Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:49

"Chiyabo‘rilar davri" Qirg‘izistonda taqiqlandi


Deputat To‘qo‘n Mamitov "Chiyabo‘rilar vaqti" kitobining nashr qilinishida o‘zbek liderlarini ayblamoqda.
Deputat To‘qo‘n Mamitov "Chiyabo‘rilar vaqti" kitobining nashr qilinishida o‘zbek liderlarini ayblamoqda.
O‘shda “Chas shakala”, ya‘ni “Chiyabo‘rilar davri” filmini saqlagani uchun uch o‘shlik yigit hibs qilindi.

“Chiyabo‘rilar davri” DVD diski va kitobi 2010 yil O‘sh voqealari to‘g‘risida tayyorlangan va internetda keng tarqagan. Mazkur DVD disk va kitob qirg‘iz rasmiylari orasida bahslarga sabab bo‘lgan va video qirg‘iz millatini dunyo hamjamiyatiga vahshiylar sifatida ko‘rsatish sifatida baholangan.

“Chiyabo‘rilar davri” DVD diski O‘shning kompyuter ta‘mirlovchi do‘konlaridan birida topilgan. Mazkun holat yuzasidan uch nafar o‘shlik qo‘lga olinganini O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasi tergov bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Nurbek Mamatov ma‘lum qildi:

- Bu ish bo‘yicha xozirda uch odam gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olindi. Topilgan diskda hukumat vakillarini O‘sh voqealarini atayin uyushtirganlikda ayblab, bir millatni ikkichi millatga qarshi qo‘ygan tomonlari bor, - dedi Nurbek Mamatov.

Aprel oyi o‘rtalarida Qirg‘izistonda “Chiyabo‘rilar davri”, deb nomlangan kitob va DVD disklar paydo bo‘ldi. Mazkur kitob rus tilida bosilgan bo‘lib kitobda muallif va kitob qayerda chop etilgani ko‘rsatilmagan. Ammo qirg‘iz parlamenti deputatlari, kitob Finlandiyada chop etilganini iddao qilishmoqda.

Mazkur kitob Qirg‘iziston parlamenti deputatlari orasida katta bahslarga sabab bo‘ldi. Deputatlar Qirg‘iziston kuch tizimi xodimlariga kitob mualliflarini aniqlashni topshirdi va mazkur holat yuzasidan Bosh prokuraturada jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

- Bosh prokuratura topshirig‘iga asosan Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan mazkur kitob yuzasidan jinoiy ish ochilgan. Biz ham disk bilan O‘shda qo‘lga olingan shaxslarni Milliy xavfsizlik xizmatiga o‘tkazib berdik. Disk “Chas shakala”, deb ataladi, 2 qismli. U yerda O‘sh voqeasida faqat o‘zbek millatidagi odamlarning uylari kuygani, o‘lganlari va boshqalar sharxlab ko‘rsatgan. Bizning xozirgi hokimimiz Melis Mirzaqmatov to‘g‘risida ham “O‘sh qirg‘inini uyushtirgan”, degan yolg‘on so‘zlar aytilgan, - dedi O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasi tergov bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Nurbek Mamatov.

Qirg‘iziston parlamentining ayrim deputatlari esa mazkur kitob va disklarning paydo bo‘lishida qirg‘izistonlik o‘zbek liderlarini ayblamoqdalar:

- Kitob juda rangli qilib, Finlandiyadan chiqarilibdi. Kitobda qirg‘izlar shoqol, bo‘ri sifatida ko‘rsatilgan. Bu Qodirjon Botirov va uning tarafdorlarining ishi. Tashqi ishlar vazirligi nega bunga ahamiyat berib, nega Finlandiyaning Tashqi ishlar vazirligiga norozilik notasi yubormaydi? Biz ham “Qirg‘iz xalqiga tuxmat qilayapsizlar. Bunga ham javob berasizlar”, deb talab qo‘yishimiz kerak. Yevroittifoq, BMTgacha murojaat qilishimiz kerak, - dedi Qirg‘iziston parlamenti deputati To‘qo‘n Mamitov.

O‘sh shahar O‘zbek milliy madaniy markazi raisi Rashid Xo‘jayev esa o‘shlik o‘zbeklarning kitobdan ham, DVD disklardan ham xabari yo‘qligini aytar ekan, deputatlar tomonidan kitob va dikslar to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni keng jamoatchilikka oshkor qilish noto‘g‘ri bo‘lganini aytdi:

- Deputat Jildiz Jo‘ldo‘sheva televizordan chiqib kitob to‘g‘risida juda ko‘p gapirib yuborayapti, odamlarni noqulay axvolga solib qo‘yayapti. Shu ma‘lumotlar kamroq gapirilsa, ko‘rsatilmasa, iloji bo‘lsa. Jildiz Jo‘ldo‘sheva bu ma‘lumotlarni qayerdan oldi? Deputat ayol deputat bo‘lib turib buni sir saqlab, SNBlarga berishning o‘rniga nima sababdan xalqqa jar solyapti, buni biz xam tushunolmayapmiz. Umumiy gapirganda biz o‘zimizni noqulay his qilib qolyapmiz. Bishkekdagi deputatlar bu kitobni o‘zbeklar yaratdi deb, aybni o‘zbeklarga ag‘darayapti. Bu kitobni o‘zbeklar yaratgan emas, - deydi Rashid Xo‘jayev.

Unga ko‘ra, O‘sh shahar O‘zbek milliy - madaniy markazi o‘z iziga tushib kelayotgan barqarorlikni saqlab qolish va qonli voqealarning takrorlanmasligi uchun mazkur kitob va disklarni O‘sh hududiga kiritmaslikni so‘rab Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmatiga murojaat yo‘llagan.

Aytib o‘tish kerakki, mazkur hol yuzasidan ochilgan jinoyat ishlari oxiriga yetishiga barcha o‘shliklar ham ishonmaydi. Masalan, o‘shlik jamoat arbobi To‘lo‘go‘n Keldiboyevning fikricha, buning uchun kuch tizimlarida yetarli darajada professional kadrlar yo‘q.

- Hukmatimizning ayrim a‘zolari o‘rtasidagi hokimiyat talashish kasofati oqibatida bu o‘yindan o‘t chiqib bir qancha ayanchli voqealarga olib keldi. Disk bo‘yicha tergov natijalari chiqadi deb ayta olmayman. Negaki bizning Milliy xavfsizlik xizmatida tergov olib bora oluvchi profesional mutaxasislar qolmagan,- dedi To‘lo‘go‘n Keldiboyev.
XS
SM
MD
LG