Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:00

Doku Umarov Domodedovo hujumida ayblanmoqda


Rossiya tergovchilari chechen partizanlari qo‘mondoni Doku Umarovga nisbatan rasmiy ayblov e‘lon qildi.

Rossiya prokuraturasi huzuridagi Tergov qo‘mitasi matbuot vakili Vladimir Markin 29 mart kuni Moskvada o‘tkazilgan matbuot anjumanida chechen isyonchilari yetakchilariga ayblov e‘lon qilinganini bildirdi.

- Domodedovo aeroportida sodir etilgan terrorchilik harakatlari yuzasidan ochilgan jinoiy ish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasining Tergov qo‘mitasi tergovchilari janggari guruhlarning faol a‘zolariga qarshi, jumladan jinoiy guruhlar tashkilotchilari bo‘lgan Doku Umarov va Aslan Botukayevga qarshi ayblovlar e‘lon qilish haqida qaror qabul qildilar, dedi Vladimir Markin.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvyedev Federal xavfsizlik xizmati xodimlarini maqtab 28 mart kuni o‘tkazilgan reyd natijasida isyonchilarga qaqshatqich zarba berilganini aytdi.

Yanvar oyida Domodedovo aeroportining xorijiy parvozlar yo‘lovchilari chiqadigan yo‘lagida xudkush shaxs o‘zini portlatgani oqibatida 37 kishi nobud bo‘lgan, o‘nlab odam yaralangan edi.

Rossiya xavfsizlik kuchlari 28 mart kuni Shimoliy Kavkazda o‘tkazilgan reyd davomida 17 nafar janggari yo‘q qilinganini iddao qildi.

Shimoliy Kavkazdagi isyonchilar lideri Doku Umarov Rossiya huquq-tartibot organlari tomonidan qidirilayotgan “birinchi raqamli jinoyatchi” hisoblanadi. U internet orqali qilgan chiqishida Domodedovo aeroportidagi hujum uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgan.

Ayni payda Doku Umarov o‘tgan yil qariyib 40 kishi nobud bo‘lgan Moskva metrosidagi ikkita portlashni ham o‘zi uyushtirganini iddao qilgan.

Amir Hamzat nomi bilan ko‘pchilikka tanilgan Aslan Botukayevning qator hujumlarni uyushtirishda ishtirok etgani, jumladan Domodedovo aeroportida o‘zini portlatgan xudkush shaxsni tayyorgarlikdan o‘tkazgani taxmin qilinadi.

Huquq-tartibot idoralaridagi manbaga asoslangan Rossiyadagi axborot agentliklari Shimoliy Kavkazda dushanba kuni o‘tkazilgan reyd davomida Doku Umarov va Aslan Botukayevning o‘lgan bo‘lishi mumkinligini xabar qildi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Checheniston chegarasiga yaqin joylashgan Ingushetiya Respublikasining Vyerxniy Alkun qishlog‘ida 28 mart kuni isyonchilarga qarshi amalga oshirilgan keng ko‘lamli reyd davomida jangovor uchqichlardan zarbalar berilgan.

Rossiya rasmiylari avval ham Doku Umarov o‘ldirilganini bir necha marta e‘lon qilgan edi.
XS
SM
MD
LG