Линклар

O‘zbekistonlik professional Ruslan Chagayev WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni kamari uchun joriy yilning 27 avgustida Germaniyaning Erfurt shahrida rossiyalik bokschi Aleksandr Povyetkinga qarshi ringga tushadi. Sauerland promouterlik kompaniyasi matbuot kotibi Frank Bleyndorfning ommaviy axborot vositalariga ma‘lum qilishicha, tomonlar 19 iyul kuni bu haqda shartnoma imzolagan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 2 iyul kuni Vladimir Klichko professional boksda Jahonning super chempioni kamari uchun jangda Devid Heyni yengib, undan WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida chempionlik kamarini tortib olgan. Jahon boks assotsiatsiyasi qaroriga ko‘ra, ukrainalik Vladimir Klichko superchempion unvonini egalladi, WBAning oddiy chempionlik kamari uchun esa yangi da‘vogarlar jangi uyushtirilishi e‘lon qilindi.

O‘zbekistonlik sobiq jahon chempioni Ruslan Chagayev va hozirgacha 21 jangda biror marta ham mag‘lub bo‘lmagan rossiyalik bokschi Aleksandr Povyetkin WBAning bo‘shab qolgan chempionlik unvoni uchun jang qiladi.

2005 yilda professional boksga o‘tgan Aleksandr Povyetkin WBA reytingida Ruslan Chagayevdan keyin 2-o‘rinni egallab kelmoqda. Hozirda unga Germaniyaning Sauerland Event promouterlik firmasi homiylik qiladi.

Nemislarning Universum Box-Promotion klubida shug‘ullanib kelayotgan Ruslan Chagayev 2007 yilning 14 aprel kuni rossiyalik raqibi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgandi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG