Линклар

Bir qancha yirik kiber-hujumlarga aloqador Anonymous xakerlar guruhi dunyodagi eng katta ijtimoiy tarmoq Facebook saytini joriy yilning 5 noyabr kuni "yo'q qilib tashlash" maqsadida ekanligini e'lon qildi. Xakerlarning YouTube saytida qoldirgan murojaatiga ko'ra, bu ish tarmoq foydalanuvchilarining foydasini ko'zlagan holda qilinmoqda.

Video-murojaatda aytilishicha, Facebook ijtimoiy tarmog'i 5 noyabr kuni "o'ldiriladi" va bu bulan Anonymous xakerlari tarmoq foydalanuvchilarining shaxsiy ma'lumotlarini noto'g'ri maqsadlarda ishlatilishini oldini oladi.

Anonymous video-murojaati:

- Diqqat! Butun dunyo ahli! Biz - Anonymous. Siz sevgan aloqa vositasi yaqinda yakson qilinadi. Agar siz ma'lumot erkinligini himoya qilinishini hohlasangiz, bizning safimizga qo'shiling! Siz bu bilan shaxsiy hayotingiz haqidagi ma'lumotni maxfiy tutishga yordam bergan bo'lasiz. Facebook shaxsiy ma'lumotlarni davlat idoralari va huquq-tartibot organlariga sotmoqda. Ular esa tarmoq orqali dunyo bo'ylab odamlar orqasidan josuslik qilishi imkoniyatiga ega. Facebook saytida maxfiylikni sozlash bu soxta tasavvur! Facebook siz haqingizda oilangizdan ham yaxshi biladi. Bir kun kelib biz to'g'ri ish qilganimizni tushunasiz. Shunda siz internet hukmdorlariga rahmatlar aytasiz. Biz yomonlik istamaymiz, biz sizni qutqarmoqchimiz, - deyiladi Anonymous xakerlar guruhining video-murajaatida.

Eslatamiz, bundan bir necha oy oldin WikiLeaks sayti asoschisi Julian Assanj ham Facebook tarmog'ining AQSh hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilishini va huquq-tartibot idoralariga tarmoq foydalanuvchilarining shaxsiy ma'lumotlarini berishini aytib o'tgan edi.

Internet olamidagi mutahassislarning aytishicha, xakerlarning Facebook saytiga qarshi kuchi yetmasligi mumkin.

- Xakerlarning bunga kuchi yetmasligiga ishonaman. Facebook saytiga hujum qilmoqchiligini e'lon qilgan Anonymous guruhi bu orqali o'zini "qora PR", ya'ni reklama qilmoqchiga o'xshaydi. Ahir eng zo'r xakerlar Facebookning o'zida ishlaydida. Sir emas Facebook yil sayin "Facebook Xaker Kubogi" musobaqasini o'tkazib keladi. Kubokda dunyo bo'ylab kuchli dasturchilar to'planib, Facebook saytidagi kamchiliklarni topish bo'yicha bellashishadi. Eng zo'r xakerlar esa sovrinlar bilan rag'batlantiriladi, - deydi "Yosh to'lqin" bilan bo'lgan suhbatda ismini oshkor etishni istamagan mutahassis.

O'zini xalqaro xakerlar guruhi deya targ'ib qiladigan Anonymous ilk bor 2008 yili Sayentologiya cherkovi saytiga qilgan hujumi bilan tanilgan edi.

2010 yilning dekabr oyida esa Anonymous guruhi WikiLeaks asoschisi Julian Assanj tarafini olib, WikiLeaks bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan va unga qarshi chiqgan idora va shirkatlarning veb-saytlariga hujumlar uyushtirgan edi.

Joriy yilning iyul oyi ohirida AQSh hukumati Anonymousga aloqador 16 xakerni ushlagani haqida e'lon qilgan edi. Biroq avgust oyi boshida Anonymous yana sahnaga qaytdi va AQShning 70 yaqin huquq-tartibot idoralariga tegishli veb-saytlarga hujumlar uyushtirdi.
XS
SM
MD
LG