Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:48

Mirziyoev AQSh bilan "an'anaviy munosabatlar"ni saqlash niyatini bildirdi


O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan ikki davlat rahbari bir-biriga tabrik yo‘lladi. Prezident Trampga yo‘llagan tabrigida, prezident Mirziyoev, ikki davlat o‘rtasida shakllangan ana’anaviy munosabatlarni saqlab qolish tarafdori ekanini bildirdi va ayni paytda, AQSh biznesini "uzoq muddatga" O‘zbekistonga taklif qildi.

19 fevral kungi sana munosabati bilan AQSh prezidenti Trampning o‘z hamkasbi Mirziyoevga yo‘llagan tabrigi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati rasmiy saytida chop etildi.

Tabrik mantida, jumladan: "Kelgusi yillarda ham mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik sohasidagi umumiy maqsadlarimizni amalga oshirishda Siz bilan hamkorlikda ishlaymiz, degan umiddaman. Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston Respublikasi va uning qo‘shnilari suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini, shuningdek, Sizning Markaziy Osiyoni yanada taraqqiy etishi va o‘zaro hamjihatligini mustahkamlashga yo‘naltirilgan say’-harakatlaringizni qo‘llab-quvvatlaydi", deyiladi.

Prezident Miziyoevning AQSh prezidentiga yo‘llagan maktubidan esa qisqagina iqtibos chop etildi:

"O‘tgan davrda o‘zaro do‘stlik va sheriklik munosabatlarida mustahkam poydevor yaratildi. Ko‘p qirrali hamkorligimiz jadal va keng ko‘lamli xarakter kasb etdi".

Matbuot xizmati O‘zbekiston prezidenti o‘z tabrik xatida tashqi siyosatining fundamental va kontseptual asoslari o‘zgarishsiz qolishi, u O‘zbekiston-AQSh o‘rtasida "25 yil davomida shakllangan ana’anaviy munosabatlarni saqlab qolishning qat’iy tarafdori" ekanini alohida ta’kidlagani aytildi.

Shuningdek, Mirziyoev tabrik xatida "Amerika biznesining O‘zbekistonda uzoq muddatli faoliyat yuritishi hamda AQShning yetakchi korporatsiya va kompaniyalari bilan investitsiyaviy-texnologik hamkorlikni yanada kengaytirish"ni taklif qilgani aytildi.

Shu yilning 1 fevralida Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vaziri Elyor G‘aniev AQShning 30 chog‘li yirik shirkati vakillari ishtirokida Toshkentda o‘tgan AQSh-O‘zbekiston savdo palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston rahbariyati AQSh biznesi mamlakatda kengayishidan manfaatdor ekani haqida bayonot bergan edi.

Majlisda AQShning Baker & McKenzie, General Motors, Cameco, Honeywell International, General Electric, Nukem, Case New Holland Industrial, Caterpillar, John Deere, Coca-Cola, Zeppelin International va boshqa shirkatlari vakillari qatnashgan.

2016 yil yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 453 million 800 ming dollarni tashkil etganini aytgan vazir General Motors, General Electric, Hilton, Hyatt kabi shirkatlar bilan hamkorlikni misol keltirgan edi.

AQSh-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm esa Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasida asosiy hamkor o‘laroq ko‘rishini hamda samarali hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini urg‘ulagan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda AQSh shirkatlari ishtirokida 164 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, ulardan 122 tasi qo‘shma korxona, 42 tasi esa 100 foizlik chet el sarmoyasi bilan ishlayapti.

O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligida AQShning 29 ta shirkati akkreditatsiyadan o‘tgan.

XS
SM
MD
LG