Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:51

Aptekalar 7 martdan 227 turdagi import dorini belgilangan narxda sotishga majbur


16 fevral kuni O‘zbekistonga chetdan olib kelinayotgan 227 turdagi dori-darmon vositasi va tibbiyot uskunasiga belgilangan chakana va ulgurji narxlar ro‘yxati e’lon qilindi. 7 martdan mamlakat bo‘ylab hamma joyda bir xil (arzonlashtirilgan) narxda sotilishi aytilgan bu ro‘yxatda¸ Ozodlik gaplashgan o‘zbekistonliklarga ko‘ra¸ ehtiyoj kuchli bo‘lgan aksar ijtimoiy dorilar yo‘q.

16 fevral kuni Xususiylashtirish¸ monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rasmiy saytida¸ ijtimoiy ahamiyatga ega xorij dori-darmon va tibbiyot vositalari ro‘yxati va ularga o‘rnatilgan qat’iy narx e’lon qilindi.

Bu ro‘yxat va narx¸ Ozodlik suhbatlashgan qo‘mita rasmiysining aytishicha¸ ayni vazifaga vakolatlantirilgan Respublika komissiyasi¸ aniqrog‘i¸ Sog‘liqni saqlash vazirligi¸ “Dori-darmon” aksiyadorlik shirkati tomonidan ishlab chiqilgan.

Rasmiyning aytishicha¸ ro‘yxatdagi 227 turdagi import dori-darmoni 7 martdan boshlab komissiya tomonidan tasdiqlangan narxda sotilishi shart.

“Davlatnikimi¸ xususiyligidan qat’iy nazar¸ hamma apteka shu narxda sotishga majbur. Undan qimmatga sotsa¸ Bosh prokuratura va Davlat raqobat qo‘mitasi darhol chora ko‘radi”¸ dedi qo‘mita rasmiysi.

Mirziyoev va’dasi

Ijtimoiy ahamiyatga ega mahalliy va xorijiy dori-darmon va tibbiyot vositalari uchun qat’iy narx belgilash¸ 31 oktabr kuni muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev qo‘l qo‘ygan farmonga asosan amalga oshirildi.

Farmonda¸ bu dorilar sotuv narxining ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foiz, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan oshmasligi belgilandi.

Farmon esa uning ilk gapida yozilgani kabi:

Aholi va tibbiyot muassasalarining arzon va sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta’minlanganlik darajasini yanada oshirish, ularning narxini belgilash bo‘yicha ochiq-oshkora mexanizmni joriy etish, mamlakatimizda arzon va sifatli preparatlar bo‘lishiga qaramasdan tashxis qo‘yish va davolash standartlarida ko‘zda tutilmagan hamda asosan qimmat import dori-darmon vositalarini tavsiya etish kabi nomaqbul amaliyotning oldini olish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida” qabul qilingan.

Bir xil narx belgilangan 227 turdagi import dori va tibbiyot vositasi ro‘yxati¸ Ozodlik suhbatlashgan ayrim o‘zbekistonliklar tomonidan¸ biroz xavotir bilan qarshi olindi.

Bu ro‘yxatni sinchiklab tekshirib chiqqan qandli diabetga chalingan bemorlardan biri¸ undan o‘zi va keksa ota-onasi muntazam ishlatadigan dori vositalarni topa olmaganini aytadi.

- Bu ro‘yxatga yurak¸ qon bosimi¸ endokrinologik kasallar doim ichishi shart bo‘lgan import dorilari kiritilmagan. Masalan¸ men o‘zim oladigan insulin (gensulin¸ aktrapid) yo‘q unda. To‘g‘ri¸ ro‘yxatda insugen bor¸ lekin u sifatsiz insulin sanaladi¸ biz umuman ishlatmaymiz. Bu ro‘xatga eng ko‘p ishlatiladigan import dorialar emas¸ ularning arzon analoglari kiritilgan¸ deydi toshkentlik suhbatdosh

Chetdan keltiriladigan 227 turdagi ijtimoiy dori ro‘yxati atrofida ijtimoiy tarmoqlarda boshlangan muhokamalarda ham¸ ayni shu xavotir ko‘zga tashlandi.

Davlat raqobat qo‘mitasining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi¸ bu ro‘yxatni Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Respublika komissiyasi ishlab chiqqani va unga aynan qaysi dori-darmon va tibbiyot vositalarini kiritish masalasini shu komissiya belgilaganini aytdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining Ozodlik bog‘langan mulozimi¸ bu ro‘yxatga ijtimoiy kasallik deb e’tirof etilgan kasalliklar muolajasi uchun keng qo‘llaniladigan import dorilarning aynan o‘zi va analoglarikiritilganini bildirdi.

16 fevral kungi ro‘yxat bilan tanishgan o‘zbekistonliklar keng qo‘llaniladigan import dorilarga qat’iy narx belgilanishi¸ ularning dorixonalardan g‘oyib bo‘lishiga olib kelishi ehtimolidan ham xavotir bildirdilar.

Bu xavotirga munosabat bildirgan jarayonga yaqin rasmiylar¸ O‘zbekistonga olib kirilayotgan xorij dorilarining asosiy importchisi “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi ular ta’minotida uzilish bo‘lmasligi uchun mas’ul ekanini ta’kidlashdi.

Davlat raqobat qo‘mitasi saytida e’lon qilingan import dorilarga belgilangan narxlar¸ uning ostidagi kichik izohga ko‘ra¸ 21 yanvar kuni O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan o‘rnatilgan kurs bo‘yicha 3280,25 so‘mdan (1 AQSh dollariga nisbatan olingan - tah.) so‘mdan kelib chiqib hisoblangan.

Mamlakatda dollar rasmiy narxining oshib borishi¸ bu narxlarning ham muttasil oshib borishini taxmin qilishga asos beradi.

17 fevral kuni O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan bir AQSh dollari rasmiy kursi 3 309¸ 35 so‘m qilib belgilangani.

XS
SM
MD
LG