Линклар

O'zbekiston mudofaa vaziri Berdiyev Ozarbayjon harbiy sanoati bilan tanishdi


O‘zbekiston mudofaa vaziri Q.Berdiyev (ch) Germaniya mudofaa vaziri K. Teodor zu Guttenberg bilan, Toshkent, 14 aprel 2010 yil

O‘zbekiston mudofaa vaziri Q.Berdiyev (ch) Germaniya mudofaa vaziri K. Teodor zu Guttenberg bilan, Toshkent, 14 aprel 2010 yil

Ozarbayjonga safar qilgan O‘zbekiston mudofaa vaziri Qobul Berdiyev bu mamlakat mudofaa sanoati korxonalarini borib ko‘rdi.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi matbuot xizmatiga asoslanib mamlakatdagi axborot agentliklarining xabar qilishicha, general Berdiyev Elektron hisoblash mashinalari ishlab chiqaradigan korxona faoliyati bilan yaqindan tanishgan.

Shuningdek, O‘zbekiston mudofaa vaziri “Sharg” ishlab chiqarish birlashmasining AZAD Systems Co. korxonasida ham bo‘lib, pilotsiz uchadigan apparatlar ishlab chiqarish jarayonini kuzatgan.

Ayni paytda u asbobsozlik zavodida bo‘lib, zirhli texnikaning modernizatsiya qilish ishlari bilan tanishgan.

O‘zbekiston mudofaa vaziri Qobul Berdiyev 14 iyun kuni Bokuda Ozarbayjon Bosh vaziri Artur Rasizoda bilan uchrashgan.

So‘zlashuv chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning hozirgi ahvoli va istiqbollari muhokama qilingan.

Rasizoda Ozarbayjon va O‘zbekiston hamkorligi barcha sohalar, jumladan, mudofaa sohasida ham yuqori darajada rivojlanishi muhim ekanini ta‘kidlagan.

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojarosiga to‘xtalgan Artur Rasizoda bu mojaro faqat Ozarbayjon hududi yaxlitligi asosida hal bo‘lishi mumkinligini alohida ta‘kidlagan.

Berdiyev O‘zbekiston bu masalada Ozarbayjon pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashini bayon qilgan.

O‘zbekiston mudofaa vaziri ozarbayjonlik hamkasbi general-polkovnik Safar Abiyev bilan uchrashuv chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat borasida fikr almashilgan.

O‘zbekiston mudofaa vaziri Qobul Berdiyev boshchiligidagi delegatsiyaning Ozarbayjon rasmiylari bilan uchrashuvi chog‘ida ularga O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchisi Ismatulla Ergashev hamrohlik qilgan.
XS
SM
MD
LG