Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:36

Qirg‘izistonda nima bo‘layapti? 12 savolga 12 javob


Bishkek shahrining markaziy maydonida O‘murbek Tekebaevning tarafdorlari norozilik mitingi o‘tkazmoqda. 2017 yil, 27 fevral.
Bishkek shahrining markaziy maydonida O‘murbek Tekebaevning tarafdorlari norozilik mitingi o‘tkazmoqda. 2017 yil, 27 fevral.

Kecha, 26 fevraldan buyon Qirg‘iziston poytaxti Bishkek, mamlakatning janubiy poytaxti O‘sh va Jalolobod viloyatida norozilik mitinglari bo‘lib o‘tmoqda.

Norozilar 26 fevral tongida Istanbul-Bishkek aviareysida uchib kelishi bilanoq “Manas” aeroportida qo‘lga olinib, 48 soatga hibsga olingan siyosatchi O‘murbek Tekebaevning hibsdan ozod qilinishini talab qilmoqda.

Bu sarlavhaga chiqarilgan savolning javobidir.

Qirg‘izistondagi voqealarni tushunish uchun yana bir necha savol javobi aytilishi kerak.

O‘murbek Tekebaev kim?

O‘murbek Tekebaev - Qirg‘izistondagi eng taniqli siyosatchilardan biri, yoshi 58 da. So‘nggi chorak asr davomida mamlakat parlamenti – Jo‘g‘o‘rqu Kenesh deputati. Mamlakatdagi dastlabki partiyalardan biri – “Ata-Meken” sotsialistik partiyasi asoschisi va lideri. Parlamentdagi “Ata-Meken” partiyasi fraksiyasi yetakchisi. Hozirda bu fraksiya oppozitsiyada.

2010 yilgi Aprel inqilobi chog‘ida Tekebaev kim tomonida edi?

Inqilobchilar tomonida edi. Hozirgi prezident Atambaev bilan birga Roza O‘tunbaeva yetakchiligidagi Muvaqqat hukumat a’zosi, ya’ni Atambaev bilan safdosh, maslakdosh edi.

Tekebaevni “Qirg‘iziston Konstitutsiyasining, qirg‘iz parlamentarizmining otasi” deyishadi, shu rostmi?

Ha, Qirg‘izistonda shunday gap bor. Prezident Bakievni quvish bilan tugagan 2010 yilgi inqilobdan so‘ng O‘murbek Tekebaev mamlakat Konstitutsiyasining yangi variantini yozish guruhiga boshchilik qilgan va yangi Asosiy qonun Qirg‘izistonning Parlament respublikasiga aylanishiga asos bo‘ldi.

Tekebaev bilan Atambaev orasiga sovuqchilik tushgan deyishadi, shu rostmi?

Ha, rost.

Nega?

Gap shundaki, prezident Atambaev Tekebaev rahbarligida ishlab chiqilgan va tarkibiga 2020 yilgacha o‘zgartish kiritish qonun bilan taqiqlab qo‘yilgan Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish tashabbusini o‘tgan yili ko‘tarib chiqdi. Prezident tashabbusi, tanqidchilar fikricha, birinchidan, qonunga zid, ikkinchidan, mamlakat tanlagan parlamentarizm ruhiga zid edi.

Tekebaev bilan Atambaev o‘rtasidagi sovuqchilik shundan boshlanganmi?

Har holda, tashqaridan qaraganda, shunday. Atambaev Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazmoqchi bo‘ldi. Tekebaev va uning hamfikrlari qarshi turdi. Biroq, boshqa siyosatchilardan farqli o‘laroq, O‘murbek Tekebaev mamlakatdagi oltin konlari, xususan, Kumtor koni bo‘yicha ham qat’iy pozitsiyada turib keldi. Uning fikricha, Kumtor konini horijiy investor bilan birga ishlatishda Qirg‘iziston hukumati milliy manfaatlardan kelib chiqmagan.

Atambaev nima qildi bu qarshilikka qarshi?

Qirg‘izistonning Mustaqillik bayramida qilgan chiqishi chog‘ida Prezident Muvaqqat hukumat a’zolaridan ba’zilarni qonunbazarlikda, talonchilikda aybladi. Bu gapdan keyin sobiq prezident O‘tunbaeva bayramni tark etdi. Atambaev otgan “o‘q”lardan biri o‘shanda Tekebaevga “borib tegdi”.

Tekebaev "yarador" bo‘lib qolaverdimi?

Yo‘q. Shundan keyin kompromatlar urushi boshlanib ketdi. Tekebaev parlament minbaridan hamda jurnalistlar oldida qilgan chiqishlarida “prezident Atambaevning, uning ma’muriyatidagi ayrim mulozimlarning korrupsionerligini fosh qila boshladi”.

Atambaev indamay o‘tiraverdimi?

Yo‘q. Tekebaevning ayblovlariga javoban Prezident ma’muriyati Tekebaev va uning ikki partiyadoshi, deputatlar Aida Salyanova (sobiq bosh prokuror) va Almanbet Shikmamatovlarni korrupsionerlikda aybladi. Ularning ustidan ham jinoyat ishlari ochilgan.

Tekebaevga qanday ayblov qo‘yilmoqda?

Tekebaevning hibsga olinishi arafasida Qirg‘iziston milliy televideniesi rossiyalik tadbirkor Leonid Maevskiyning yarim soatlik ko‘rsatmasini e’lon qildi. Unda Maevskiy Tekebaevga 1 mln. dollar pora berganini iddao qilgan. Tadbirkorning aytishicha, bu pul evaziga Tekebaev unga "Megakom" aloqa kompaniyasini sotib olishiga sharoit yaratib berishi kerak edi.

Qirg‘iziston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Abdil Segizbaevning bugun Jo‘g‘o‘rqu Keneshdagi majlisda aytishicha, Tekebaevning ustidan jinoyat ishi ochish uchun Maevskiyning bayonoti bilan birga 7 ta sabab bo‘lgan.

Qirg‘izistonda 2005, 2010 yillari inqilob bo‘lgan edi, yana inqilob bo‘lib ketishi mumkinmi?

Bu savolga hozirda hech kimda javob yo‘q. Har holda, Qirg‘izistonda nafaqat Tekebaevning tarafdorlari, balki unga qarshilarning ham mitinglari bo‘lib o‘tmoqda.

XS
SM
MD
LG