Линклар

Muallif: Shuhrat Bobojon

O‘zbek bokschisi Ruslan Chagayev Erfurtda o‘tgan musobaqada mag‘lubiyatga uchraganidan keyin muxlislardan uzr so‘radi.

Ozodlik bilan suhbatda uzrini bayon qilar ekan, Chagayevning zarbalardan momataloq bo‘lgan yuzida bir oz iymanishga o‘xshagan holat bor edi.

Chagayevning muxlislari mag‘lub bo‘lgan Chagayevdan yuz o‘girishmadi. Bugun yutqizsa ertaga yutadi, deydi Hamburgdan ataylab Erfurtga kelgan Martin ismli muxlis.

Taraddud

Erfurtdagi sport saroyi oldiga cho‘michini bir-biriga mushtlab turgan ikkita ekskavator qo‘yilgan. Bu ekskavotorlar uzra "Chagayev –Povetkin" degan yozuv osig‘liq.

Bu ikki bokschining ekskavatorlarga o‘xshatilgan janggi Erfurtdagi musobaqaning avj nuqtasi sifatida kutildi.

Avvaliga Ruslan Chagayev chiqib keldi. Qasirg‘alar sasi va tantanavor musiqa fonida, projektorlar yorug‘ida zal to‘rida paydo bo‘lgan Chagayev dunyoni ag‘dar- to‘ntar qiladigan vajohatda turib, ishqibozlar qalbiga g‘ulg‘ula solar edi.

Chagayev shu turishida Hollivud filmlaridagi supermenga mengzardi.

U kirib kelgan yo‘lak atrofi ishqibozlar bilan to‘la. Samarqandlik bir o‘zbek yigit O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib olgan. Hamburglik Martin esa erinmasdan bu bayroqqa Chagayev ismini yozgan.

Ruslan bilan yoshlikdan birga mashq qilgan o‘zbekistonlik bir necha sportchi esa mamlakat bayrog‘ini ustiga o‘rtib olgan. Zalda men sakkiztacha o‘zbek muxlisini sanadim, albata bu muxlislar orasida Ozodlikning ikki muxbiri ham bor edi.

Ajdodlar mardona ruhi senga baxt¸ najot

Jang boshlanishidan oldin ring ustiga tom kabi yopilgan ulkan plazma ekranda O‘zbekiston bayrog‘i aks etib, O‘zbekiston madhiyasi yangradi.

Bastakor Mutal Burhonov sovyet davrida bastalagan bu kuy Erfurtda qurilgan boks jangohida bir qadar mahzun eshitildi. Andijondan ataylab kelgan muxlis uzun tayoqqa O‘zbekiston bayrog‘ini ilib musiqaga hamohang hilpillatmoqda.

Jang

Aslida "mushtlashuv" deb yozsam to‘g‘ri bo‘lar edi. To‘piqdan pastga tushgan qora satin ishton kiygan Ruslan Shamil o‘g‘li Chagayev, maykasiga “Rossiya¸ Xudo sen bilan” degan shior yozgan Aleksandr Povetkin bilan mushtlashmoqda.

Gilch-gilch, paq-puq degan ovozlar chiqadi. Charm qo‘lqopning tanaga gup etib urilgani g‘alati eshitiladi. Odam Atoning ikki zuryodi bir-birini do‘pposlamoqda.

Ring atrofiga gir aylangan o‘rindiqlardagi 6000 odam ARD telekanalining 70 million tomoshabini bu mushtlashuvdan zavq olmoqda. Bokschilar atrofidagi sekundant va shotirlar urushning xamirturushiga o‘xshab ko‘rindi.

AQSh, Britaniya va fransiyalik hakamlar mushtlashayotganlar mahoratini baholamoqda.

Germaniya model agentligining to‘rt nafar sohibjamoli navbatma navbat yangi jang raundlari yozilgan taxtachani namoyish qilishadi. Ularning kalta etaklaridan ko‘ringan sonu-boldirlaridan zavqlangan olomon qarsaklar chaladi.

Zalda Ruslan Chagayevning muxlislari ko‘proqday tuyuldi.

“Ruslan chap qo‘l bilan qirol zarbani ur. Abjag‘ini chiqar uning” deb baqirgan muxlis bu gap zalvorini hushtak bilan og‘irlashtirishga tirishdi. Andijondan kelgan bir muxlis baqiravyerib, oxirida ovozi chiqmay qoldi.

12 raunddan iborat jang bir maromda, ravon davom etdi. Hech bittasining hech joyi sinmadi.

Jangdan keyin intervyu olganimda Aleksandr Povetkinning ko‘kargan yuzi va Ruslan Chagayevning musht zarbidan qizargan yuzi e‘tiborimni tortdi.

Mag‘lubiyat

To‘g‘risi boks musobaqasini tasvirga olish bilan ovora bo‘lib, bu jangda kimning g‘alaba qilganini anglamay qoldim. 12-raund tugashi bilan Povetkinning sekundanti uning ikki qo‘lini baland ko‘tarib, zafar ishorasini qildi.

Ana shundan keyin zal to‘ridagi ulkan ekran ikkiga bo‘linib bir tarafda Ruslan, ikkinchi tarafda Aleksandr tasviri qo‘yildi.

Tasvirlar tagiga hakamlar qo‘ygan ochkolar yozildi.

AQSh, Britaniya va fransiyalik hakamlar 116-112, 117-113, 117-113 hisobida Aleksandr Povetkinni "mutloq g‘olib" deb topdi.

Ana shundan keyin arqon bilan o‘ralgan ring ichiga ARD kanali muxbiri tushib g‘olib va mag‘lubdan intervyu oldi.

Ruslan Chagayev nemis tilida “Bugun mening kunim emas ekan. Yutqizdim” dedi.

O‘zbekistondan kelgan olti muxlisning qovoq tumshug‘i osildi. Jang davomida Chagayevni quvvatlagan taniqli nemis bokschisi Xuan Karlos Ozodlik bilan suhbat chog‘ida ochkolar hisobidan mag‘lubiyat har doim bahsli ekanini aytadi.

- Chagayev yaxshi jang qildi. Uning bor oz omadi kelmadi. Endi bu sport. Birov yutadi, birov yutqizadi. Lekin men Chagayevni g‘olib deb hisoblayman, dedi Xuan Karlos.

Musobaqada Chagayevga sekundant bo‘lgan taniqli bokschi Artur Grigoryan ham Xuan Karlos fikriga qo‘shiladi.

O‘zbekistonda sukut

O‘zbekistonda Chagayev–Povetkin musobaqasi haqida na yomon va na yaxshi gap aytilmadi.

Odatda "sukut alomati rizo" degan gap bor. Ammo Oqsaroyning Chagayevdan rozi emasligi haqida gaplar yuradi.

“Nega siz haqingizda O‘zbekiston indamay qo‘ydi?” degan savolimizga Ruslan yelka qisib “Bilmayman. Balki yutsam gapirisharmidi” deb qo‘ydi.

Chagayev jangini ko‘rish uchun Krasnodardan kelgan muxlis Irina Kostenko bu musobaqa haqida O‘zbekistonda hech narsa aytilmaganidan afsus bildirdi.

- Haqiqatda alam qilar ekan. Mana biz Ruslanni qo‘llash uchun Rossiyadan keldik. Hamburgdan kelishdi ishqibozlar. Butun Germaniya Ruslanni qo‘llayapti. O‘zbekiston nega jim? Axir Ruslan sharafiga bugun O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi, gimn aytildi. O‘zbekiston rahbarlarida vatanparvarlik tuyg‘usi yo‘qmi, deydi Irina.

Chagayevning muxlislari

Chagayevning muxlislarini uch toifaga bo‘ldim.

  • Nemis muxlislar
Ularning yorqin vakili Martin Hamburgdan ataylab kelgan. O‘zbekiston bayrog‘iga o‘qlog‘iday qilib "Ruslan Chagayev" deb yozib kelibdi. Ruslan mag‘lub bo‘lganidan keyin ham bu bayroq bilan kezib, hakamlar nohaq deb baqir- chaqir qilib yurdi.

  • Rus muxlislar
Irina Kostenko Krasnodarda yashaydi va har gal Ruslan qatnashgan janglarni borib ko‘radi. Kostenko yonida yana o‘ntacha rus muxlis bor edi.

  • O‘zbek muxlislar
Men bu muxlislar ichida marg‘ilonlik Ma‘rufjon aka Ahmadjonovni aytmoqchi edim. Bu kishi bilan tanaffusda iftor qilib suhbatlashib ancha narsalarni bilib oldim. Ma‘rufjon aka Ruslan Chagayevning hamma janglarini ko‘rgan. Bu galgi jangni ko‘rish menga 4000 dollarga tushdi¸ deydi suhbatdosh.

Ma‘rufjon aka tadbirkor. U kishi Marg‘ilon va Tyumenda bir nechta oshxonalar ochgan. Tyumendagi ikkita masjidga homiylik qiladi.

Mustaqillikka berilmagan sovg‘a

Ruslan Chagayev nemis telekanaliga bergan intervyusida “bugun mening kunim emas” deb aytdi.

Ozodlik bilan suhbatda bu gapga aniqlik kiritgan Chagayev sport ham omad ishi ekaniini urg‘uladi. “Agar yutsam, g‘alabamni O‘zbekiston mustaqilligiga atagan bo‘lardim” deydi armon bilan Chagayev.

Ammo Chagayev anglamagan mantiqni men tushundim. Germaniyadagi jangohga yig‘ilgan 6000 tomoshabin va ARD telekanalining 70 million tomoshabini ko‘zi oldida o‘zbek bayrog‘i ko‘tarilib gimn yangrashi mag‘lubiyat emas¸ muzaffariyat edi menimcha.

2011 yilning 28 avgusti Erfurtda Ruslan Chagayev kuni bo‘ldi.

Jang tugagach, bino oldidagi ekskavatorlar ham boshini egib Ruslanni sharaflashdi.
XS
SM
MD
LG