Линклар

Qashqadaryodagi to‘yda kuyovni go‘shanga ostonasida osmonga otib qutlagan kuyovnavkarlar uni qo‘ldan tushirib yuborgan.

Chiroqchi tumanining Chig‘ana qishlog‘idagi xonadonlardan birida bir necha kun muqaddam bo‘lib o‘tgan to‘y kechasi yakuniga yaqinlagan kezda kuyovnavkarlar mahalliy odatga muvofiq kuyovni go‘shangaga kuzatishdan oldin osmonga otib qutlash marosimiga kirishgan paytda fojia yuz berdi¸ deb yozdi “Harakat.net” nashri.

Bu to‘yda mehmon bo‘lgan keksa chig‘analik buvaning so‘zlariga tayanib, chiroqchilik Eshmurod akaning Ozodlikka aytishicha, bazmi-jamshidda ichib mast bo‘lib qolgan kuyovnavkarlarning qaltis harakati 20 yoshlar atrofidagi kuyov bolaning go‘shanga ostonasidagi fojiali vafotiga sabab bo‘lgan.

- Yigitlar kuyovni ko‘tarib, osmonga otib tushirayotgan ekan¸ yerga tushib o‘lib qolibdi yigit, deydi. Qishloqdosh bir chol ko‘rgan ekan, aytib qoldi. Salkam 70 ga yaqinlagan chol gapirib berib ham yig‘lab yubordi, sho‘rlik. Farzandni tarbiyalab, 20-25 yoshga olib borguncha odam qancha yaxshi kunlarni, qancha yomon kunlarni boshdan o‘tkazadi, axir. Shundoq to‘yi kunida qo‘ldan berish qanchalik og‘ir, deydi chiroqchilik Eshmurod aka.

Unga ko‘ra, keyingi paytlarda tumandagi to‘y marosimlarda odam hayotiga xavf tug‘diruvchi odatlar ko‘payib bormoqda.

- Hozir bu moda tusiga kirayapti, urf bo‘lib qolayapti. Kuyovni ko‘tarish, otib o‘ynash. Yana ZAGS degan narsa balo-qazoday yopirilib keldi hozir. Mashinada ketayotgan yigitlar narigi mashinadagi yigitlar bilan 70-80-90 kilometr tezlikda yonma-yon borib, bir-birini shampan bilan siylab, aroq ichishlar bor, shunday katta tezlikda ketayotgan holatda, deydi qashqadaryolik suhbatdosh.

20 yoshli kuyovning o‘z to‘yi oqshomida yaqin do‘stlari hazilidan vafot etishidek fojia yuz bergan Chig‘ana qishlog‘i, suhbatdoshlarimizning aytishicha, Chiroqchining cho‘lida joylashgan, ichimlik suvi, aloqa va elektr ta‘minoti o‘ta ayanchli ahvolda bo‘lgan bir hududdir.

Bu qishloq bilan telefon aloqasi ham o‘ta og‘ir bo‘lgani bois bu qishloqdagi yagona maktab va qishloq ambulatoriya punktiga kun davomida ham bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

To‘y bazmi yakuniga yaqinlagan kezda kelin-kuyovni davradan kuzatish oldidan kuyov bolani osmonga otish marosimi nafaqat Qashqadaryo, balki qo‘shni viloyatlarda ham kuzatiladi.

Bu marosimning qanday kechishini so‘zlab bergan qashqadaryolik shifokor Tohir Davlatov buning kishi salomatligi uchun juda xavfli ekani, chunki odatan kuyovnavkarlarning deyarli hamma holatlarda mast bo‘lishini xavotir bilan ta‘kidlaydi.

- Kechki bazmda kuyovjo‘ralar kuyovni ko‘tarib osmonga otib, ilib oladi yerga tushirmay. 2,5-3,5 metr taxminiy balandlikda hamma o‘rtoqlari o‘rtaga olib turib osmonga otadi-da. Bu o‘n martagacha ham davom etishi mumkin. Menimcha, shunday paytda tushib ketganda. Yelakasi bilan tushgan bo‘lsa, biror joyi uzilib ketgan bo‘lishi mumkin. 2-3 metr balandlikdan chalqancha qattiq yerga tushgandan keyin uzilib ketadida, deydi qashqadaryolik shifokor Tohir Davlatov.

Bu suhbatdosh o‘z hayoti davomida bunaqa marosimlarga ko‘p guvoh bo‘lganini aytar ekan, kuyov bolaning yaqin do‘stlari qo‘lidan tushib ketib, o‘lib qolgani haqida birinchi bor eshitishini qo‘shimcha qiladi.

Qashqadaryolik jurnalist va huquq faoli Abdurahmon Tashanov bu xabarni Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasidagi manbalardan olganini va Chig‘anadagi shu voqea ortidan butun viloyat bo‘ylab ichki ishlar bo‘limlari profilaktika chora-tadbirlariga safarbar qilinganini aytadi.

Jurnalist o‘zi guvoh bo‘lgan holatlardan birini ham qo‘shimcha qildi.

Unga ko‘ra, bir gal shirakayf kuyovnavkarlar kuyov bolaga atalgan televizorni uning qo‘liga irg‘itib bermoqchi bo‘lgan va sovg‘ani bunday taqdimotidan shoshib qolgan kuyov bola ilib ololmagani bois, televizor yerga tushib singan.

- Televizorning chil-chil singan ekrani ovozidan yaqin-atrofda turgan tomoshatalab ayollarning o‘takasi yorilib, qiy-chuv bo‘lib ketgan edi, deb eslaydi jurnalist.

Shu kunlarda to‘y-hashamlardagi turli-tuman tomoshalar Toshkent shahrida ham ko‘payyotgani tilga olgan jurnalist, ayniqsa, ZAGSdan o‘tib kelayotgan kelin-kuyov mashinasi bilan kuyovjo‘ralarning shahar ko‘chalaridagi avtopoygasi juda xavfli bo‘lib borayotganini aytadi.

- Juda ko‘pchilik ZAGSga borayotganlarda yo‘llarni to‘sib qo‘yib, ZAGS mashinalari harakatlarga xalaqit bergan holatlari bo‘ladi. O‘zbekiston televidenisining "yoshlar" kanalida bunga maxsus ko‘rsatuv ham bo‘ldi. Ko‘rsatuvda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshqarmasi to‘ylarni o‘tkazadigan kortejlarni maxsus ogohlantirgani aytilgan. O‘ziga xos chaqiriqlar e‘lon qilindi, deya qo‘shimcha qiladi o‘zbekistonlik jurnalist Abdurahmon Tashanov.
XS
SM
MD
LG