uning ustidan sud o‘tkaziladi. Ozodlik radiosi bilan hamkorlik qiladigan yana bir necha jurnalist ham voqealarni yoritayotgan paytda politsiya tomonidan olib ketildi. Ulardan birining fotoapparati sindirildi.

Namoyishlarning kuch bilan bostirilishi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va Yevropa Ittifoqi tomonidan qoralandi.

Seshanba kuni e‘lon qilingan bayonotda YeXHT “Belarus rasmiylarining o‘z fuqarolariga nisbatan zo‘ravonlikni qo‘llashda davom etayotgani xususida jiddiy tashvish va taassuf” bildirdi.

“Belarus hukumatini hibsga olinganlarni ozod etish va tinch fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llashdan tiyilish hamda fundamental inson huquqlari va erkinliklariga hurmat ko‘rsatishini talab qilaman”, dedi YeXHT raisi Audronius Azubalis.

Yevropa Parlamenti raisi Yerji Buzek ham hibsga olingan namoyishchilarni darhol va hech bir shartsiz ozod etishga chaqirdi.

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri Ketrin Eshtonning matbuot kotibi Mayya Kosyanchich Ozodlik bilan suhbatda ittifoq Belarusdagi voqealarni “jiddiy tashvish” bilan kuztayotganini bayon qildi.

- Biz Minsk va Belarusning boshqa shaharlarida noroziliklarning tinch ishtirokchilari, jumladan jurnalistlarning qattiqqo‘llik bilan va nomutanosib kuch ishlatgan holda tarqatib yuborilishini qoralaymiz. Va Belarus rasmiylarini o‘z fuqarolarining mamlakatdagi vaziyat xususida qarashlari, tashvishlari va noroziliklarini erkin bildirish huquqlarini hurmat qilishga chaqiramiz, dedi YeI rasmiysi.

“Yevropaning so‘nggi diktatori” nomi bilan tanilgan Lukashenka Belarusni 17 yildan beri qattiqqo‘llik bilan boshqarib keladi. Uning o‘tgan dekabrda qayta saylanishi mamlakatda noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Muxolifatning o‘nlab faollari qamoqqa tashlandi. Ular orasida Lukashenkaning saylovlardagi asosiy raqibi Andery Sannikov ham bor. Sobiq diplomat Sannikov besh yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Seshanba kuni Polshada chiqadigan “Gazeta Wyborcza” gazetasining Belarusdagi muxbiri Andrey Podzobutga shartli ravishda uch yil qamoq jazosi berildi. Jurnalistning advokati Ozodlik bilan suhbatda Podzobutdan prezidentni haqorat qilganlik ayblovlari olib tashlangani, lekin u o‘z maqolalarida tuhmat qilganlikda aybdor deb topildi, deya ma‘lum qildi. Jurnalist Grodno shahridagi mahkamada hukm o‘qib eshittirilganidan keyin sud zalidan ozod qilindi.

Mahkama tugagach hamkasblari bilan muloqot chog‘ida Andrey Podzobut o‘zining ozod etilishi g‘arb hukumatlarining dekabr oyidagi saylovlardan keyin norozilar, fuqarolik jamiyati va jurnalistlarni ta‘qib qilib kelayotgan Lukashenka rejimiga nisbatan qo‘llagan sanksiyalari maxsuli bo‘lganini taxmin qildi.

- Menimcha, bu rejimga nisbatan bosimning natijasidir. Buni Lukashenka rejimiga nisbatan qo‘llanilgan iqtisodiy sanksiyalarning dastlabki natijasi, deb hisoblayman, dedi jurnalist.

Jurnalist Podzobut ham saylovlardan keyingi norozilik namoyishlarida ishtirok etgani vajidan ikki hafta qamoqda o‘tirib chiqqan.
XS
SM
MD
LG