Линклар

logo-print
Tojikistonlik o‘smirlarning masjidga kirishini ta‘qiqlovchi qonun Islom hamkorlik tashkilotini ham tashvishga soldi.

“Islom hamkorlik tashkiloti Tojikistondagi tegishli tizimlarga murojaat etib, bu borada izoh berishni so‘radi”, deyiladi mazkur tashkilotning 7 avgust kuni yoyinlangan bayonotida.

6 avgust kuni kuchga kirgan “Farzandlar tarbiyasida ota-onalar mas‘uliyati to‘g‘risida”gi qonun avvalroq boshqa bir qator g‘arb tashkilotlarining ham tanqidiga uchragandi.

Shanba kuni hukumat nashri sanalgan “Jumhuriyat” gazetasida “Farzandlar tarbiyasida ota onalar mas‘uliyati to‘g‘risida”gi qonunning to‘la matnini chop qildi.

Ramazon oyining ikkinchi kuni prezident Imomali Rahmon tomonidan imzolangan qonun 18 yoshga to‘lmagan tojikistonlik fuqarolarning shahvoniy, zo‘ravonlik, ekstremistik va terrorchilik xususiyatiga ega bo‘lgan filmlarni tomosha qilishini, shu mazmundagi ro‘znoma, jurnal va varaqalarni internet yoki mobil telefonlar orqali tarqatishini ta‘qiqlaydi.

Shuningdek, qonunning 8-bandiga muvofiq, 18 yoshga to‘lmagan tojikistonlik fuqarolar diniy tashkilotlar, diniy xususiyatga ega siyosiy partiyalar faoliyatida qatnashishlari, masjidda namoz o‘qishlari ham ma‘n qilindi.

Yangi qonunning ana shu bandi tojik jamiyati va bir qator xalqaro nufuzli tashkilotlar, siyosiy partiyalar keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.

“Farzandlar tarbiyasida ota-onalar mas‘uliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi prezident Imomali Rahmon tashabbusi bilan ishlab chiqilib, umumxalq muhokamasidan o‘tgan edi.

O‘shandan keyin Tojikiston parlamenti tomonidan tasdiqlagan qonun tojikistonlik din ulamolari, siyosiy partiyalar, xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha AQSh komissiyasi, eronlik islomshunoslar va nihoyat Islom hamkorlik tashkiloti tanqidiga uchradi.

Qonunning ko‘pchilikka yoqmagan jihati musulmon bolalarga masjidda namoz o‘qish ta‘qiqlab qo‘yilgani bo‘lmoqda.

Xo‘sh, iqtisodiy og‘ir vaziyatni boshdan kechirayotgan Tojikiston hukumati ichki va tashqi bosimlar ortidan yangi qonunga o‘zgartish kiritadimi? Aks holda, mamlakat ichkarisida iqtidordagi hukumatga norozilik kayfiyati kuchayishi mumkinmi?

Bu savolga javob bergan Tojikiston prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi mas‘uli Sayfullo Safarov Tojikiston mustaqil davlat sifatida mustaqil qaror qabul qilish huquqiga egaligini ta‘kidladi.

- Birinchidan, biror-bir davlat yoki tashkilot, jumladan, Islom hamkorlik tashkilotining davlatimiz ichki ishlari bilan ishi bo‘lmasin. Ikkinchidan, parlamentda xalq vakillari o‘tiradi. Ular davlat va xalq manfaatlarini nazarga olgan holda, ana shu qonunni qabul qildi. Bizning davlatimiz biror shaxs, davlat yoki tashkilot xohishini nazarga olib qaror qabul qilmaydi va qarorini o‘zgartirmaydi ham, - dedi Strategik tadqiqotlar markazi rasmiysi Safarov.

Ayni paytda Sayfullo Safarov “Tojikistonda qonunlar dogma emas”ligini hamda “kelajakda uning aholi turmush tarzi va kundalik hayotiga ta‘siri o‘rganilib, ba‘zi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilishi ham mumkin”ligini ham qo‘shimcha qildi.

Mustaqil tahlilchilar esa Tojikiston qonunlariga ko‘proq jamiyatdagi ayrim guruhlar manfaatlari nazarga olingan holda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkinligini urg‘ulaydilar.

Asnoda, mahalliy tahlilchi Sokin fikricha, qonunlarning xalq manfaati uchun ishlamayotgani fuqarolarning hukumatga nisbatan norozilik kayfiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.

- Hozir bizga shu narsa kerak emas edi. Ijtimoiy og‘ir bir vaziyatda xalqimiz o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib yotganda, hamma yerda qimmatchilik, turmush og‘irlashib ketayotgan paytda yana bir tashvishning hecham keragi yo‘q edi. Bunday o‘ylamay bosilgan qadam rahbariyatga nisbatan turli xil fikr mulohazalar, noroziliklarni keltirib chiqarishi turgan gap, - deya mulohaza bildiradi tahlilchi Sokin.

Biroq tojikistonlik rasmiylar yangi qonun mamlakat milliy xavfsizligi uchun, jamiyatda radikal guruhlarning faollashining oldini olish uchun xizmat qilishiga zarracha shubha qilmayaptilar.
XS
SM
MD
LG