Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 19:21

Bolalarga paxta terdirishning yo‘li topildi


G‘arb siyosatchilari va tashkilotlar O‘zbekistondagi bolalar mehnatini "zamonaviy qullikning yorqin misoli", deya baholaydi.
G‘arb siyosatchilari va tashkilotlar O‘zbekistondagi bolalar mehnatini "zamonaviy qullikning yorqin misoli", deya baholaydi.
Bolalarni qishloq xo‘jaligi ishlariga faqat darsdan keyin va ko‘ngilli ravishda jalb qilish mumkin. Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi, O‘zbekiston fermer xo‘jaliklari uyushmasi va O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi bayonot tarqatdi.

Bayonotda aytilishicha, ayrim "noxolis xorijiy tashkilotlar va ommaviy axborot vositalarining O‘zbekistonda bolalarni ommaviy tarzda qishloq xo‘jalik ishlariga jalb qilish borasida tarqatgan turli xil yolg‘onlari va bo‘htonlari" O‘zbekiston qishloq xo‘jlaigi mahsulotlari, xususan paxtaning "yuqori reytingiga" putur yetkazish maqsadida tarqatilmoqda.

"Bu bo‘htonlar o‘zbek paxtasining tashqi bozordagi obro‘sini pasaytirishga xizmat qiladi. O‘zbekistonda barcha paxta hosili fermerlarning o‘zlari tomonidan yig‘ishtirib olinadi va fermerlar bolalarni ommaviy tarzda paxta terimiga jalb qilishdan iqtisodiy manfaatdor emaslar", deyiladi bayonotda.

Bayonot mualliflari, bolalarning turli xil ishlarga majburiy jalb qilinishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta‘kidlar ekan, ayni paytda, 15 yoshdan yuqori bo‘lgan bolalar, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘qish mavsumi tugagunga qadar mehnat tarbiyasi maqsadida, ko‘ngilli tarzda va ota-onalarning ruxsati bilan qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilinishi mumkinligini aytib o‘tadi.

“Qishloq xo‘jaligi mahsulot ishlab chiqaruvchilari, jumladan fermer xo‘jaliklari 15 yoshdan yuqori bo‘lgan bolalarni ko‘ngilli tarzda ishga jalb qilar ekan, ular ish haqini odilona to‘lashga, amaldagi qonunchilik asosida mehnat xavfsizligi, tibbiy xizmat va issiq ovqat bilan ta‘minlash majburiyatlarini olishlari lozim”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, bayonotda bolalar faqat o‘qishdan tashqari paytda mehnat bilan shug‘ullanishlari mumkinligi va bu qoidani buzgan shaxslar O‘zbekiston qonunchiligida ko‘rsatilgan moddalar bilan ta‘qib qilinishi ham aytib o‘tilgan.

Biroq xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar O‘zbekisitondagi uchta nufuzli idoraning qo‘shma bayonotini shu paytgacha qabul qilingan, biroq bajarilmay kelayotgan bayonotlar sirasidan ekanligini aytmoqdalar.

Mustaqillikning o‘tgan 20 yili davomida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida bolalar mehnatidan foydalanmaslik haqida qator qarorlar va qonunlar qabul qilindi. Prezident Karimovning o‘zi baland minbarlardan bolalarni paxta ishlariga jalb qilmaslik haqida biri necha bor gapirdi. O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev ham bolalarni paxta terimiga jalb qilmaslik haqida qaror qabul qilgan edi.

Biroq bu qarorlarning hali siyohi qurimay turib, bolalar ommaviy tarzda yana qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilindi va paxta dalalariga haydali.

Darvoqe, bu bayonot e‘lon qilingan shu kunlarda maktab bolalari paxta dalalarini o‘toq qilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston rasmiylari bolalar mehnati muammosiga bag‘ishlangan xalqaro yig‘inlarda o‘zbek bolalari paxta yig‘im-terimiga majburan emas, balki ko‘ngilli ravishda, ota-onalariga yordam berish maqsadida chiqishlarini ta‘kidlab, "bolani yoshlikdan mehnatga o‘rgatishning nimasi yomon?" qabilidagi bahonalarni aytib kelishadi.

Shu boisdan so‘nggi bayonot ham O‘zbekistonda bolalar mehnati muammosi hal etilmaganini xaspo‘shlash yo‘lidagi navbatdagi bahona sifatida baholanmoqda.
XS
SM
MD
LG