Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:25

Bravo, Guli!!!


Guli moda shousidan keyin model qizlar va gullar qurshovida.
Guli moda shousidan keyin model qizlar va gullar qurshovida.
O‘tgan hafta Moskvada Mercedes-Benz Modalar haftasi boshlandi. Tadbirning uchinchi kunida o‘zbekistonlik dizayner Guli bichgan ko‘ylaklar namoyish qilindi.

Guli bu prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovadir. Moda, ayniqsa ayollar liboslarida hech vaqo tushunmaganim bois Guli bichgan ko‘ylaklarga baho bera olmayman. Lekin bu ko‘ylaklar 2 aprel kuni Moskvadagi Xalqaro savdo markazi zalida o‘tkazilgan namoyishga yig‘ilganlar tomonidan yaxshi qabul qilinganini aytish mumkin. Har qalay Guliga shunday tuyulgani aniq. Chunki shoudan keyin Guli “o‘z muvaffaqiyatini” Moskvadagi eng hashamatli restoranlardan biri hisoblanmish “Bolshoy”da “yuvib” berdi.

Gulonora Karimova uyushtirgan bazmi-jamshidga tashrif buyurgan 150 mehmon orasida, “Bolshoy” restorani xodimlarining aytishicha, Rossiyaning eng oldi oligarx milliarderlari Alisher Usmonov va Iskandar Mahmudov, jinoyat olamida “Tayvanchik” deya nom chiqargan "avtoritet" Olimjon To‘xtaoxunov, qo‘shiqchi Fillip Kirkorov, bir nechta senator va deputatlar, “qandaydir turk oliftasi” va boshqa boyvachcha va korchalonlar bo‘lgan.

“Bolshoy” restorani xodimlariga ko‘ra, xayriya kechasi, deb rasmiylashtirilgan va uning xarajatlarini O‘zbekistonning Ispaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi Gulnora Karimova homiylik qiladigan “O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasi ko‘targan. "Xayriya kechasida yo O‘zbekiston madaniyatini rivojlantirish, yo yetim bolalarni siylash uchun moliyaviy ko‘mak yig‘ilishi aytilgan edi", dedi “Bolshoy” restorani ofitsiantlaridan biri kamina bilan xos suhbatda.

Lekin barcha mehmonlar to‘plangach yetimlarga yordam berish maqsadida uyushtirilgani aytilgan “xayriya kechasi” dizayner Guli va ayni paytda O‘zbekistonnng BMTdagi vakilasi Gulonora Karimova yasagan qimmatbaho taqinchoqlar shousiga aylanib ketgan.

Ofitsiant qizning aytishicha, Guli “xayriya kechasi”da mehmonlar uchun tortilgan tansiq meva va milliy yeguliklarni O‘zbekistondan maxsus samolëtda o‘zi bilan olib kelgan. “Restoranimiz faqat ichimliklarni yetkazib berdi”, dedi ofitsiant qiz.

Mezbon o‘zbekistonlik, dasturxon o‘zbekcha, mehmonlar asosan rossiyalik bo‘lsa-da, “xayriya kechasi” “Landon” yoki “Los Anjelos”ning eng olijanob xonadonlarida o‘tkaziladigan ziyofatlardan qolishmagan. Guli yasagan taqinchoqlarning har biri namoyish qilinganda¸ gulduros qarsaklaru “bravo” qichqiriqlaridan tashqari, “ruschasiga ancha otib olishgan” mehmonlar har safar mezbonning qo‘liga o‘pichlar qo‘ndirishgan. “Lekin boyaqishni qo‘lini o‘pishavyerib, xunob qilib yuborishdi. Men ko‘p kechalarni ko‘rganman, lekin munaqasini!...”, dedi xos suhbatda ofitsiantlik qilgan qiz.

Uning aytishicha, “xayriya kechasi”ning eng asosiy “nomeri” Guli brendi nomi bilan qimmatbaho toshchalar bilan “bezatilgan” iPhone telefonining taqdim etilishi bo‘lgan. “Yaltir-yultur” iPhone ko‘rsatilganidan keyin Gulining qo‘lini, ayniqsa ko‘p o‘pishgani va, ayniqsa¸ Fillip Kirkorov uning oldidan ketmasdan o‘pichbozlikda jonbozlik ko‘rsatganini gapirib berdi “Bolshoy” restoraninig yana bir xodimi.

“Bolshoy”dagi “xayriya kechasi”da namoyish qilingan Guli nomidagi iPhone va taqinchoqlarning yetim-yesirlarga yordam berish yoki O‘zbekiston madaniyatini ko‘tarishga aloqasi bo‘lganmi, buni aytish qiyin.

Lekin prezidentning to‘ng‘ich qizi, ayni paytda Ispaniyadagi O‘zbekiston elchisi, ayni paytda BMTdagi O‘zbekiston vakili, ayni paytda O‘zbekiston madaniyati va san‘ati, yetim-yesirlar va yoshlar homiysi, ayni paytda qo‘shiqchi Gugusha, ayni paytda dizayner Guli va ko‘plab boshqa lavozim va maqomlar sohibi Gulonora Karimovaga aloqador ko‘plab internet nashrlari Moskvaning hashamatli “Bolshoy” restoranida “xayriya kechasi” o‘tkazilgani haqida xabar bermadi.

Xabarlari bo‘lmagandirda...

So‘nggi so‘z o‘rnida: O‘zbekiston madaniyati va san‘atining bugungi ahvoli o‘ta ayanchli va haqiqatan yordamga muhtojligiga Savitskiy nomidagi Nukus san‘at muzeyidan rus avangard rassomlari mo‘yqalamiga mansub 2000 dan oshiq noyob va qimmatbaho asarlarning yo‘qolgani yaqqol misoldir.

Kuni-kecha esa "O‘zbekkino" milliy agentligi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda, Moskvadagi kinoarxivda saqlanayotgan "O‘zbekfilm" asarlaridan nusxa olish uchun 1000 AQSh dollari topilmayotganini aytdi.
XS
SM
MD
LG