Линклар

logo-print
17 iyun - Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash xalqaro kuni. Cho‘llanish – dunyoning barcha mintaqalarida davom etayotgan yer degradatsiyasi, ya‘ni yaroqsiz holga kelishi jarayonidir. Bu jarayon inson omili va iqlim o‘zgarishi sababli yuz beryapti. O‘zbekiston ham cho‘llanish oqibatida har yili yuzlab gektar yerni yo‘qotmoqda.

Olimlar fikricha, o‘rmonlarning beayov kesilishi va sug‘orish ishlarining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani iqlim o‘zgarishi bilan birga unumdor yerlarni yaroqsiz holatga keltirmoqda.

BMT ma‘lumotiga ko‘ra, cho‘llanish dunyo aholisining beshdan bir qismiga tahdid solyapti. Hozir dunyodagi quruqlik maydonining uchdan bir qismi cho‘lga aylanish tahdidi ostida. Bu to‘rt milliard gektar yaroqsiz yer, deganidir.

Yer degradatsiyasi sababli 1990 yildan beri dunyoda har yili 6 million gektar yer yaroqsiz holga kelmoqda.

O‘zbekistonda ham sug‘oriladigan yer maydonlari yildan-yilga qisqarib bormoqda. Orolning qurigan hududidan tuz va boshqa mineral moddalarning shamol orqali tarqalishi va suv taqchilligi oqibatida cho‘llanish darajasi ortyapti.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida cho‘llanish darajasi yuqoridir, deydi mutaxassislar.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 22 million gektar yer cho‘llanshiga moyil hudud hisoblanadi. Yaylovlarning 43 foizi esa, inqirozga uchrab, cho‘llanib bo‘lgan.

Cho‘llanish darajasi, ayniqsa Qoraqalpog‘iston hududida mutaxassislarning jiddiy tashvishiga sabab bo‘lmoqda. Xo‘jayli tumanida uzoq yillar jamoa xo‘jaligi raisi lavozimida ishlagan, ayni paytda fermerlik qilayotgan Qubay Ortiqovga fikricha, O‘zbekistonda yerlarning yaroqsiz holga kelishining ikkita asosiy sababi bor:

- Sezilarli darajada cho‘llanish kuzatilyapti. Sababi so‘nggi yillari ko‘llarga suv tushmayapti, Orol qurib qoldi. Oroldan ko‘tarilgan chang-to‘zon, Xorazm bor bu tomonda, nari ketsa Buxoroga ham borayapti.

Buning oqibatida, deb davom etadi fermer, Qoraqalpog‘istonda ekin yerlarning yarmidan ko‘pi cho‘llanib bo‘ldi.

- Axir ekiladigan dalalar qisqarib ketdiku. Yer oboroti degan bor. Ekishlik dalaning balansi degan bo‘ladi. Bu narsa hozir yo‘q bo‘ldi. O‘zi qoraqalpoqda 437 ming gektar ekishlik yer bor. Yarmidan ko‘prog‘i oborotdan chiqib qolgan bo‘lsa kerak. So‘nggi 10 yil ichida ekilmagan yerlar bor. Bir o‘tgan yil suv yaxshi bo‘ldi.

Asosiy sababi suv, lekin boshqa sababi ham bor. Boshqa sababi mana texnika yetishmayapti, boshqasi bor. Fermerlar o‘z yerlariga to‘liq ekolmayapti. Qum bosaëtgan dalalar yo‘q endi. Ayrim chekkalarda, Taxtako‘pir tomonlarda ayrim dalalar bo‘lishi mumkin, lekin u katta ahamiyatga ega emas, respublika miqësida. Juda oz miqdorda. Masalan yiliga 100-150 gektardan ko‘p bo‘lmasa kerak.

Cho‘llanish deganda ikkilamchi cho‘llanishni nazarda tutish kerak. Suv bormasdan qolganda. Lekin baribir 10-15 yilda oborotdan chiqib changalzorga aylanib ketgan yerlar bor. Shu yerlar katta problema bo‘ladi,- deydi fermer Qubay Ortiqov.

Ekologiya va hayot xavfsizligi xalqaro fanlar akademiyasining akademigi, O‘zbekiston Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudiri, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Muhiddin Mahmudov Ozodlikka bergan intervyusida O‘zbekistondagi cho‘llanish muammosiga batafsil to‘xtaldi. Quyida ana shu intervyuni to‘liq tinglashingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG