Линклар

Farg‘ona shahar hokim o‘rinbosari Baxtiyor Hoshimov bir necha haftadan buyon hibsda saqlanmoqda.

Bu xabarni farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashev Baxtiyor Hoshimovning yaqinlariga tayangan holda tasdiqladi.

Huquq faoliga yuridik maslahat so‘rab murojaat qilgan Baxtiyor Hoshimovning yaqinlari unga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining ikki moddasi qo‘llanilayotganligini aytishgan.

- Unga konkretniy ayblar yuklashayapti ekan. Uylarini tintuvga kelganda, tintuv bo‘yicha sanksiyada ko‘rsatilishicha, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi va 205-moddalari bilan aybdorlikka gumon qilinayetgan ekan. Birinchisi, rastrata yoki o‘sha davlat yoki jamoat mulkini talon-taroj qilish,.ikkinchisi, mansabini suiste‘mol qilish. Baxtiyor Hoshimovning yaqinlarini aytishicha, bir necha kun advokatga dostupi bo‘lmagan. Keyin qayerda ekanligi noma‘lum bo‘lgan. Qayerga borishsa, “bizda yo‘q, bizda yo‘q” deyishgan. Yaqinlarini aytishicha, Toshkentning Yunusobodidagi tergov izolyatorida ekan. Menimcha, bu milliy xavfsizlik xizmatiga qarashli. Jinoiy ishni Bosh prokuratura olib borayapti ekan. Tergov vaqtida Baxtiyor Xoshimov Bosh prokuraturaga olib kelinganida, aytishlaricha, uch-to‘rt kundan beri endi advokat ham ko‘rishayapti ekan, - dedi Abdusalom Ergashev.

Ozodlik xodimlari Baxtiyor Hoshimovning advokati bilan kun davomida bog‘lana olmadi.

Huquq faoli Abdusalom Ergashevning aytishicha, Farg‘ona shahar hokimi muovini Hoshimov taxminan 5 aprel kuni Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan malaka oshirib qaytgan paytda hibsga olingan.

- Birinchi o‘rinda farg‘onaliklar Baxtiyor Hoshimovni prezident akademiyasining bitiruvchi kurs tinglovchisi bo‘lganligi, o‘sha Yevropa mamlakatlariga mana shu kursga bog‘liq stajirovka bilan ketganligini va qaytib kelishda Toshkent aeroportida qamoqqa olinganligini ko‘pchilik shaharliklar uning oldin gaz idorasi boshlig‘i lavozimida ishlaganidagi bir insident bilan bog‘lashayapti. Tanishlari, yaqinlari va ko‘plab shaharliklarning aytishlaricha, Baxtiyor Hoshimov shahar gazlashtirish idorasida boshliq bo‘lib ishlaganida shahar prokuraturasining tergovchisi kelib, kamchilik topganda, undan pul talab qilgan. O‘sha pul talab qilganda Baxtiyor Hoshimov milliy xavfsizlik xizmatiga xabar berib, shahar prokuraturasining bir xodimini hibsga olinishiga sababchi bo‘lgan ekan. Mana shu ish bo‘yicha, "bir necha yil o‘tib, prokuratura o‘z qasdini oldi" deyilayapti - odamlarning asosiy versiyasi mana shu, - dedi Abdusalom Ergashev.

Farg‘ona shahar hokimligi rasmiy vyeb-sahifasida 1976 yilda tug‘ilgan Baxtiyor Hoshimov shahar hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, deya ko‘rsatilgan. Ayni paytda hibsda saqlanilayotganligi aytilayotgan Baxtiyor Hoshimov mazkur lavozimda 2007 yildan buyon ishlab kelganligi ham zikr etilgan. Farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashev shahar hokimi muovinining ish faoliyati haqida quyidagilarni gapiradi:

- Hokim muovini bo‘lgan paytida asosan shaharsozlik bo‘yicha muammolarni uning yelkasiga yuklashgan edi. Qo‘p qavatli binolar yoki bir qavatli binolarning yoniga plansiz qurilgan qo‘shimcha qurilishlarni yo‘qotish, buzib tashlash bo‘yicha kampaniya bo‘ldi. Shu kampaniyani boshqardi. Albatta, bunday buzish kampaniyasini boshqargani uchun odamlardan ko‘pchiligining g‘azabiga uchradi. Undan keyin shaharsozlik bo‘yicha daraxtlarni kestirish va shahardagi buzib tashlash, yangi plan, bo‘lajak yangi plan asosida qurilishlarga joy ochish uchun odamlarning uy-joyi, muassasalarni buzib tashlashni boshqarish Baxtiyor Hoshimovning zimmasiga yuklangan edi. Bu tomondan ham u o‘ziga yovqarash qiladigan odamlarni ko‘paytirib olgan edi. Bu odamlarning fikri. Ikkinchisi, ko‘pchilik odamlarning gapi bo‘yicha, mana shu “buz-buz” paytida haligi “o‘rmonga o‘t ketsa, xo‘lu quruq barobar yonadi” degandek, shu yerda ba‘zi bir toshi og‘irroq odamlarning ham joyini buzishga to‘g‘ri kelgan. "Shular qasd oldi" degan gap ham bor, - deydi huquq faoli Abdusalom Ergashev.

Farg‘ona shahar xokimligidan mazkur holat bo‘yicha ma‘lumot olish imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi xodimi esa bitiruvchi kurs tinglovchilari orasida Baxtiyor Hoshimov ismli shaxs yo‘qligini bildirdi.
XS
SM
MD
LG