Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:43

Davlat idoralari matbuot uchun shaffof bo‘ladi?


Hukumat tashabbuslariga qaramasdan, O‘zbekiston matbuot erkinligi borasida qoraga bo‘yalgan davlatlar qatorida qoladigan ko‘rinadi.
Hukumat tashabbuslariga qaramasdan, O‘zbekiston matbuot erkinligi borasida qoraga bo‘yalgan davlatlar qatorida qoladigan ko‘rinadi.
4 avgust kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasida axborot va so‘z erkinligini ta‘minlash maqsadida ishlab chiqilgan to‘rtta qonun loyihasi muhokama qilindi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”, “Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida”, “Ommaviy axborot vositalari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida” va “Teleradioeshittirishlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalari muhokama qilindi.

O‘zA agentligining xabar qilishicha, to‘rttala qonun loyihasi orqali O‘zbekiston matbuotini isloh qilish, mamlakatda demokratik islohatlarni yanada chuqurlashtirish, so‘z erkinligiga keng imkoniyatlar yaratish ko‘zlanmoqda.

Qonun loyihalarida ko‘zda tutilgan asosiy maqsad davlat xokimiyati va boshqaruv tizimini matbuot uchun shaffof qilishdan iborat ekani aytilmoqda.

O‘zbekiston hukumati shaffoflashtirishga harakat qilayotgan davlat idoralari qo‘yilgan maqsadga qanday qarashi va bu maqsadni amalga oshirish qanchalik real, degan savol javobini bilish uchun qator davlat idoralariga sim qoqdik.

Vazirlar mahkamasi: Akkreditatsiyangiz qani?

Shu paytgacha xalqaro matbuot vositalari, jumladan, Ozodlik radiosi uchun ham ma‘lumot olish imkonsiz hisoblangan va davlat idoralarini shaffoflashtirishga qaratilgan qonun loyihasini taklif qilayotgan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga qo‘ng‘iroq qildik.

Bosh vazir matbuot xizmati xodimi qonun loyihalari muhokamasidan xabari yo‘q shekilli, bu savollarga javob olish uchun avval tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilib, akkreditatsiya olishimiz kerakligini aytdi. Bosh vazir matbuot kotibining aytishicha, bu tartib, aniqrog‘i ma‘lumot olish uchun o‘rnatilgan cheklov boshqa mamalkatlardan o‘rnak o‘laroq o‘rnatilgan.

- Hamma mamlakatdagiga o‘xshagan bizda ham tartib bor. Akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalistlar bilan biz muloqot qilishga tayërmiz,- degan vazirlar mahkamasi rasmiysi yana aynan qaysi mamlakatlarda bunday tartib borligini aytib bera olmadi.

"Senat savollaringizga javob bermaydi"

Vazirlar mahkamasidan xalqaro matbuotga beriladigan odatiy javobni olgach, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati bilan bog‘landik.

- Yo‘q, bu masalada qonunchilik palatasiga murojaat qiling. Qonun loyihasini ular tayërlashadi. Kechirasiz, men mansabdor shaxs emasman. Men sizning savollaringizga javob bera olmayman,- deya gapni qisqa qildi Senat xatlar bo‘limi xodimasi.

Nega menga qo‘ng‘iroq qilasiz?

O‘zbekiston Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati Dilbar Holikova esa Ozodlik muxbiri Paragadan turib, telefon orqali unga murojaat qilayotganidan taajjubga tushganini yashirib o‘tirmadi.

- Mehribon, bu narsani telefonda so‘ramasdan, kelib so‘rash kerak ëki bo‘lmasa Vazirlar Mahkamasida shunaqa narsa bo‘lgan bo‘lsa, o‘zidan so‘rangda. Nimaga telefonda bu narsalarni menga gapirayapsiz, dediyu go‘shakni qo‘yib qo‘ydi deputat Dilbar Holiqova.

MXXdan ma‘lumot olaman deb ovora bo‘lmang!

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati yangi qonun qanchalik "ezgu" niyatlarda qabul qilinayotganidan qat‘iy nazar, nafaqat xalqaro, balki mahalliy matbuot uchun ham yopiq idora bo‘lib qoladigan ko‘rinadi

- Yo‘q, faqat Tashqi ishlar vazirligi orqali chiqasiz. Hech qanaqa ma‘lumot berilmaydi Ozodlikka,- dedi O‘zbekiston MXX Respublika bo‘limining navbatchi xodimi.

O‘zbekistonda tuzum o‘zgarmas ekan matbuot erkin bo‘lmaydi

Izlanishlarimiz besamar qolishini avvaldan aytgan o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov mamlakatda siyosiy tuzum o‘zgarmas ekan, na matbuot haqidagi qonun, na boshqa qonunlar amalda bajarilishi haqida gapirib bo‘ladi, deydi.

- Shu paytgacha O‘zbekistonda matbuot erkinligini himoya qilishga qaratilgan 14ta qonun hujjati mavjud. Hozir bu qonunlar qabul qilinadigan bo‘lsa, qonunlar soni 18taga yetadi. Amalda bu qonunlar matbuotga erkinlik bera oladimi degan savol qo‘yiladigan bo‘lsa, buning yechimi juda oddiy. O‘zbekistonda matbuot diktaturaning ko‘zgusi sifatida erkin bo‘lishi mumkin emas. Chunki matbuot erkin bo‘lishi uchun birinchi navbatda sistema erkin bo‘lishi kerak, davlat demokratik bo‘lishi kerak, boshqaruv demokratik bo‘lishi kerak. Hozirgiga o‘xshagan totalitar boshqaruv sharoitda qonunlar hech qachon matbuotni erkinlashtira olmaydi. Qonunlarni qaraydigan bo‘lsangiz, mohiyatan, umumiy nuqtai nazardan qonun hujjatlari matbuotni erkinlashtirishga qaratilganday ko‘rinadi. Lekin uning ichida bitta modda bo‘ladiki, bu matbuotning erkinligiga rahna soladigan, hamma harakatlarni prinsipial bekor qiladigan modda. Mana masalan ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunda moddalarning bittasida “Jurnalist sud qarori qonuniy kuchga kirmasdan turib voqea haqida xabar berishi mumkin emas” deb ëzib qo‘yibdi. Masalan 2009 yil avgust oyida Anvar qori Tursunov pichoqlandi. Uning nimalari 2010 yilda kuchga kirdi. Demak, bir yil davomida o‘zbek matbuoti mana shu voqeani ëritolmadi,- deydi Abdurahmon Tashanov.

"O‘zbekistonda matbuot bo‘g‘ilgan"

Xalqaro tashkilotlar mustaqilligining 20 yili davomida O‘zbekistonni so‘z erkinligi bo‘g‘ilgan mamlakatlar ro‘yxatiga qo‘shib keladi.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti o‘tgan yili O‘zbekistonni Myanma, Kuba, Liviya, Eron, Shimoliy Koreya va Turkmaniston bilan bir qatorda internet dushmanlari ro‘yxatiga qo‘shdi.

AQShdagi nufuzli Freedom House - Ozodlik uyi tashkiloti ham O‘zbekistonni matbuot erkin bo‘lmagan davlatlardan biri deb hisoblaydi.

Rasmiy Toshkent esa bu kabi tanqidlarni deyarli e‘tiborsiz qoldirib kelmoqda.
XS
SM
MD
LG