Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:19

Qozog‘istonda Suriya bo‘yicha tinchlik muzokaralari boshlandi


Muzokaralarda ishtirok etish uchun Ostonaga 22 yanvar kuni Rossiya, Turkiya va Eron vakillari keldi.

AQSh tomoni anjumanda Qozog‘istondagi elchi Jorj Krol Vashingtonni tamsil qilishini bildirdi. Suriya muxolifati esa 50 kishidan iborat delegatsiyasini yuborgan.

Suriya muxolifati vakili Yaxyo al Aridiy mana bularni aytdi:

- Bu yerda ikkita masala muhokama qilinishi kutilayapti. Birinchidan, Turkiya va Rossiya o‘q otishni to‘xtatish bo‘yicha o‘tgan yilning 30 dekabrida imzolagan shartnoma mustahkamlanib, Suriyaning barcha hududlarida amal qilishi lozim. Ayni paytda Suriya rejimi va Eron o‘q otishni to‘xtatish shartnomasi shartlarini buzayotganiga e’tibor qaratish kerak, -dedi Yaxyo al Aridiy.

“Interfaks” agentligining bildirishicha, Suriya muxolifati vakillari Suriya hukumat delegatsiyasi tarkibida harbiylardan ko‘ra siyosatchilar ko‘proq ekanidan norozlik bildirgan. Muxolifatga ko‘ra, ular avval hukumat delegatsiyasi tarkibi asosan harbiylardan iborat bo‘lishiga kelishib olgan edi.

BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Stefan de Mistura ham muzokaralarda ishtirok etadi.

Uchrashuv ishtirokchilarini Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev nomidan bu mamlakat tashqi ishlar vaziri Qayrat Abduraxmanov olqishladi.

Uchrashuvda Qozog‘iston tomoni o‘zi ishtirok etmayapti. Astana uchrashuv uchun joy bergan, xolos.

Astanadagi so‘zlashuvlar yopiq eshiklar ortida o‘tmoqda. Mazkur uchrashuv Suriyada qariyb 6 yildan buyon davom etayotgan fuqarolar urushiga chek qo‘yish yo‘lida Rossiya, Turkiya va Eronning birgalikdagi strategiyasining bir qismi o‘laroq baholanmoqda.

300 mingdan 400 ming nafargacha bo‘lgan kishi Suriyadagi qurolli to‘qnashuvlar qurboni bo‘lgani aytiladi. Mazkur urush Suriyaning qator shaharlari va infratuzilmasini vayron qildi, yuz minglab qochqin o‘z vatanini tashlab Yevropa mamlakatlariga yo‘naldi.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, muzokaralar 24 yanvarda kunning ikkinchi yarmida yakunlanadi. Shundan so‘ng muzokaralar natijasi bo‘yicha yakuniy matbuot anjumani o‘tkaziladi.

XS
SM
MD
LG