Линклар

logo-print

Dushanbedagi futbol o‘yini tartibsizlikga ulandi


14 iyun kuni Ko‘lob shahrida "Ravshan" va "Istiqlol" komandalari o‘rtasidagi o‘tkazilgan futbol o‘yini ham tartibsizlik bilan tugagandi.

14 iyun kuni Ko‘lob shahrida "Ravshan" va "Istiqlol" komandalari o‘rtasidagi o‘tkazilgan futbol o‘yini ham tartibsizlik bilan tugagandi.

22 iyun oqshomida Tojikiston poytaxtida tartibsizlik keltirib chiqargan qirqqa yaqin fuqaro jinoiy javobgarlikka tortildi.

Dushanbening “SSKA-Pomir” va Ko‘lobning “Ravshan” komandalari o‘rtasida 22 iyun kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv 3:2 hisobi bilan ko‘lobliklar foydasiga yakunlandi.

Dushanbe shahrining janubiy hududida joylashgan “Politexnikum” maydonidan ko‘chaga chiqqan futbol muxlislari, voqea guvohlarining aytishlaricha, yo‘l chetdagi mashinalar va uylarni toshbo‘ron qilgan.

- Stadionda 700 dan ortiq melisa bor edi. Maydon ichkarisida xavfsizlik masalasi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgandi. Tartibsizlik o‘yindan keyin ko‘chada bo‘ldi. Olomon asosan 14 va 16 yoshli bolalardan iborat edi, - deydi voqea guvohlaridan biri bo‘lgan Ravshan ismli suhbatdoshimiz.

Guvohlarning aytishicha, yo‘lida uchragan mashina oynalari va turar-joy binolarining derazalarini toshbo‘ron qilib, sindirgan olomonni hatto militsiya xodimlari ham tarqatib yubora olmagan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Tohir Normatovning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, shundan so‘ng OMON xodimlari yordamga yuborilgan, voqea joyiga Ichki ishlar vaziri Abdurahim Qahhorov ham yetib borgan.

- Voqea joyida qirqqa yaqin kishi hibsga olindi. Lekin aytish lozimki, biror kishi tan jarohati olgani yo‘q. Faqat uchta mashina oynasi sindirilgan, qolgan zararlar hozircha o‘rganilmoqda. Tartibsizlikda gumonlanib, qo‘lga olinganlarga nisbatan Tojikiston Jinoyat kodeksining “bezorilik” moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochildi, - deya ma‘lum qildi Tohir Normatov.

Shu o‘rinda aytish joizki, Tojikistondagi futbol komandalarining uchrashuvi shuning bilan uchinchi marta janjal bilan yakunlanmoqda.

14 iyun kuni Ko‘lob shahrida "Ravshan" va "Istiqlol" komandalari o‘rtasidagi o‘tkazilgan futbol o‘yini ham tartibsizlik bilan tugagandi.

Avvalroq Ko‘lob markaziy maydonida Dushanbening “Istiqlol” va Ko‘lobning “Ravshan” komandalari uchrashuvi so‘ngida ham yuzlab futbol muxlislari janjal chiqargan edi.

O‘shanda huquq-tartibot idora xodimlari tartibsizlik keltirib chiqarganlarga qarshi shovqin chiqaruvchi granatalar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagandi.

Ko‘lobdagi voqeada, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘ndan ortiq kishi turli tan jarohatlari olgandi.

Mustaqil tahlilchilarga ko‘ra, bu tartibsizliklar oldindan uyushtirilgan bo‘lib, uning siyosiy omillari mavjuddir.

- Bugungi kunda mamlakatimizda futbol ham siyosiy kurash usuliga aylandi. Buning o‘ziga xos sabablari mavjud. Asosiy sababi shundaki, fuqarolar, xususan, yoshlar siyosiy tuzim o‘zgarishini istaydi. Bizdagi siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyatlarining juda zaifligini his qilayotgan yoshlarimiz o‘zgarish faqat Yaqin Sharqdagi singari inqilob yordamida bo‘lishi mumkinligini anglab yetdi nihoyat, - deydi mustaqil tahlilchi Rajabi Mirzo.

Boshqa bir tahlilchi Abdullo Habibov mulohazasicha, mamlakatdagi ijtimoiy ahvol, ijtimoiy tengsizlik, inson huquqlari, vijdon erkinligi kabi masalalarda hukumat mulozimlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan adolatsizliklar xalqning sabr kosasini to‘ldirgan.

- Albatta bunday norozilik namoyishlari, inqiloblar siyosiy rejimdan norozi muxolif kuchlar va siyosiy partiyalar tomonidan rejalashtiriladi. Yoshlar esa shunchaki ijrochi, xolos, - deydi xavfsizlik masalalari bo‘yicha mustaqil tahlilchi Abdullo Habibov.

“Xo‘sh, nega aynan Ko‘lobning “Ravshan” komandasi qatnashgan o‘yinlar shunday tartibsizliklar bilan yakunlanayapti?” deya so‘raymiz tahlilchidan.

- Haqli savol. Tojikistonda konstitutsiyaviy tuzum barpo qilishda aynan ko‘lobliklarning hissasi ko‘proq bo‘lgan. Ularning jamiyatdagi nufuzi qandayligini muxolif kuchlar, ayrim doiralar juda yaxshi biladi. Ular: “Agar namoyishlarda ko‘lobliklar oldingi safda bo‘lsa, hukumatga aynan Ko‘lob qarshi tursa, inqilob tashkilotchilari maqsadga tezroq yetish mumkin”, deb o‘ylaydi, - deya mulohaza bildiradi mustaqil tahlilchi Abdullo Habibov.

Tojikiston prezidenti huzuridagi strategik tadqiqotlar markazi rasmiysi Sayfullo Safarov futboldagi tartibsizliklarga siyosiy bo‘yoq berish noto‘g‘riligini aytadi.

- Dunyoning barcha yirik davlatlari, jumladan, Moskva, Berlin, London kabi shaharlarda ham o‘yindan keyin fanatlar o‘z hissiyotlarini turli yo‘l va harakatlar bilan namoyish qilmoqchi bo‘ladi. Bizda ham aynan shunday holat bo‘lgan. Bunga siyosiy tus berish mutlaqo noto‘g‘ridir. Yildan-yilga Tojikistonda ham demokratiya rivojlanayotganini fuqarolarimiz yaxshi anglaydi. Endilikda fuqarolar o‘z erkini yevropacha shaklda ifodalash mumkinligini tushunib yetmoqda, - deydi Sayfullo Safarov.

Eslatib o‘tamiz, 3 may kuni Dushanbe shahrida, 14 iyun kuni Ko‘lob shahrida va 22 iyun kuni yana Dushanbe shahrida yuzaga kelgan tartibsizliklarda qatnashgan o‘nlab yoshlar Tojikiston qonunlari doirasida jinoiy javobgarlikka tortildi. Hibsga olinganlardan biror kishi qo‘yib yuborilgani haqida ma‘lumot yo‘q.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning o‘g‘li Rustam Imomaliga tegishli “Istiqlol” futbol komandasiga raqib ko‘rilgan Ko‘lobning “Ravshan” komandasidan esa Ko‘lobdagi voqea ortidan 3000 somoniy yoki sal kam 650 AQSh dollari miqdorida jarima undirildi.
XS
SM
MD
LG