Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:42

Bug‘doy pishiqchiligida bug‘doy qimmatladi


Hosil yig‘ilaëtgan ayni kunlarda O‘zbekistonda un va bug‘doy narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch barobarga qimmatladi.

Ozodlik suhbatlashgan oddiy o‘zbekistonliklarga ko‘ra¸ har yili bug‘doy o‘rimi paytida mamlakat bozorlaridagi bug‘doy narxi 50 foizgacha arzonlab ketar edi. Biroq bu yil buning aksi kuzatilayapti.

5 iyul kuni O‘zbekistonning barcha viloyatiga qo‘ng‘iroq qilib vaziyatni o‘rganish jarayonida ma‘lum bo‘lishicha, ayni kunlarda mamlakatning barcha hududlarida bug‘doy narxi balandligicha qolayapti.

- Unning bir kilosi 1500 so‘m, bug‘doyning bir kilosi 1000 so‘mdan baland,- deydi buxorolik Jaloliddin aka.

- Xalq qiynalib ketdi. Bug‘doy yo‘q, bozorda 1200 so‘mgacha. Shu narxda ham topish qiyin,- deydi surxondaryolik Olim aka.

- Magazinda un yo‘q. Pul bor, un yo‘q. Tegirmondagi unlar 1300-1400 so‘m. Bug‘doyning tagi yo‘q. Endi qanaqa qilib yashab bo‘ladi? Magazinda bir oyga kishi boshiga 1 kilo 200 gramm un berayapti. O‘sha ham vaqtida bermayapti,- deydi namanganlik Isohjon aka.

- Toza bug‘doy 1000 so‘m, sal iflosrog‘i 800 so‘m. O‘tgan yili arzon edi. Bu yil uch barobarga qimmatlab ketdi. O‘tgan yili toza bug‘doy 350 so‘m, iflosrog‘i 250 so‘m edi,- deydi qashqadaryolik Jo‘ra Murodov.

- Hozir bozorda bug‘doyning bir kilosi 900 so‘m, 950 so‘mgacha. Samarqandning Oqdaryo tumanida, kecha bozor shunday narxda bo‘ldi. Tegirmonning uni 1300so‘mgacha,- deydi samarqandlik Muxtor aka.

Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Navoiyda bir kilo bug‘doy narxi bozorda 1000 so‘mdan sotilayapti. Farg‘ona, Andijon, Sirdaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlarida ham bir kilo bug‘doy narxi 950-1000 so‘m atrofida baholanmoqda.

Jizzaxlik Azimjon akaga ko‘ra, un va bug‘doy narxining ko‘tarilishi buxanka va tandir nonlariga ham ta‘sir qilayapti.

- Jizzaxda bir buxanka non 700 so‘m, tandir non 600 so‘mga ko‘tarildi,- deydi jizzaxlik Azimjon aka.

Namanganlik Ismoil akaga ko‘ra, bug‘doyning qimmatligi mahalliy bozorda Qozog‘iston unining narxi ko‘tarilishiga ham sabab bo‘layapti.

- Do‘konlarda Qozog‘iston unini topish mumkin. Ular ham qimmatlayapti. Bir qop qozoq uni 96 ming so‘mdan sotilayapti. Bu juda qimmat,- deydi Ismoil aka.

Ozodlik muxbiri suhbatlashganlar bug‘doy qimmatligi boshqa mahsulotlarning ham narxi ko‘tarilishiga sabab bo‘layotganini aytishdi.

Masalan, deyarli o‘n kun avval 1000-2800 so‘mdan sotilayotgan somonning presslangan bir toyi narxi shu kunlarda Surxondaryoda 6000 so‘mgacha ko‘tarilgan.

Namanganlik Ismoil aka so‘nggi kunlarda go‘sht narxi oshganini aytib, buni ham bug‘doy qimmatligi bilan bog‘laydi.

- Bug‘doy taqchil bo‘lgani uchun narx-navo qimmatlab ketayapti. Go‘shtning narxiga ham ta‘sir qilayapti. Bir kilo qo‘y go‘shti 16 ming so‘m, mol go‘shti 14 mingga chiqdi,- deydi namanganlik Ismoil aka.

Bug‘doy qimmatligi bu yil mamlakatning janub viloyatlarida qurg‘oqchilik bo‘lib, yog‘ingarchilik bo‘lmagani bois bug‘doy hosili kam bo‘lgani bilan izohlanmoqda.

Qashqadaryolik fermer Jo‘ra Murodovga ko‘ra, bu yil aksar fermerlar bug‘doy bo‘yicha belgilangan rejani bajara olmadilar.

- Bu yil suvsiz, lalmikor yerlarda bug‘doy bo‘lmadi. Suvli joylarda yaxshi bo‘ldi. Bu yil yog‘ingarchilik bo‘lmagani, qurg‘oqchilik bo‘lgani uchun hosil yaxshi bo‘lmadi. Fermerlar bug‘doy shartnomasini bajara olmadi. Bu hech kimning aybi emas. Ob-havoning ta‘sirida shunday bo‘ldi,- deydi Jo‘ra Murodov.

Jizzaxdagi “Marhabo” fermer xo‘jaligi bu yil bug‘doy rejasini 103 foizga bajardi. Fermer xo‘jaligi rahbari Mehri Ermatovaga ko‘ra, ob-havo yomonligi fermerlarning bahonasi xolos.

Fermer ayol mamlakatdagi aksar fermerlarning bug‘doy ekish texnologiyalarini yaxshi bilmasligi ortidan joriy yilda bug‘doydan kam hosil olindi degan fikrda.

- Bug‘doy o‘zi ko‘p suv talab qilmaydi. Birinchi navbatda¸ g‘allani yaxshi ko‘kartirib olish kerak, ikkinchidan vyegetatsiya paytida yaxshilab sug‘orish kerak¸ oftob urmasligi uchun. Kim bug‘doyni ekkani zamonoq harakat qilib, sug‘orib qaragan bo‘lsa, bug‘doyi yaxshi bo‘ldi. Kim e‘tibor bermagan bo‘lsa, bug‘doy ololmadi, - deydi fermer ayol Mehri Ermatova.

Qashqadaryolik fermer Jo‘ra Murodov jizzaxlik hamkasbi fikrlarini qo‘llaydi va bug‘doy hosilining yaxshi bo‘lmaganiga o‘tgan yilgi yerlarni optimallashtirish amallari ham sabab bo‘lganini aytadi.

- Bug‘doyning yaxshi bo‘lmaganiga optimallashtirish ham salbiy ta‘sir ko‘rsatdi. Optimallashtirish jarayonida masalan, deylik mening yerim boshqaga qo‘shilgan bo‘lsa, u yoqda u ishladi, bu yoqda men ishladim. Urug‘ni men olganman. Va yerimni qaytib olish harakatida ekishni to‘xtatib turdim¸ yerimni ajratib olaman degan maqsadda. U yoq- bu yoqda hujjat qilaman deb yurib, ikki o‘rtada yer qarovsiz qolib ketdi. Bu yerda fermerlarning ham aybi ko‘p bo‘ldi,- deydi qashqadaryolik fermer.

Jo‘ra Murodov bu yil bug‘doy hosili yaxshi bo‘lmaganiga yana bir sababni keltiradi. Unga ko‘ra, keyingi bir-ikki yil ichida bug‘doy dalalarida paydo bo‘lgan oqbosh nomli begona o‘t bug‘doy hosilining cho‘g‘i pasayishiga sabab bo‘layapti.

- Oqbosh degan begona o‘t bor, u ham boshoqli ekin hisoblanadi. O‘sha nihoyatda ko‘payib ketdi. U chirimaydi ham. Bir yildan keyin shudgor tagida qolib ketsa ham, yana o‘sib chiqavyeradi. Unga qarshi kurash choralari ham bo‘layapti. Yo‘qotadigan dori berayapti. Uni sepgan bilan foydasi bo‘lmayapti. Oqbosh boshida bilinmay turadi. Arpa bug‘doyga ishlov berib, oziqlantirilganidan keyin arpa bilan bug‘doy oqboshning tagida qolib ketadi. Oqbosh ularni siqib qo‘yadi. O‘nta bo‘ri bitta qo‘yga hujum qilganiday gap. Sobiq SSSR davrida urug‘chilikka katta ahamiyat berilar edi. Agar birorta begona o‘t paydo bo‘lsa, karantin qilib, qayta komissiya kelib tekshirib, qaytadan nazoratga olib, uni keyin yana tekshirib sifati nazorat qilinar edi. Har bir mahsulotning sifat belgisi tamg‘asi bo‘lardi. Shu narsa hozir deyarli yo‘q. Ular “nazoratdan o‘tdi” deydi bilmadim. Lekin meni o‘zim ham bug‘doy urug‘i olganman. Urug‘ juda rasvo edi,- deydi Jo‘ra Murodov.

O‘zbekiston Don mahsulotlari hissadorlik kompaniyasi rasmiysi Komil Pirimov Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda O‘zbekistonda bug‘doy hosili kamligi haqidagi iddaolarni rad etdi.

- Hosildorlik yaxshi, yomon emas. Ishlagani mehnat qilgani hosilini olayapti,- dedi Komil Pirimov.

Ozodlik Komil Pirimov bilan bog‘langan paytida, u Qashqadaryoda xizmat safarida bo‘lib, bug‘doy o‘rimi vaziyatini o‘rganayotgan ekan.

Undan Qashqadaryodagi bug‘doy mavsumi borasida so‘raganimizda, “Reja bajariladi” degan qisqa javob berdi, xolos.
XS
SM
MD
LG