Линклар

E. Jonson: Internetga qo‘yilgan to‘siqni yengish mumkin


Internet dushmanlari ming chiranishiga qaramasdan, ular qo‘ygan to‘siqlar sindirilmoqda.

Internet dushmanlari ming chiranishiga qaramasdan, ular qo‘ygan to‘siqlar sindirilmoqda.

Dunyodagi Internet dushmanlari ro‘yxatidagi O‘zbekiston hukumati qo‘ygan to‘siqni 16 yashar Madina bemalol buzib kiryapti.

O‘zbekistonda aholiga axborot kommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish joriy yil to‘rt oyida o‘tgan yilga nisbatan 18,7 foizga oshdi.

Bu raqamlarni Ozodlikka aytgan O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi matbuot xizmati vakiliga ko‘ra, O‘zbekistonda Internet foydalanuvchilar soni 7,55 million kishiga yetgan.

Bu degani O‘zbekistonda har 1000 kishidan 265 nafari Internet foydalanuvchisidir.

Buning barobarida Internet tezligi oshgan va resublika bo‘ylab aloqa tizimlarining 93,7 foizi raqamli formatga o‘tgan.

Mintaqadagi Turkmaniston va Tojikiston bilan solishtirganda O‘zbekistonda Internet foydalanuvchilar soni ancha ko‘p.

O‘zbekistonda Internet xizmati oshib, sifati yaxshilanar ekan rasmiy Toshkent nazarida istalmagan saytlarga to‘siq qo‘yish, axborotlarni filtrlash va Internet foydalanuvchilar ustidan nazorat ham kuchaygani kuzatiladi.

O‘zbekistondagi Internet xizmati ko‘rsatuvchi korxona abonentlar bo‘limi boshlig‘i Azizjonga ko‘ra, mamlakatdagi Internet mushtariylarini kuchli nazorat qiladigan yangi texnologiyalar mamlakatda jahd bilan ishlay boshlagan.

Dushanba kuni e‘lon qilingan Freedom House hisobotida yopiq mamlakatlarda Internetga qo‘yilgan to‘siqlarni bartaraf qilish yo‘llari haqida ham gap boradi.

Toshkentlik Madina 16 yoshda. U O‘zbekistondagi 7 milliondan ziyod Internet mushtariylaridan biri. Oddiy mushtariylardan farqli o‘laroq Madina Internetda to‘siq qo‘yilgan saytlarga kirish yo‘llarini yaxshi biladi. “Har kuni kech soat 8 dan keyin Internetda o‘tiraman. "Facebook"da va "Youtube"da har doim borman”, deydi Madina.

Madina O‘zbekistonda yopib qo‘yilgan saytlarni ochish uchun proksi serverlardan foydalanadi.

- Yandeksga yozsam, chiqadi har xil proksi saytlar. O‘shalar orqali kiraman,- deydi Madina.

O‘zbekistondagi yetakchi Internet provayderlaridan birida ishlaydigan Azizjon 16 yashar qizning yuksak texnologiya vositasida to‘sib qo‘yilgan saytlarni ochishiga ishonmaydi. Azizjonga ko‘ra, O‘zbekistonda Internetga istalmagan axborotlar sizib kirmasligi uchun qattiq choralar ko‘rilmoqda.

- Bizlarda bu narsaga qattiq qaralgan. Chastniy odamlar o‘zi cho‘chiydi bunaqa narsaga. Bizlar ham qo‘rqamiz. Xayolga ham kelmaydi. Ne do etogo,- deydi Azizjon.

Azizjonga ko‘ra, O‘zbekistondagi internet mushtariylar shartnoma tuzayotgan paytda rasmiy Toshkent nuqtai nazariga to‘g‘ri kelmaydigan saytlarga kirmaslik haqida ogohlaniriladi.

- Bizlarda zapret qo‘yilgan unaqa narsalarga. Kirib keladiyu odamlar. Abonentlar ulanadiyu. Bu narsalarning hammasi pod kontrol. Nimaga deganda har xil bo‘lar-bo‘lmas informatsiyalar kerakli organlar tomonidan filtrdan o‘tiladi. Bunaqa narsalar ko‘pincha Internet-kafega o‘xshaganlar bilan bo‘ladi. Biz hamma taraflama tushuntiramiz. Yoshlar, mana kattalar katta skorostni tanlashadiyu. O‘shalarga tushuntiramiz bola-chaqangizga tushuntirib qo‘ying deb. Jelatelno kamroq skorost oling chtobi bolalar skachat qilayotganda joniga tegib o‘chirib tashlasin bu saytni,- deydi Azizjon.

Suhbatdoshimiz O‘zbekistonda Internet tezligi oshib mushtariylar soni ko‘payganini ham aytdi.

- Kundan kunga odam ko‘payayapti. Konkretno prognoz bera olmaymiz,- deydi Azizjon.

Internet mushtariylarining oshishi, yopiq rejimlar qo‘ygan to‘siqlarga qaramasdan baribir erkin so‘z rivojiga hissa qo‘shadi, deydi “Internet demokratiya yo‘lida” nomli loyiha rahbari Erik Jonson.

- So‘z erkinligiga yordam beradi. Agar senzura qilinganidan qolgani mushtariyga yetib borsa, bu yaxshi. Qolaversa, shuncha axborotni senzura qilishga imkon yo‘q. Ingliz tilidagi Si-En-EN va Bi-Bi-Si bilan tanishish imkoni bor. O‘zbekistonda asosan ruscha va o‘zbekcha tanqidiy qarashdagi saytlar senzura qilinmoqda. Istak va hafsala bo‘lsa, bu senzurani aylanib o‘tish qiyin emas. Juda ko‘p dasturlar bor, proksi serverlar mavjud. Psiphone, Hard Padshield, Alqasr kabi dasturlar hukumat qo‘ygan to‘siqlarni bartaraf qila oladi. Internet sifatining oshishi bu dasturlar uchun ayni muddao.

Ozodlik: Men Internet provayderi bilan suhbatlashganimida, saytlarga to‘siq qo‘yish uchun eng yangi texnologiyalar joriy qilinganini aytdi. Ya‘ni "har bir radarning antiradari bor". Bas shunday ekan bu “Qurollanish poygasida” kim g‘olib keladi? So‘z erkinligimi yoki senzura?

- Qurollanish poygasi. Bu juda yaxshi ibora. Senzura poygasi senzuraga qarshi kurash poygasi. Ayni paytda biror-bir tarafning mutlaq g‘alabasi haqida ayta olmaymiz. Ammo shuni aniq ayta olamizki, kim O‘zbekistonda u yoki bu mazmundagi axborotni olmoqchi bo‘lsa, u bu axborotga yetisha oladi. Men boya aytgan to‘siq sindiruvchi dasturlar bisyor. O‘nlab nomdagi bu dasturlar O‘zbekiston hukumati Internetga qo‘ygan to‘siqlarni sindira oladi. Hukumat qanchalik qimmat uskuna qo‘ymasin, qanchalik mukammal to‘siq qo‘ymasin befoyda. Biladigan odam ikkita tugmachani bosib kerakli eshiklarni bemalol ochadi. Faqat mushtariylarda istak va ishtiyoq bo‘lsa bo‘ldi,- deydi Erik Jonson.

Toshkentlik Madinada Erik Jonson aytgan ishtiyoq ham, istak ham, bilim ham yetarli. Shu bois Madina uchun Internet yopiq davlatdan turib ochiq axborotlar olish manbaiga aylandi.
XS
SM
MD
LG