Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:07

Ohangaronda 2 yildan buyon emlanmagan chorva oqsimga chalindi


Toshkent viloyati Ohangaron tumanining Yangi hayot qishlog‘ida chorva mollari orasida oqsim kasalligi tarqaganini mahalliy chorvadorlardan biri iddao qildi. Uning aytishicha, ayni paytda minglab chorvaning og‘iz bo‘shlig‘i yallig‘lanib, tuyog‘i ham kasallangan. Tuman veterinariya xizmati rasmiysi buni oqsim emas, balki stomatit dedi. Lekin Ozodlik suhbatlashgan mustaqil veterinar bunda oqsim alomatlarini ko‘rmoqda.

Ohangaron tumanining Yangi hayot qishlog‘ida yashaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan chorvadorlardan birining iddao qilishicha, qishloq mollarining qariyb yarmi oqsim bilan kasallangan:

“Oqsim kasalligi juda tezlik bilan tarqalyapti. Qishlog‘imizning yarim moli hozir kasal. Bechora mollar og‘zidan so‘lak, ko‘pik oqib hech narsa yeyolmayapti, tuyog‘ining orasi kasallanib, yurolmay qolyapti. Mening ham boquvda turgan uchta buqam hech narsa yemay ozib ketdi. Tuman veterinariya xizmatiga necha marta telefon qilib aytdik. Bir kelishdiyu, hech narsa qilmay qaytib ketishdi”, dedi chorvador.

Boshqa bir yangihayotlikning aytishicha, oqsimga qarshi qishloq mollarining emlanmaganiga ikki yil bo‘lgan:

“Oxirgi marta 2015 yilda mollarga oqsimga qarshi vaktsina qilishgan edi. Mana, ikki yildan buyon vaksina yo‘q deb, qilishmaydi. Bu kasallik havodan ham o‘tadi ekan. Chunki, hozir qish, hech kimning moli dalada emas, uyda turadi. Lekin mollar bir chetdan kasallanyapti. O‘tgan kuni hamqishlog‘imizning bir ho‘kizi shu kasallikdan o‘lib ham qoldi”, deb iddao qildi yangihayotlik.

Ohangaron tumani veterinariya xizmati boshlig‘i Muhammadmurod Yunusov Ozodlik bilan suhbatda Yangihayot qishlog‘i chorvasi orasida tarqalgan kasallik oqsim ekanligini inkor qildi:

“Oqsim kasali hozir nafaqat tuman yoki viloyat, balki O‘zbekistonda yo‘q. Stomatit bor. Oqsim bilan stomatitning klinik alomatlari bir xil. Odamlar ana shu ikki narsani bir-biriga aralashtiryapti. U qishloqdagi vaziyatdan xabarimiz bor. Qishloq mollari stomatit bo‘lgan. Oqsim alomatlari yo‘q”, dedi mulozim.

Muhammadmurod Yunusov vaksina yo‘qligi bois aholi chorvasining ikki yildan buyon oqsim kasalligiga qarshi emlanmaganini tan oldi.

Lekin, Ozodlik suhbatlashgan veterinariya shifokorlaridan biri oqsim bilan stomatit kasalligining klinik alomatlari bir xil emas, balki har-xil ekanligini aytdi:

“Oqsim bo‘lganda molning og‘zi og‘rishi stomatitni eslatadi. Lekin stomatitda molning faqat og‘zi og‘riydi. Tuyoqlarining orasida yaralar paydo bo‘lishi, molning yurolmay qolishi oqsim alomatlaridir”, dedi veterinariya shifokori.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi saytida berilgan ma’lumotga ko‘ra, oqsim kasalligi odamga ham yuqishi mumkin. Oqsim og‘iz bo‘shlig‘ida, burunda, barmoqlar orasi va tirnoqlar ostida o‘ziga xos toshmalar toshishi, ularning pufakchalar hamda eroziyali yarachalarga aylanishi va tana haroratining ko‘tarilishi bilan kechadigan zooantroponoz o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir.

O‘zbekistonda chorvaning oqsil, kuydirgi kabi kasalliklar bilan og‘rishi kuzatilib turiladi.

Oqsil kasalligi 2004 yilda Sirdaryoda, 2005 yilda Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan edi.

Ozodlik qoramoldan yuqqan kuydirgi kasalligi bilan kasalxonaga tushgan o‘zbekistonliklar haqida ko‘p xabar bergan.

2014 yilning iyul oyida Sirdaryoning Xovos tumanida 31 kishiga kuydirgi yuqib, kasalxonaga yotqizilgan edi.

XS
SM
MD
LG