Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:47

Hokimiyat Chorsudagi 38 ta do‘konni egalariga buzdirib, qayta qurdirmoqchi


Chorsuda dastlabki buzilayotgan do‘konlardan biri. 2017 yil, fevral.
Chorsuda dastlabki buzilayotgan do‘konlardan biri. 2017 yil, fevral.

Toshkent shahar hokimligi rasmiylari kuni kecha Ko‘kaldosh madrasasining so‘l tomonidagi Chorsu bozoriga olib boruvchi yo‘lning ikki tarafida joylashgan 38 ta do‘kon egalari bilan yig‘ilish o‘tkazdi.

Rasmiylar tadbirkorlarga ularning do‘konlari buzilishi lozimligini, buzilgan do‘konlarning o‘rniga ularning o‘zi shaxsiy mablag‘lari hisobiga yangi yaxlit savdo markazi qurib olishni taklif qildi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan do‘kondorlar shahar ma’muriyati taklifi zamirida ularni egallab turgan joydan siqib chiqarish maqsadi yotganini gumon qilayotganlarini aytdi.

Chorsu, 22 fevraldagi vaziyat

Ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlik bilan gaplashgan do‘kondorlardan birining aytishicha, shahar ma’murlari o‘tkazgan yig‘ilishdan 3 kun o‘tib, vaziyat bunday:

- Shu kunda 38 ta do‘kondan qariyb yarmi ishlayapti. Qolganlari, asosan, ijaraga berilgan do‘konlardan egalari tovarlarini olib chiqib ketdi. 2-3 ta do‘kon qurilish materiallari uchun sotib oluvchilarga sotildi ham. Ular do‘konlarni buzib materiallarini olib ketishni boshladi.

Suhbatdoshimizning do‘koni hozircha ishlab turibdi.

Do‘kon necha pul?

Masalaning ko‘lamini tushunish uchun suhbatdoshimizdan uning do‘koni hajmi va qiymatini so‘radik.

- Do‘konim, agar yerto‘lasi bilan hisoblansa, ikki qavatli, umumiy maydoni 200 kvadrat metrlik imorat. Buz-buz boshlanguncha sotmoqchi bo‘lsam, 120-130 ming dollarga sotgan bo‘lardim. Bozor narxidagi dollarni aytyapman, dedi do‘kondor.

Uning aytishicha, 38 ta do‘kon orasida maydoni 1600 kv. metrlik do‘konlar ham bor. Eng kichik do‘kon 35 kv. metrlikdir. Buzilishi kutilayotgan do‘konlarning umumiy maydoni 9500 kv. metr ekanligini suhbatdoshimiz qo‘lidagi hujjatlarga tayanib aytdi.

Do‘kon 38 ta, lekin tirikchiligini o‘tkazayotganlar ko‘p

Suhbatdoshning aytishicha, 38 ta do‘kon deyilar ekan, gap 38 ta mulk egasi – mulkiga oid kadastr hujjatlari mavjud mulkdorlar to‘g‘risida ketayapti. Aslida esa, bu imoratlarda savdo qilayotganlar soni bu raqamdan ancha ko‘pdir. Masalan, do‘konlarning eng kattalari ichida 10-12 tagacha mayda do‘konlar bor.

Buz-buzga uch xil munosabat

Do‘koni buzilishi kutilayotganlardan yana birining Ozodlikka aytishicha, hamkasblarining boshlanayotgan buz-buzlarga munosabati to‘g‘risida aniq bir fikr bildirish qiyin. Jamoani taqriban uch guruhga: buzib-qurishga rozilar, norozilar hamda hali aniq fikrga kelmaganlarga bo‘lish mumkin.

Yig‘ilishda nima gap bo‘ldi?

Shanba, 19 fevral kuni Toshkent shahri va Shayhontovur tuman hokimlari Navoiy ko‘chasidagi Milliy matbuot markazida do‘kondorlar bilan o‘tkazgan yig‘ilishda xolis kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan Ozodlik manbasining aytishicha, rasmiylar do‘kondorlarga “kadastr hujjatlari borlarning buziladigan do‘koni turgan yerda qolgisi kelmaganlarga boshqa erdan joy beriladi, qolgisi keladiganlar esa, buziladigan do‘konlar o‘rniga quriladigan bino uchun pul sarflashi kerak, hokimiyat buzishga aralashmaydi, qurish ham sizlarning zimmangizda”, degan.

Qayta qurish formulasi

Yig‘ilishda ishtirok etgan yana bir do‘kondorning Ozodlikka aytishicha, rasmiylar taklif qilgan qayta qurishning ajabtovur formulasi bunday:

do‘kondorlar birlashib, o‘zlari orasidan 2 – 3 kishini mas’ul qilib saylaydi;

mas’ullar 15 kunlik muddat ichida me’morlarga qurilajak bino loyihasini 2 - 3 variantda chizdiradi;

tayyor bo‘lgan loyiha hokimiyatga olib boriladi;

hokimiyat loyihalardan birini tanlaydi;

do‘kondorlar o‘sha loyiha bo‘yicha yangi imoratni qurdiradi;

yangi imorat loyihasini tayyorlashdan tortib, imorat qurilishigacha ketadigan sarf-harajatlarni do‘kondorlarning o‘zi ko‘taradi.

Bu haqda Ozodlikka aytib bergan do‘kondor “Qurilish u yoqda tursin, loyiha tayyorlatish uchun 15 kungina ajratganlaridan aytish mumkinki, hokimiyatning maqsadi bizni Chorsudan chiqarib tashlashga o‘xshaydi, dedi.

Hokimiyat vakili: Xavotirga o‘rin yo‘q!

Mahalliy web-nashrlardan biri mavzuga murojaat qilib, 21 fevralda Toshkent shahar ma’muriyatidagi o‘z manbasining so‘zlarini keltirdi

Hokimiyat vakilining aytishicha, “Chorsu bozorining bir qismi rekonstruksiya qilinishi bilan bog‘liq xavotirlariga o‘rin yo‘q. Do‘konlar eskirib ketganligi sababli ularning o‘rniga yangilari quriladi. Shu kunda me’morchilik tashkilotlaridan biri loyiha tayyorlamoqda. Qurilajak binoda milliy kolorit va me’morchilikning zamonaviy shakllari saqlanib qoladi. Bu yerda savdo qilayotgan bitta ham xodim ish o‘rnini yo‘qotmaydi, qo‘polroq aytsak, ko‘chada qolmaydi”.

Sovet hokimiyati yillarida bo‘sh turgan joyda mamlakat mustaqillikka chiqqanidan so‘ng qurilgan bu do‘konlar Toshkentga keladigan sayyohlar albatta bir bosh tiqib o‘tadigan maskanga aylangan, ularda kiyim-kechagu zargarlik buyumlaridan tortib, sayyohbop suvenirlargacha sotilar edi.

XS
SM
MD
LG