Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:27

O‘zbekistonda sudyalar tanlov asosida tayinlanadi va sud tizimi o‘zgartiriladi


O‘zbekistonda bundan buyon sudyalar tanlov asosida tanlanadi. Joriy yilning 1 iyunidan esa O‘zbekistonda Oliy sud, Oliy xo‘jalik sudi birlashtiriladi va vatandoshlik, jinoiy, ma’muriy hamda iqtisodiy masalalar bo‘yicha yagona oliy sudlov tizimi tashkil etiladi. Bu boradagi farmonni 21 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoev imzoladi.

O‘zbekistonda Sudyalar oliy kengashi tashkil etiladi.

Prezidentning “O‘zbekiston respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida aytilishicha, O‘zbekistonda Sudyalar oliy kengashi tashkil etiladi.

Mazkur kengash “sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlov asosida tanlash, malakali va mas’uliyatli mutaxassislar orasidan sudyalarni tayinlash, shuningdek rahbar sudyalik lavozimlariga ko‘rsatish uchun tavsiya berish yo‘li bilan sudyalar korpusini shakllantirish”, sudyalar dahlsizligini ta’minlash, sudyalarni kasbiy tayyorlash, sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini va yagona sud amaliyotini ta’minlash, odil sudlovga erishish darajasini va uni amalga oshirish sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar tayyorlash, sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish, shuningdek, ularni jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortishga xulosa berish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish bilan shug‘ullanadi.

Farmonda keltirilishicha, Kengash raisi prezidentning taqdimnomasiga ko‘ra Oliy Majlisi Senati tomonidan tayinlanadi.

O‘n bir nafar a’zo Kengash raisining taqdimnomasi asosida prezident tomonidan tasdiqlanadi.

Kengashning yana 9 a’zosi esa prezident tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vatandoshlik jamiyati vakillari va huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar orasidan tasdiqlanadi.

Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi birlashtiriladi, ma’muriy sudlar tashkil etiladi

Farmonga binoan O‘zbekistonda Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi birlashtiriladi va vatandoshlik, jinoiy, ma’muriy hamda iqtisodiy masalalar bo‘yicha yagona oliy sudlov tizimi tashkil etiladi.

Bundan tashqari farmonda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Harbiy hay’atini tugatib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atini tashkil etish” ta’kidlangan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlarda va tumanlarda ma’muriy sudlarni tashkil etish ham nazarda tutilgan.

Bugungi kunda davlat organlari harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyatlar vatandoshlik va xo‘jalik sudlari tomonidan,ma’muriy huquqbuzarliklar esa jinoyat sudlari tomonidan ko‘rib chiqilar edi.

1 iyundan boshlab esa bu ishlarning barchasi ma’muriy sudlar tomonidan ko‘riladi. Buning uchun “Ma’muriy sudlov to‘g‘risida”gi va “Ma’muriy protseduralar to‘g‘risida”gi yangi qonunlar ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda.

Farmonga binoan xo‘jalik sudlari iqtisodiy sudlarga aylantiriladi. Ishlarni birinchi instansiyada ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan 71 ta tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tashkil etiladi.

Shavkat Mirziyoev farmoni bilan amaldagi sud majlisi kotibi lavozimi tugatiladi va ularning o‘rniga sudya katta yordamchisi va sudya yordamchisi lavozimlarini kiritiladi.

XS
SM
MD
LG