Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:54

Jarqo‘rg‘on prokuraturasi hibsda o‘lgan tadbirkor ishini tergov qilmoqda


Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani IIB 20 yanvar kuni hibsga olingan 33 yashar tadbirkor Murodilla Omonovning o‘limi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va tuman prokuraturasi tergov olib borayotganini bildirdi. Tadbirkor 20 yanvar oqshom mast holda hibsga olingan va oradan bir necha soat o‘tib, uning jasadi oilasiga berilgan.

Tadbirkorning yaqinlariga ko‘ra, militsiya xodimlari juma oqshom to‘ydan qaytayotgan ​Omonov mashinasini to‘xtatib, uning alkogol ichganini payqagach, hibsga olgan, oradan bir necha soat o‘tgach, uning jasadini onasi Karomatxon Qodirovaga topshirgan.

23 yanvar kuni Ozodlik muxbiri hodisa yuzasidan tuman IIB, prokuratura va hokimiyatiga bog‘landi.

Jarqo‘rg‘on tumani IIB xodimidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 20 yanvardan 21 yanvarga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ayni paytda tuman prokuraturasi tergov olib bormoqda.

Ozodlik "Agar jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, O‘zbekiston JKning qaysi moddasi ostida qo‘zg‘atildi va kimga nisbatan qo‘zg‘atildi? Qiynoq qo‘llanilganiga oid iddaoni tasdiqlaysizmi?" kabi savollarga tuman IIB va ayni paytda tuman prokuraturasidan ham aniq javob ololmadi. IIB vakili tergov manfaatlari doirasida boshqa ma’lumot berilmasligini bildirdi.

Tuman IIB xodimlari tomonidan hibsga olganidan so‘ng qisqa muddat ichida vafot etgan tadbirkorning onasi Karomatxon Qodirova rasmiylar o‘g‘li yurak xuruji​ - infarkt miokarddan o‘ldi, deb bildirganini aytmoqda.

"02"ga qo‘ng‘iroq qilsam, o‘g‘lingiz yurak xuruji bilan rayon kasalxonasiga olib ketildi, deyishdi. Lekin, qoshini tepasidagi chandiqni ko‘rdingizmi? Boshining orqa tarafini yorgan, kesgan, qonab yotibdi. Tomog‘idan boshlab, qornigacha yorishgan. O‘h singiljon, bolamni edi bular", deydi Karomatxon Qodirova.

Ya’ni, marhumning yaqinlari Omonov yurak xurujidan o‘lgan bo‘lsa, uning qoshi tepasida tikilgan yoriq va boshi ortidagi bir necha jarohat izlari qanday paydo bo‘ldi, degan savollarga javob izlamoqda.

Murodilla Omonovning o‘limi yuzasidan patologoanatom ekspertiza xulosasi 15 kun ichida taqdim etilishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasi bilan yillardan buyon shug‘ullanib kelgan huquq faoli - Mustaqil inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov ham hodisani o‘rganmoqda va Ozodlikka bu haqda mana bularni bildirdi:

"Menga ma’lum bo‘lishicha, boshining orqa tarafi og‘ir predmet bilan, qandaydir temir yoki bir o‘tkir narsa bilan qoshining tepasiga, boshining orqasiga urgan. Endi tanasining boshqa qismida qiynoq izlari bo‘lgani-bo‘lmagani – menga hozircha ma’lum emas".

Karomatxon Qodirova o‘g‘li nima sababdan o‘lgani haqidagi savollariga tuman va viloyat IIB, prokuraturasi aniq javob bermayotganini da’vo qilarkan, O‘zbekiston prezidentidan bu ishga aralashishini so‘radi:

"Iltimos, Shavkat Miromonovichga, iloji bo‘lsa, yetkazinglar! Men tadbirkor ayolman, maqtanmayman, mehnat bilan shu darajaga etishgan ayolman. Men endi bular bilan kurashaman, bor haqiqat prezidentimizga yetib borsa, armonim yo‘q edi!"

Ozodlik hodisa tafsilotlarini aniqlashda davom etadi, yangiliklarni saytimizda kuzatib boring!

XS
SM
MD
LG