Линклар

Ortda qolayotgan haftada Tojikiston parlamenti devorlari orasidan kommunizm dohiylarining byustlari topildi.

Tojikiston Kommunistik partiyasi raisi Shodi Shabdolovning ma‘lum qilishicha, kommunizm dohiylari Karl Marks, Fridrix Engels va Vladimir Lenin byusti mamlakatdagi ichki nizolar chog‘ida (1992 va 1997 yillar - tahr.) yo‘q bo‘lib ketishdan saqlash maqsadida shu yerga yashirib qo‘yilgan. Shabdolovga ko‘ra, o‘sha yillar tojik jamiyatida aksilkommunistik qarashlar ayni avjiga chiqqandi.

Iosif Stalin byusti esa, Shabdolov janoblarining aytishicha, sal avvalroq, ya‘ni KPSS XX s‘ezdida Nikita Xrushchyov “xalqlar otasi”ga haddan ortiq sig‘inilayotganini qoralaganidan keyin devor suvoqlari ostida qolib ketgan.

- Lekin bularni devor orasiga kim yashirgan bo‘lmasin, u yaxshi bir ishni qilibdi. Albatta biz bu buyuklar xotirasini unutmasligimiz kerak. Aslida dohiylarimiz xotirasini odamlar qalbidan sug‘urib tashlashimiz qonun jihatdan ham, ahloq jihatdan ham noto‘g‘ridir, - deydi Tojikiston Kommunistlar partiyasi raisi Shodi Shabdolov.

Marks, Engels va Leninning sopoldan yasalgan byustlari Kommunistlar partiyasiga o‘tkazib berildi, ayni paytda Iosif Stalinning marmardan yasalgan byustining vazni bir tonnadan og‘irroq bo‘lgani uchun hozircha parlament binosida qolmoqda.

Shu o‘rinda aytish lozimki, Tojikiston mustaqilligi yillari kommunistik ta‘limot asoschilari Karl Marks, Fridrix Engels va Vladimir Lenin hamda “xalqlar otasi” sifatida ko‘rilgan Iosif Stalinning byustlari, haykallari va portretlari respublikaning barcha hududlaridan olib tashlandi.

Ular nomi bilan atalib kelingan shahar, tuman va ko‘chalar esa fors-tojik shoirlari va adiblari nomi bilan almashtirildi.

Vyengriyada Lenin va boshqa kommunistik dohiylarning haykallari kimoshdi savdosiga qo‘yilib, Fransiya shaharlaridan birida proletariat dohiysi Vladimir Lenin haykali o‘rnatilgan bir paytda uning Tojikiston shimolidagi eng baland haykali qulatildi.

Bundan bir necha yil avval esa Tojikiston parlamenti ro‘paro‘sida savlat to‘kib turgan Lenin haykali olib tashlanib, uning o‘rniga tojik davlatchiligi asoschisi Ismoil Somoniy haykali o‘rnatilgandi. Endilikda haykal turgan maydon ham “Somoniy” nomi bilan atalmoqda.

Asnoda kommunizm dohiylariga tegishli byustlarning topilishi tojikistonliklarning hammasini birdek hayajonlantirdi, deb bo‘lmaydi.

Tojikiston kommunistlar partiyasi mas‘ullari va bu partiyaning o‘nlab a‘zolari uchun quvonchli voqeaga aylangan hafta boshidagi xabarni ertayu-kech rizq qayg‘usida yurgan oddiy tojikistonliklar pinak buzmay qabul qildi.
XS
SM
MD
LG