Линклар

Bosh prokuratura millatchilikka oid iddaolarni rad etmoqda


Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi mas‘ullari mahalliy huquq himoyachilarining O‘sh va Jalolobod voqealari yuzasidan sudlarda millatchilik qilinayotgani borasidagi bayonotlarini asossiz, deb hisoblaydi.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi mas‘ullari mahalliy huquq himoyachilarining O‘sh va Jalolobod voqealari yuzasidan sudlarda millatchilik qilinayotgani borasidagi bayonotlarini asossiz, deb hisoblaydi.

O‘sh qirg‘inida qotillik holatlari bo‘yicha ochilgan 200 ta jinoyat ishi sudlarga o‘tkazildi. Bu haqda Qirg‘iziston Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Risqul Baqtibayev ma‘lum qildi.

Risqul Baqtibayev ma‘lumotlariga ko‘ra, O‘sh voqealari yuzasidan 5511 ta jinoyat ishi ochilgan, ulardan 531 tasi odam o‘ldirish holatlari yuzasidan qo‘zg‘atilgan. Bundan tashqari, zo‘rlashlar, uylarga o‘t qo‘yish, talonchilik va odam o‘g‘irlash holatlari yuzasidan ochilgan jinoyat ishlari ham juda ko‘p.

- Biz sudlarga 200 dan oshiqroq jinoyat ishlarini o‘tkazib berdik. Ulardan 151 tasi sudlarda ko‘rib chiqildi. Bu 151 ta jinoyat ishi yuzasidan 311 odamga nisbatan hukm o‘qildi, - dedi Risqul Baqtibayev.

Bosh prokuror o‘rinbosarining aytishicha, ayni paytda O‘sh qirg‘ini yuzasidan uch tergov guruhi tashkil etilgan bo‘lib, qolgan jinoyatlarni ham fosh etish yuzasidan tergov va qidiruv ishlari olib borilmoqda.

Asnoda qirg‘izistonlik huquq himoyachilari mamlakatdagi kuch ishlatar tizimlar O‘sh voqeasi yuzasidan bir tomonlama tergov va sudlov amaliyotini olib borayotganini keskin tanqid qilib chiqmoqdalar.

Bishkekdagi “Qilim shami” nodavlat tashkiloti bir necha oy mobaynida Qirg‘iziston janubida O‘sh voqeasi yuzasidan o‘tkazilgan sud jarayonlarini monitoring qilgan. Bu tashkilot tarqatgan bayonotga ko‘ra, iyun voqeasida ayblanib, uzoq muddatlarga qamalganlarning asosiy qismi qirg‘iz bo‘lmagan millat vakillaridir.

- Biz 28 ta sud jarayonini kuzatdik. 16 ta sud jarayonida sudlanuvchilar o‘zlarining qiynoqlarga solinganini aytishdi. Ammo sud bu bayonotlarni e‘tiborga olmadi. 28 sud jarayonida 87 odam sudlanayotgan bo‘lsa, ulardan 82 nafari o‘zbek, 5 nafari esa qirg‘izdir, - deydi “Qilim shami” nodavlat tashkiloti rahbari Gulshayir Abdurasulova.

Bishkekdagi huquq himoyachilariga ko‘ra, O‘sh qirg‘inida ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan 30 nafar odamning 2 nafari qirg‘iz, qolganlari esa o‘zbek millatiga mansubdir.

Ammo Bosh prokuror o‘rinbosari Risqul Baqtibayev huquq himoyachilarining millatchilik borasidagi bayonotlarini asossiz, deb hisoblaydi.

- Men millatiga qarab muomala qilinayapti, degan so‘zga mutlaqo qo‘shila olmayman. Chunki jinoyatchining millati yo‘q. Bosh prokuratura tergov va sudlov tuzilmalarida millatchilikka qarshi keskin kurashib kelmoqda. Biz bu borada arizalarni ham qabul qilganmiz, - dedi Risqul Baktibayev.

Biroq Bosh prokuratura rasmiysi sud va tergov jarayonidagi millatchilik ko‘rinishlari yuzasidan qancha holat aniqlangani va qanday choralar ko‘rilgani haqida ma‘lumot bera olmadi.

Aytib o‘tish lozimki, bir necha kun oldin prezident Roza O‘tunbayeva tergov tuzilmalaridagi millatchilik, O‘sh voqeasi yuzasidan qo‘lga olingan mahbuslarga qiynoqlar qo‘llanishi yuzasidan bayonot bergan huquq himoyachilari bilan uchrashgan edi.

Bu uchrashuvning ertasi kuni prezident yopiq eshiklar ortida huquq-tartibot tuzilmalari rahbarlari bilan kengash o‘tkazgan. Bu yig‘inda prezident O‘sh qirg‘ini yuzasidan bir tomonlama tergov va sudlov o‘tkazilishiga qarshi ekanini bildirgani aytiladi.
XS
SM
MD
LG