Линклар

Facebook ijtimoiy tarmog'i Mark Zukerberg sahifasini tarmoqdan o'chirib tashladi


Mark Zukerberg o'z yaratgan tarmoqda yagona "Mark Zukerberg" emas.

Mark Zukerberg o'z yaratgan tarmoqda yagona "Mark Zukerberg" emas.

Facebook ijtimoiy tarmog'i Mark Zukerberg sahifasini tarmoqdan o'chirib tashladi. Yo'q, sahifa siz o'ylagan Facebook asoschisi Mark Zukerbergga emas, balki uning Indiana shtatida istiqomat qiluvchi adashiga tegishlidir.

Bir necha yil muqaddam 48 yashar indianalik yurist Mark Zukerbergning elektron pochtasiga uning Facebookgadi sahifasi boshqa odamning nomi ostida ochilgani va shuning uchun yopilishi kerakligi haqida tarmoq ma'muriyatidan xat kelgan edi. Keyinroq bilsa, xatda aytilgan "boshqa odam" Facebook sayti asoschisi yosh milliarder Mark Zukerberg ekan.

Yurist Zukerbergning aytishicha, 2004 yilgacha uning ismi unga hech qanday noqulayliklar yaratmagan. 2004 yili Facebook saytiga asos solingandan beri esa indianalik Zukerberg o'z ismi o'ziga tegishli emasligini aytadi.
Bugungi kunga kelib Facebook ijtimoiy tarmog'ining qariyb 670 million foydalanuvchisi bor.

- Agar 2004 yili Google Internet qidiruv tizimida "Mark Zukerberg" ismini izlaganingizda faqat men va men haqimdagi ma'lumotni topar edingiz. Ikki yil o'tib esa bu ism orqali Internetda men haqimda ma'lumot topish qiyin bo'lib qoldi. Endi esa mening ismim menga tegishli emas. HowManyofMe.com veb-saytining iddaosiga ko'ra, AQShda faqat birgina Mark Zukerberg ismli odam bor, holos. Aytingchi, ular kimni nazarda tutayotgan ekan, - deb noroziligini bildiradi indianalik yurist Mark Zukerberg o'zining www.iammarkzuckerberg.com saytida.

Yurist Zukerberg Facebook sayti ma'muriyatiga bir qator shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni ko'rsatgan so'ngina tarmoqdagi sahifasini qaytarib berilganligini aytadi.

- Mening sahifam o'chirilganida do'stlarim ularni "do'stlar ro'yxati"dan o'chirib tashladim, deb mendan hafa ham bo'lishdi. Aftidan Facebook ma'muriyatiga ko'rsatgan ID (shaxsni tasdiqlovchi hujjat) yetmadi shekilli, ular mendan haydovchilik va tug'ilganlik haqidagi guvohnomalarimni nusxasini jo'natishimni so'rashdi, - deydi yurist Zukerberg.

Bir qator hujjatlar taqdim etilganidan so'ng indianalik Mark Zukerbergga uning sahifasi qaytarib berildi.
O'zbekistonlik Faceook foydalanuvchilari soni 72 ming atrofida. Bu esa Facebook "ahli"ning atigi 0,01% dir.

Eslatamiz, o'tgan yilning dekabr oyida Facebook qarorgohi joylashgan AQShning Kaliforniya shtatida Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda ro'yxatdan o'tish bo'yicha qonun qabul qilingan edi. Qonunga ko'ra, boshqa odamning nomi ostida ochilgan sahifa noqonuniy hisoblanadi va uning egasi ming dollarlik jarimaga tortilishi va bir yillik qamoq jazosiga mahkum qilinishi mumkin.

Bir necha oy oldin angliyalik Facebook foydalanuvchisi Keyt Middltonning sahifasi ham tarmoqdan olib tashlangan edi. 29 yashar Keyt Middltonning Facebook sayti oldidagi "gunoh"i shahzoda Uilyamning rafiqasi Keyt Middltonning adashi bo'lganligidir.

Aziz mushtariy, agar siz ham biron-bir mashhur odamning adashi bo'lsangiz va Facebookda sahifangiz bo'lsa, har extimolga qarshi pasportiningiz nusxasini tayyorlab turavering.
XS
SM
MD
LG