Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:15

Blog: Stalin va "anjancha baliq kuni"


Har narsaning ustidan kulishga oshiqaman, aks holda yig‘lagan bo‘lardim, degan edi Per Ogyusten Bomarshe.

O‘zbeklar farang yozuvchisining bu gaplariga quloq tutsa, menimcha foydadan holi bo‘lmaydi. Chunki O‘zbekistonda keyingi paytlarda ro‘y berayotgan voqealardan kulmasangiz, yig‘lab yuborishingiz hech gap emas.

O‘tgan hafta Toshkent viloyatining Soyliq qishlog‘ining antiqa kishilariga qarashli antiqa kolleksiyalar musodara qilinganini yozdi, Farg‘ona.ru sayti. Lazokat Normirzayevaning tomorqasi to‘rini sobiq ittifoq KPSS 20-se‘zdidan beri egallab turgan xalqlar otasi Iosif Stalinning byusti olib ketildi. Xabarga ko‘ra, yana bir soyliqning uyidan Sovyet yetakchilari va qahramonlarining haykalchalariyu portretlari olib ketilgan.

Andijon viloyatida esa, Uznews.net sayti aldamayotgan bo‘lsa, yuqoridagi voqeaga bevosita emas bilvosita bog‘liq hodisa ro‘y bergan. Viloyat hokimi Axmatjon Usmonov qarori bilan “baliq kuni” joriy qilindi. Hokimning qaroriga amal qilinadigan bo‘lsa, endi haftaning har chorshanba kuni Andijon viloyatidagi umumiy ovqatlanish shoxobchalarida albatta baliqdan tayyorlangan taomlarning sotilishi shart. Andijonda “xalq ommasining siyosiy ongi” to‘g‘ri ishlasa, “jamiyat yacheykasi” hisoblanmish har bir oila boshlig‘i chorshanba kuni o‘z xonadoni ahlini baliqli kechki ovqat bilan ta‘minlashini kutish mumkin, albatta. Tasavvur qiling Andijonning Baliqchi tumanidagi mahalladan o‘tib ketyapsizu, qovurma baliq, sardak ichidagi cho‘rtan, laqa baliq kotleti, sazandan tayyorlangan sufle, xumbosh baliqdan tayyorlangan “anjancha sushi” va boshqa turli-tuman baliq taomlarining bo‘yi dimog‘ingizga urib turibdi. Bay-bay-bay!

Bundan tashqari baliqning odam salomatligi uchun foydali tomonlarini ham aytib o‘tish joiz. Ozodlik “Salomatlik” dasturining sobiq muallifi sifatida aytishim ham mumkin ediyu, lekin baliqdagi A, D, E, temir, fosfor, kalsiy, magniy, sink kabi odam salomatligi uchun o‘ta foydali moddalar borligini kaminadan avval olimlar isbotlab berishgan. Albatta, hokim Axmatjon Usmonov buni biladi va chorshanbani viloyat miqyosida baliq kuni deb e‘lon qilar ekan, o‘zini suvga tushgan baliqday erkin his qilgan bo‘lishiga shubha qilishga haqli emasmiz.

Lekin baliq bilan bog‘liq boshqa fikrlar ham bor. “Baliq boshidan sasiydi”, degan xalq maqolini e‘tiborga olmaganda ham. Yaqinda AQShda eng nufuzli hisoblangan Harvard univyersiteti olimlarni baliqni iste‘mol qilishni suiste‘mol qilishning oqibatlaridan ogohlantirdi. Baliqni haddan tashqari ko‘p yeyish qand kasalligiga olib keladi deyishmoqda amerikalik ovqatshunos olimlar (albatta, O‘zbekistonda insulin ishlab chiqaradigan zavod qurilayotgani inobatga olinsa bu muammo Andijon hokimi uchun cho‘t emasligini aytish ham mumkin).

Bundan tashqari baliq indamas ekan, deb uni yeyavyerish ham insofdan emas. Darvoqe sovyet davrida ham baliq kuni bo‘lardi. Sovyet kishilarining o‘z grajdanlik burchini ado eta turib, har payshanba kuni baliq yeyishlari “ham qarz, ham farz” edi. Lekin O‘zbekistonda, ayniqsa Vodiyda payshanba kuni palovxonto‘ra uchun ajratilganini nega Axmatjon aka inobatga olmadi, deydiganlar bormi? Endi baliq indamas ekan, deb uni oshga qo‘shib yeyish ham to‘g‘ri emasda. Vodiyliklar askiyachi xalq keladi, Axmatjon aka ham bundan mustasno emas.

Andijonda chorshanba baliq kuni, deb e‘lon qilingani va Soyliq qishlog‘ida musodara qilingan anitiqa kolleksiyalarning orasida bog‘liqlikni tushuntirishdan avval bu kolleksiya haqida fikrimni aytib o‘tsam.

Farg‘ona.ru agentligi aldamayotgan bo‘lsa, Stalinning byusti o‘tgan asrning 56 yilida KPSS 20-s‘ezdida o‘sha paytda Markazqo‘m birinchi kotibi Nikita Xrushchyov “xalqlar otasi”ga haddan ortiq sig‘inilayotganini fosh qilganidan keyin soyliqlik Lazokat Normirzayevaning tomorqasiga ko‘chgan. Uning hamqishlog‘i Lenin va boshqa sovyet qahramonlarining portret va haykalchalarini ham anchadan beri kolleksiya qilib kelgan va Soyliq qishlog‘ining diqqatga sazovor “qadamjosi”ga aylangan. Lekin Stalin shaxsiga sig‘inish fosh etilganiga 55 yil, boringki O‘zbekiston mustaqil bo‘lganiga 20 yil o‘tib ham bunga hech kim, na mahalla, na qishloq, na tuman, na viloyat va na respublika mutasaddilari e‘tibor qaratdi. Axir Lenin va Stalin, ular yaratgan tuzum yuz minglab o‘zbeklarning qatag‘on qilgani isbotlangan faktku.

Menimcha, buni e‘tiborga olib Stalin byusti bilan birga ba‘zi mutasaddilarning tanobi tortib qo‘yilsa ham, foydadan holi bo‘lmaydi.

Lazokat opaga aytadiganim: opa xafa bo‘lmang, rassom tanishimning aytishicha, tomorqangizda 55 yildan beri saqlab kelganingiz haykal badiiy jihatdan bir tiyinga qimmat asardir. Stalin shaxsiga kelsak, uning qo‘lidan aziyat chekkanlar yuz minglar orasida sizning ham qarindoshlaringiz bo‘lgan bo‘lishi hech gapmas.

Endi Andijon hokimi e‘lon qilgan baliq kuni bilan Stalin shaxsi orasidagi bog‘liqlik, to‘g‘rirog‘i Axmatjon Usmonov bilan Iosif Stalin o‘rtasidagi o‘xshashlik haqida. Sobiq ittifoq davrida har payshanba kuni sovyet kishilari albatta baliq tanovvul qilishi to‘g‘risidagi qarorni Stalin hukumati chiqargan edi. O‘shanda ham bu qarordan maqsad, huddi Andijon hokimi viloyat miqyosida erishmoqchi bo‘lgani kabi, mamlakatda baliqchilikni rivojlantirish bo‘lgan.

Shuning uchun yillar o‘tib Andijon viloyati Baliqchi tumanining Baliqchi qishlog‘idagi yana bir Lazokat opaning tomorqasida ham Axmatjon Usmonovning alebaster yoxud bronzadan yasalgan byusti paydo bo‘lishiga shanslar bor.

Har chorshanba kuni baliq yeyishga majbur qilinayotgan andijonliklarga esa farang yozuvchisi Bomarshening gaplariga amal qilishlarini maslahat berishdan boshqasiga ojizman.

Muallif: Farruh Yusufiy
XS
SM
MD
LG