Линклар

Rossiya kengliklarida mehnat qilayotgan bir qancha muhlislarimizdan Ozodlikka tushgan savollarda Rossiyada joriy qilinajak yangi pasport tartibi borasida qo‘shimcha ma‘lumot berish so‘raladi.

“Bizda, o‘zbekistonliklarda, zagranpasportimiz yo‘q-ku? 2015 yildan boshlab esa Rossiyaga faqat zagran bilan kiritilar ekan? Biz nima qilamiz?”, deb yozadi tinglovchilarimizdan biri.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan rasmiy ma‘lumotga binoan, 2015 yilning 1 yanvaridan Rossiya Federatsiyasiga kirib borayotgan MDH mamlakatlari, xususan O‘zbekiston fuqarolari, xorij pasportini taqdim etishi lozim.

Rossiya hukumati buni mamlakat chegarasini kesib o‘tish tartibini yagona qolipga qolish va migratsiya jarayonlari ustidan nazoratni kuchaytirish zarurati bilan izohlab kelmoqda.

“E‘tibor qaratamizki, 2000 yilning 30 noyabrida o‘zaro vizasiz bordi-keldilar to‘g‘risidagi davlatlararo shartnomani imzolangan mamlakatlar fuqarolari uchun Rossiya Federatsiyasiga kirish va chiqish uchun oldingidek viza talab qilinmaydi”, deya xabar qildi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi.

Ta‘kidlash kerakki, ko‘plab MDH davlatlarida alohida ichki va tashqi pasport joriy qilingan.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Kaliningrad viloyati Federal migratsiya xizmatining pasport-viza bo‘limi xodimasi Yuliya Borisova har bir mamlakat “ichki va tashqi pasportlarga ega bo‘lish bo‘lmaslik masalasini mustaqil ravishda hal etadi”, dedi.

- Hafta boshida Rossiya Tojikiston fuqarolari uchun ichki pasport bilan kirish tartibini bekor qildi. O‘zbekiston masalasida hozircha alohida qaror qabul qilinmagan. Ammo har bir davlat qaysi pasport bilan fuqarolarini tashqariga chiqarishga ruxsat berishini o‘zi hal etadi,- dedi Yuliya Borisova.

Toshkent shahar tumanlaridan birining OVIR xodimi bu masalaga oydinlik kiritib, Rossiyaga O‘zbekistonda berilayotgan yangi biometrik pasportlar bilan bemalol kirib-chiqish mumkinligi aytdi:

- Rossiyada ikkita – ichki va xorij pasporti mavjud, bizda esa bitta. Ana o‘sha pasport bizda ikkalasining vazifasini bajaradi, - dedi 2015 yildan boshlab O‘zbekiston fuqarolari berilayotgan yangi biometrik pasportlar bilan Rossiyaga borishi mumkinligini alohida ta‘kidlagan Toshkent shahar Xorijga chiqish-kirish va fuqarolik ishlari bo‘limi mutassadisi.

Ayni paytda, joriy qilingan yangi pasport tartibi O‘zbekistondan tashqari Ozarbayjon, Moldova, Ukraina, Tojikiston davlatlariga taaluqlidir. Bojxona Ittifoqiga qo‘shilish istagini bildirgan Armaniston va Qirg‘iziston masalasida hozircha uzil-kesil qaror qabul qilinganicha yo‘q.

Sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlaridan Rossiya birgina Gruziya va Boltiqbo‘yi mamlakatlariga nisbatan viza rejimini saqlab qolmoqda.

XS
SM
MD
LG