Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:35

"Bizning uyda o‘zbek bilan qirg‘iz urushgani yo‘q"


Guvohlarga ko‘ra, o‘zbek qirg‘izni, qirg‘iz esa o‘zbekni o‘z uyida saqlab, boqib o‘tirishi o‘zaro yarash mitinglaridan ancha avvap, ya‘ni qonli olatasir avjiga chiqqan iyun kunlaridayoq kuzatilgandi.
Guvohlarga ko‘ra, o‘zbek qirg‘izni, qirg‘iz esa o‘zbekni o‘z uyida saqlab, boqib o‘tirishi o‘zaro yarash mitinglaridan ancha avvap, ya‘ni qonli olatasir avjiga chiqqan iyun kunlaridayoq kuzatilgandi.
O‘sh qirg‘ini kunlari ko‘plab o‘zbeklar qirg‘izlarni, qirg‘izlar esa o‘zbeklarni o‘z uylarida yashirib, saqlab qolganlar.



Millatiga qaramay, o‘nlab insonlarni qutqarib qolganlar orasida ayollar ham bor.

Onasi qirg‘iz, otasi o‘zbek bo‘lgan Ro‘zixon Salimova 2010 yilning iyun oyidagi fojeali voqealar paytida 35 nafar o‘zbek va qirg‘iz millatiga mansub odamlarni o‘z uyida yashirgan jalolobodliklardan biri.

- Men o‘zbek yoki qirg‘iz, deb millat ajratgan emasman. Kim kelsa, hammasini yashirdim. 35 tacha odam keldi o‘shanda uyimizga. Qirg‘izi ham yig‘lab keldi, o‘zbegi ham yig‘lab keldi. O‘zbekistonga o‘tib ketishga kech qolgan o‘zbeklar ham, toqqa chiqib ketishga ulgurmagan qirg‘izlar ham mana shu uydan boshpana topdi, - deydi Ro‘zixon Salimova.

O‘sha kunlari Jalolobodda ham oziq-ovqat muammosi paydo bo‘lgan edi. Ro‘zixon Salimova oziq-ovqat do‘koni sohibasi bo‘lgani uchun 35 odamga qozon qaynatish imkoniga ega bo‘lgan. Bundan tashqari, uning uyida yashayotgan o‘zbeklar va qirg‘izlar ham topgan-tutganini millat ajratmasdan, o‘rtada baham ko‘rganlar.

- Bizning 50 kiloli qozonimiz bor edi. Har kuni mana shu qozonda ovqat pishirdik. Magazinimiz bor edi, mahsulotlardan qiynalmadik. Bundan tashqari, uyimizdan boshpana topgan ikki o‘zbek ayolining ham do‘konlari bor ekan. Ular ham do‘konidan oziq-ovqat olib kelishdi. Yemoq-ichmoqdan qiynalmadik. Albatta, avvalgiga qaraganda kamroq yedik, lekin Xudoga shukur qildik, - deydi Ro‘zixon Salimova.

Ayolning aytishicha, qirg‘izlar va o‘zbeklar birgalikda uning uyida 15 kundan ortiqroq yashagan. Lekin biror marta ularning orasida millat ajratish yoki bir-biriga yovqarash bo‘lmagan.

- Bu yerda o‘zbek va qirg‘iz o‘rtasida urush bo‘lgani yo‘q. Masalan, mening uyimda o‘zbek ham “Xudo” deb o‘tirdi, qirg‘iz ham “Xudo” deb o‘tirdi. O‘zbekning ko‘zidan ham, qirg‘izning ko‘zidan ham bir xil yosh chiqdi, - deydi Ro‘zixon Salimova.

Jaloloboddagi qirg‘iz mahallalaridan birida yashovchi Nurqan Qo‘ychumanova ham qirg‘in kunlari 50 nafardan ziyod o‘zbek millatiga mansub odamga o‘z uyidan boshpana bergan.

- O‘sha kuni o‘g‘lim kelib qoldi. U o‘zbek yigitlari bilan do‘st edi. O‘g‘lim: “O‘zbek qo‘shnilarni uyimizda yashirsak”, deb so‘rab qoldi. Men: “Ular bizga Xudo bergan qo‘shnilar. Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni yaxshi, deyishadi. Bolam, bu uy hammaga ochiq, kiravyerishsin”, dedim. Shunday qilib, ular 15 kun bizning uyda o‘tirishdi, - deydi Nurqan Qo‘ychumanova.

Uning aytishicha, qirg‘in kunlari unga o‘zbeklarni yashirgani uchun tahdidlar ham bo‘lgan. Shunga qaramay, u o‘zbeklarni uyidan haydab chiqarmagan.

- Mening uyim atrofida faqat qirg‘izlar yashaydi. Ular va boshqalar menga: “Bu nima qilganing. O‘zing qirg‘iz bo‘lsang, o‘zbeklarni uyingga yashirib qo‘yibsan. Bu qilgan yaxshiliging uchun o‘zbeklar sening boshingni olib ketadi” deb qo‘rqitishdi, tahdid ham qilishdi. Ammo men qo‘shnilarga siyosatchilarning nopok harakatlari oqibatida mana shunday fojea sodir bo‘lganini tushuntirishga harakat qildim. Chunki mening uyimda o‘zbeklardan tashqari qirg‘iz qarindoshlarim ham bor edi. Biz bir dasturxon ustida bitta nonni hammamiz teng bo‘lishib yedik. Bir-birimizga xusumatimiz borligini sezmadik, - deydi Nurqan Qo‘ychumanova.

Suhbatdoshimizning aytishicha, uning ko‘plab qarindoshlari ham iyun qirg‘ini kunlari o‘zbeklarning uylaridan boshpana topib, jon saqlab qolganlar.

- Mening qizim Suzoqning Qayrag‘och qishlog‘ida yashaydi. Bu qishloqda 70 foiz o‘zbeklar istiqomat qiladi. To‘polon kunlari ular o‘zbeklarning uylarida o‘tirishdi. Mening qizimni bola-chaqasi bilan va yana o‘ndan ortiq qarindoshlarimizni o‘zbeklar issiq ovqatini berib, o‘z uylarida yashirib o‘tirishdi, - deydi Nurqan Qo‘ychumanova.
XS
SM
MD
LG