Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:40

"Bilayn" Rossiya saytlarini to‘sib qo‘ydi


“Bilayn” mobil aloqa operatori 9 avgustdan Gazeta.ru, Lenta.ru, Newsru.com, Utro.ru singari saytlarni to‘sib qo‘ydi.

Toshkentlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich, ikki kundan buyon “Bilayn” Internet-provayderi orqali Rossiya saytlariga kirolmayotganini aytar ekan, bu saytlarni Rossiya kompaniyasining o‘zi to‘sayotganligidan hayratda ekanligini ta‘kidlaydi:

- Eng qizig‘i shundaki, Rossiya saytlarini Rossiya-O‘zbekiston operatori blok qilib qo‘ydi. Kecha, 9 avgust kuni umuman birorta saytga ham kirib bo‘lmadi. Faqat proksi-servyerlar yoki anonimayzerlar orqali kirishga to‘g‘ri keldi, deydi Aleksey Volosevich.

“Bilayn” kompaniyasining o‘zini “mutaxassis Davron” deb tanishtirgan xodimi, Ozodlik bilan suhbatda, bu muammo ularning muammosi emasligini aytdi:

- Men sizga hozir buning aniq sababini aytib berolmayman. Bizga hozircha bu saytga kirolmadim¸ degan e‘tiroz kelgani yo‘q. Agar bu muammo bo‘lsa¸ O‘zbekiston Axborot agentligiga murojaat qilasiz. "Bilayn" saytga blok qo‘ymaydiku, dedi o‘zini Davron deb tanishtirgan kompaniya mutaxassisi.

10 avgust kuni Rossiyaning “VimpelKom Ltd» departamentining MDH davlatlari bilan jamoatchilik aloqalari departamenti vakili Galina Kurganova, O‘zbekistonda Rossiya saytlariga qo‘yilgan to‘siqlar haqida Fergana.ru saytida chop qilingan maqolaga raddiya bildirib, “Bilayn” aloqa operatori hech qaysi saytga to‘siq qo‘ymaganini ta‘kidladi.

Bu e‘tiroz saytga qo‘yilganidan so‘ng, Ozodlik yana toshkentlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich bilan bog‘lanib, Rossiya saytlariga qo‘yilgan to‘siqlarning bor-yo‘qligi bilan qiziqdi:

- Mana hozir Internetdaman. Rossiya saytlarini ochayapman. Mana Newsru.com ni bosdim. Yo‘q, ochilmayapti. “Golos Rossiya”ni ko‘ramiz, bu ham ishlamayapti. Utro.ru ham va hatto Mail.ru dagi yangiliklar sahifasi ham ochilmayapti, deydi Aleksey Volosevich.

Jurnalist bir kun oldin to‘sib qo‘yilgan ikki sayt - Gazeta.ru va Lenta.ru 10 avgust kuni ishlab ketganini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ham bir necha bor qilgan chiqishlarida Internetga to‘siq qo‘yishni axmoqlik deb atagan edi:

- Internetdan oladigan xabarlar juda salbiy ta‘sir qilyapti, degan fikrga men qo‘shilmayman. Nega deganda, internet bu katta magazin. Magazinga borganda odam xohlagan molini sotib oladi. Internetni yopib qo‘yish bu mutlaqo axmoqona fikr, uni yopib bo‘lmaydi. Kimki shunga urinadigan bo‘lsa, bu qip-qizil axmoq, bu behuda urinish, degan edi Islom Karimov 2005 yilda.

Lekin prezident "qip-qizil ahmoqlar", deb atashiga qaramasdan O‘zbekiston hukumati o‘nlab mustaqil Internet saytlarini to‘sishda davom etmoqda.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti 2011 yilda e‘lon qilgan hisobotida O‘zbekistonni yana Internet dushmanlari ro‘yxatida qoldirdi.

Internet-senzuraga qarshi kurash kuni munosabati bilan 12 mart kuni e‘lon qilingan hisobotda bu kabi davlatlarda vaziyat yil sayin og‘irlashib borayotgani aytilgan.

O‘zbekiston xususida “Bu politsiya davlati Internet tarmog‘ida axborot tarqalishini tutib qolish va xoh virtual¸ xoh reallikda bo‘lishidan qat‘iy nazar, fuqarolik jamiyati tug‘ilishiga urinishlarga qarshilik qilishda davom etmoqda”, deyilgan.

Tashkilot bergan ma‘lumotga ko‘ra, o‘zbekistonlik Internet foydalanuvchilari orasida ko‘proq rus tilida chiqadigan portallar — Gazeta.uz, Odnoklassniki.ru kabi saytlar Facebook yoki Twitterdan ko‘ra ommaviyroqdir.

Shuningdek, Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti hisobotida O‘zbekistonda Internet saytlarining Aloqa va axborotlashtirish agentligi qoshidagi Monitoring markazi yordamida bo‘g‘ilishi, bu esa ikki yo‘l – IP adreslarni blok qilish hamda nomaqbul maqolalarni to‘sib qo‘yish yo‘li bilan amalga oshirilishi aytilgan.

“Bilayn” O‘zbekistonda 1996 yilda faoliyat boshlagan “Unitel” OAJ ning davomchisi ekanligi aytiladi.

“Unitel” OAJ O‘zbekistonda 1997 yilda tijoriy faoliyatini boshlagan. “Unitel”O‘zbekistondagi yetakchi GSM operatorlaridan biri ekanligi aytiladi. 2009 yilning oxiriga kelib, uning 3,5 million abonenti borligi qayd qilingan.

2006 yilning fevral oyidan boshlab “Unitel” Rossiyadagi eng yirik mobil operator kompaniyasi “VimpelCom” tarkibiga kirdi va “Bilayn” brendi ostida xizmat ko‘rsata boshladi.
XS
SM
MD
LG