Линклар

logo-print

Dominik Stross-Kanga qo‘yilgan ayblov yengillashi mumkin


XVJning sobiq rahbari Dominik Stros-Kan haqqini himoya qilayotgan advokat Ben Brafman yetakchiligidagi himoyachilar bugun da‘vogar ayolning da‘volari asossizligiga kuchli dalillarni taqdim qilishga hozirlik ko‘rmoqda.

XVJning sobiq rahbari Dominik Stros-Kan haqqini himoya qilayotgan advokat Ben Brafman yetakchiligidagi himoyachilar bugun da‘vogar ayolning da‘volari asossizligiga kuchli dalillarni taqdim qilishga hozirlik ko‘rmoqda.

Dominik Stross-Kanning himoyachilari "Sofitel" mehmonxonasi xodimasining jinoyatchi guruhlarga aloqadorligini aniqlagani aytilmoqda.

Xalqaro valyuta jamg‘armasining sobiq rahbari Dominik Stross-Kanga qo‘yilgan jinsiy tajovuz ayblovi uchun da‘vogar tomon keltirgan asoslar jiddiy shubha ostida qoladigan ko‘rinadi.

Nyu Yorkdagi hashamatli mehmonxona xodimasini zo‘rlaganlikda ayblangan Stross-Kanning bugun Nyu York mahkamasiga keltirilishi kutilmoqda.

XVJ sobiq rahbarining taniqli advokat Ben Brafman yetakchiligidagi himoya guruhi bugungi mahkamada himoyalanuvchini garov puli evaziga uy qamog‘idan ozod qilishga erishishni rejalamoqda.

Agar ularning so‘rovi qondirilsa, u holda Dominik Stross-Kan og‘ir jinoyati uchun jazodan bo‘yin tovlab, qochishi mumkin bo‘lgan shaxs maqomidan chiqishi va hozir qamab qo‘yilgan Nyu Yorkdagi uyidan chiqishi hamda radiosignal o‘rnatilgan kishanlardan qutulishi mumkin.

Buning evaziga u 6 million AQSh dollari miqdorida garov pulini ham taqdim qilishi kerak.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, sud Stross-Kanning himoyachilari so‘rovini qondirishi mumkin.

Boisi, da‘vogar tomonning da‘volari ishonchli ekaniga shubha tug‘diruvchi holatlar aniqlangani haqida xabar bor.

New York Times nashrining yozishicha, prokurorlarda 62 yoshli bankirni jinsiy tajovuzda ayblayotgan 32 yoshli da‘vogar ayolning ko‘rsatmalariga shubha kuchayib bormoqda.

Gazeta kuch ishlatar tuzilmalardagi rasmiylar bilan xos suhbatdan keltirgan ma‘lumotga ko‘ra, prokurorlar ismi oshkor qilinmayotgan xizmatchi ayol davomli ravishda aldaganini aniqlagan va ularda bu ayolning o‘zi haqida so‘zlab bergan ko‘rsatmalariga ishonch kamaygan.

New York Times nashriga ko‘ra, bu ayolning jinoyatchi shaxslar bilan ko‘p yillik aloqalari borligi hamda bunday shaxslardan biri tomonidan uning bankdagi hisob raqamiga so‘nggi ikki yil ichida 100 ming AQSh dollari miqdorida pul qo‘yilgani ham aniqlangan.

Garchi bu ma‘lumotlar ayolning jinsiy tajovuzga uchraganini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shubha ostiga qo‘ymasada, ammo uning Dominik Stross-Kanga nisbatan ilgari surgan da‘volari ishonchliliga sud hay‘atida shubha uyg‘otishi mumkinligi aytilmoqda.

Ayni paytda XVJ sobiq rahbarining himoyachilari bugungi mahkamaga mo‘ljallangan himoya strategiyasini aynan shu asosga qurganini ochiq aytmoqda.

Bugungi mahkamaga qadar sodir bo‘lganiga hech shubha paydo bo‘lmagan aniq masala esa sudlashayotgan tomonlar o‘rtasida jinsiy munosabatning sodir bo‘lganidir.

Faqatgina da‘vogar tomon zo‘rlanganini iddao qilayapti. Javobgar tomon esa buning ixtiyoriy bo‘lganini da‘vo qilmoqda.

Mabodo, bugungi mahkama hay‘ati XVJ sobiq rahbari himoyachilarini haqli topsa, u holda jamoatchilikda Dominik Stross-Kanning kelajakdagi karerasi bitdi, mazmunida paydo bo‘lgan xulosalar ham tubdan o‘zgarishi mumkin.

Zero, Dominik Stross-Kan hibsga olinguniga qadar dunyoning ko‘zga ko‘ringan iqtisodchilaridan biri edi va uning kelasi yil Fransiyada o‘tkaziladigan saylovda prezidentlikka nomzodini qo‘yishi kutilayotgan edi.
XS
SM
MD
LG