Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:15

“Bu yil tolkachlarning oshig‘i olchi bo‘ldi”


Bugun ham O‘zbekiston oliygohlari chor-atrofi xuddi test (2 avgust) kuni kabi gavjum bo‘ldi.
Bugun ham O‘zbekiston oliygohlari chor-atrofi xuddi test (2 avgust) kuni kabi gavjum bo‘ldi.
14 avgust kuni O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga qabul imtihonlarini topshirgan test natijalari e‘lon qilindi.

O‘zbekistonlik abituriyent Sardorbek 2 avgust kuni oliygohga test imtihoni topshirgan edi.

- 145 ball bilan geografiya fakultetiga byudjetga kirdim. Beshinchi o‘rinda kirdim, - deydi endilikda talaba bo‘lgan Sardorbek.

U 14 avgust kuni oliygohga borib, o‘sha yerda test natijalarini bilganini aytadi.

Ayni paytda kuzatuvchi bo‘lgan jizzaxlik Jasurbekning aytishicha, aksariyat abituriyentlar SMS orqali qabul imtihon natijalarini aniqlashgan.

- Bu yil asosan SMS orqali test natijasini bilishayapti. 5151 raqamiga abituriyent nomerini jo‘natasiz. Kompaniyadan sizga necha ball to‘plaganingiz haqida batafsil ma‘lumot keladi. Uzoqdan kelib topshirganlar SMS jo‘natib, natijasini bilishayapti, shaharning o‘zida turadiganlar borib ko‘rishayapti, - deydi Jasurbek.

Davlat test markazi saytida yozilishicha, SMS orqali test natijasini bilish abituriyentlarga 0.75 sentga tushgan.

Jizzaxlik Jasurbek bu yil oliygohlarga topshirgan abituriyentlar orasida “tolkach” usulidan keng foydalanilganini aytadi:

- Endi bu yil respublika institutlariga hujjatlarni 30 mingta bola ko‘p topshirgan edi. Shuni boshida tushunmagan edim. 30 mingta odam ko‘p topshirgani bu odamlar “tolkach” ekan. “Tolkach” degani siz imtihonga kirganingizda, sizga javoblarni ishlab beruvchi odam. Bu yil ko‘pchilik “tolkach” olib kirgan. Toshkentda “tolkach” olib kirganlarning hammasi, 100 foiz o‘qishga kiribdi. Ular asosan kontrakt kirgan. Viloyatdagi politexnika, pedagogika institutlariga kirish uchun “tolkach” olib kirganlar hammasi 100 foiz grantga kiribdi. Aniq bilishimning sababi - “tolkach” olib kirgan o‘rtoqlarim telefon qilishdi, ular hammasi byudjet kirdi. Adashib kira olmay qolgani ham yo‘q, - deydi kuzatuvchi Jasurbek.

Uning aytishicha, “tolkach”lar test imtihonlariga abituriyent bilan birga imtihon topshirgani kirgan o‘qituvchilardir.

- “Tolkach”lar talabalar emas, balki o‘qituvchilar, repetitorlar. Ular ham siz bilan birga imtihonga test topshiradi. Test topshirganidan keyin siz bilan birga o‘tiradi, sizning test varag‘ingizni yechib beradi va siz o‘qishga kirib ketasiz. “Tolkach”ning narxi politexnika institutiga 3 million so‘m, pedagogika institutiga 4 million so‘m, deb eshitdim. Asosiy ikkita fanni yechib beradi. Chunki ular ham ballni unchalik ko‘tarib yubormaslikni bilishadi. Asosan 120-100 ball atrofida bo‘ladi, - deydi jizzaxlik Jasurbek.

Andijonlik Jahongir bu yil 6 ta abituriyentni oliygohlarga kirish uchun davlat test imtihonlariga tayyorlagan. Shulardan 5 nafari oliygoh talabalari bo‘libdi.

- Uchtasi byudjetga kirdi, ikkitasi kontraktga, - deydi Jahongir.

Suhbatdoshimiz Jahongir ham bu yil “tolkach” usuli ish berganini aytib o‘tdi:

- Davlat grantining 90 foizini shu “tolkach”lar egallagan. Bu o‘zi avvaldan bor, 1999- 2000 yillarda paydo bo‘lgan. Hozir juda ommalashgan. Hatto qo‘lga tushganlar bo‘lgan. Jinoiy ish ochilganlar ham bor. Kecha Jizzaxga kelayotganimizda taxminan 14 ta domla tergov ishlariga jalb qilinganini aytishdi, - deydi Jahongir.

2 avgust kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan test sinovlarida 400 mingdan ziyod abituriyent 62 ming talaba o‘rni uchun imtihon topshirgan edi.

O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayoni 1992 yildan boshlab test sinovi asosida amalga oshirilmoqda.

Sinov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi qoshidagi Davlat test markazi tomonidan tashkil etiladi va o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda oliy ta‘lim tizimi eng korrupsiyalashgan tizimlardan sanaladi va abiturentlarni yashirin yo‘llar bilan, pora evaziga oliy o‘quv yurtlariga kiritish tizimlari shakllangan an‘ana ekani aytiladi.
XS
SM
MD
LG