Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:25

Blog: O‘shning ko‘z yoshi qachon to‘xtaydi?


Ichimdagi dardni yozmasam, o‘zimni qo‘ygani joy topolmayapman. Maqolalarga, videolarga kirita olmagan dardlarim anchagina.

O‘shda bir hafta bo‘lgan esam-da, xayolimda bir oy yurgandek bo‘ldim.

O‘shdagi kayfiyatni his etmoqchi bo‘lganlar bugungi kunda o‘sha shaharga borishlari kerak ekan. Bir yil oldingi O‘sh bilan bugungi O‘sh orasida farq katta.

Qonun kim uchun?

Bu savolga javob yozmasam ham nima demoqchi bo‘lganimni tushungandirsiz. O‘shda bugun qonun bir tomonlama ishlayapti. Shaharda shu choqqacha ham noqonuniy hibsga olishlar to‘xtamagan. Qonun asosida tergovchi qabuliga chaqiruv qog‘ozi bilan chaqirish allaqachondan buyon o‘zbeklar uchun daxldor bo‘lmay qolgan.

Ko‘chada ketayotganida, bozorga tushganida, mashinasi bilan chiqqanida baquvvat erkaklar tomonidan qorniga bi-ir urib olib ketilayotgan o‘zbek erkaklari qancha, deb o‘ylaysiz?

Novvoylar, taksi haydovchilari, oddiy o‘zbeklaru bu millatga mansub puldorroq odamlar... Ularning istalgani istalgan paytda hibs qilinishi mumkin.

Ularni yo qotillik va boshqa jinoyatlarda ayblashadi, yoki ulardan pul undirishadi. Kamida 500 AQSh dollaridan boshlanadigan "o‘lpon" "mijoz"ning cho‘ntagiga qarab bir necha ming dollargacha chiqishi mumkin. Qarzga botganlarning soni ham anchagina. Erlarining hibsga olinishidan cho‘chib qolgan ayollar ularning bu haqda jurnalistlarga gapirib berishidan ham qo‘rqishadi.

Qiynoqlarning turlari ham ko‘p ekan. Boshiga kiydirilgan suv qog‘oz xaltalarni yirtib tashlagan yigitlar ham O‘shda ko‘p topiladi. Bu qiynoqlarning faqat bitta turi, xolos.

Rasmiylar esa bu haqda intervyu berishni istamaydi. Uch kun kutganim intervyuni baribir ololmadim - har safar rasmiylar biror-bir sababni ro‘kach qilishadi. "Balki mening savollarimga javobi yo‘qligidan bahona topayotgandir?" deb o‘ylayman o‘zimcha.

"Men dardimni kimga aytaman?"

Bugun o‘zbeklarni eshitadigan mahalliy jurnalistlar deyarli qolmagan.

Keladigan xorijiy jurnalistlar ularning dardini eshitadiganlar yagona kishilar bo‘lib qolgan.

Yig‘i, alam, iztirob... Erkaklarning uvvos solib yig‘lashini O‘shda ko‘rdim. Jonidan to‘yib, dardini dasturxon qilganlarni ham O‘shda uchratdim.

Katalaklarga sig‘mayotgan o‘shliklar

Ikki xonali uyda tiqilib yashayotgan oilalarning hovlilari qum-tuproq bilan to‘lib ketgan. Ilgari gulzor bo‘lgan hovlilarni ko‘rib achinib ketdim. Bu uylarda gaz ta‘minoti ham yo‘q. Mana bir yildirki, o‘choqda ovqat pishirayetgan oilalar o‘tin topish bilan ovora.

Tinchlik haqida

Rasmiylar tinchlik haqida gapiradi. Odamlarni do‘stlikka chaqirmoqda. Bunday uchrashuvlar bugungi O‘shda ko‘p o‘tkazilmoqda. Ammo tinchlikning o‘zi bormi? Men bilan birga yurgan haydovchini ko‘z o‘ngimda qirg‘iz millati vakili hech bir sababsiz urib qo‘ydi. Zabardast o‘zbek yigiti javob zarbasini berishdan o‘zini tiydi. Uydagi qariya otasini o‘ylab, kuchi yetsa ham mushtlashib o‘tirmadi. Urib qo‘ysa, qamab qo‘yishadi-da.

O‘shliklar ehsonlarda qatnashayotganlar shahar merning gapini boshni egib eshitadi. Kimdir istehzo bilan kulib qo‘yadi, kimdir teshib yuborgudek qaraydi. Dardini aytay desa, qo‘rqadi.

Qarg‘ish

O‘shni tark etayotganimda bir haydovchi meni aeroportgacha tashlab qo‘ydi. U kishi bilan yo‘l-yo‘lakay gaplashib ketdik. Suhbatimiz yana o‘tgan yilgi qirg‘in haqida bo‘ldi.

Yoshi 40 dan oshgan hamrohim suhbat chog‘ida bir voqeani esladi. Uning aytishicha, qirg‘indan so‘ng 17 jasadni bir qabrga qo‘yishgan. O‘sha paytda imomlardan biri qarg‘ish eng so‘nggi nuqta ekanligini aytib, mingga yaqin o‘zbekning qo‘li duoga ochilgan paytda qotillarni qarg‘agan.

- Rahmatli onam doim meni hech kimni hech qachon qarg‘amaslikka chaqirardi. Qarg‘ish yomonligini keksalardan ham eshitganman. Agar islom dinidan boxabar imom o‘tgan yilgi qotilliklarni ko‘rib, qarg‘agan bo‘lsa, o‘zingiz xulosa qilavyering, - dedi ko‘zidan oqayotgan shashqator yoshlarni to‘xtatolmagan hamrohim.

"O‘shda tinchlik, adolat qachon o‘rnatiladi?" Bu savolga O‘shdan javob topa olmay qaytdim.
XS
SM
MD
LG