Линклар

Chexiya Respublikasi AQSh va Yevropa Ittifoqi barpo etayotgan raketa hujumidan mudofaa rejasining bir qismida ishtirok etmasligini bildirdi.

AQSh mudofaa vaziri o‘rinbosari Vilyam Linn bilan Pragada bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin Chexiya mudofaa vaziri Aleksandr Vondra o‘z mamlakati Oldindan ogohlantirish tizimi to‘g‘risidagi AQShning alohida taklifini o‘rganib chiqqani va unda ishtirok etmaslikka qaror qilganini e‘lon qildi.

Assoshieyted press axborot agentligi Chexiya Respublikasi AQSh-Yevropaning raketa hujumidan mudofaa rejasidan butunlay chiqayotgani haqida noto‘g‘ri xabar berdi va boshqa agentliklar ham shu ma‘lumotni tarqatdi.

Vashingtonda Davlat departamenti matbuot kotibi Mark Toner Chexiya AQSh-Yevropa Ittifoqi barpo etayotgan mudofaa rejasidan voz kechmagani, balki Oldindan ogohlantiruvchi tizim yaratish haqidagi boshqa taklifini qabul qilmaganini aytdi.

- Chexiya NATOning barcha ittifoqchilari qatori AQSh-Yevropaning raketa hujumida mudofaa tizimini yaratish haqidagi (2010 yil Lissabon sammitida qabul qilingan) rejasini qo‘llab-quvvatlagan va unda ishtirok etish istagini bildirgan. Mendagi ma‘lumotga ko‘ra, mudofaa vaziri Vondra Oldindan ogohlantirish tizimini yaratish to‘g‘risidagi ikki tomonlama rejani amalga oshirishda Chexiya ishtirok etmasligini e‘lon qilgan. Bu ikki narsani bir-biri bilan almashtirib yubormasligimiz kerak, - dedi AQSh Davlat departamenti mulozimi.

Vondra va Linn Qo‘shma Shtatlar va Chexiya raketa hujumidan mudofaa sohasida hamkorlikni davom ettirish yo‘llarini izlashini ma‘lum qildi.
XS
SM
MD
LG