Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:37

O‘smirlarning “xudkushlik o‘yinlari” xavotirga sabab bo‘lmoqda


14 fevral kuni Rossiyaning Kirishi shahrida 10 yashar qizaloq oynadan qulab tushganidan keyin shifoxonaga yotqizildi. Mahalliy matbuot dastlabki xulosalarga ko‘ra, mazkur hodisa “Ko‘k kit” nomi bilan ma’lum bo‘lgan onlayn “o‘yin”ga aloqador ekanligi haqida yozdi. 20 fevral kuni mahalliy matbuot Federal xavfsizlik xizmatining Sankt-Peterburg bo‘limi bolalar xudkushligi haqida yangi ma’lumot bazasi yaratgani haqida xabar berdi.

Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda “Ko‘k kit” haqida xavotirga soluvchi xabarlar urchidi. “Ko‘k kit” onlayn o‘yin bo‘lib, uning ishtirokchilari o‘yin yakunida o‘z joniga qasd qilishga chorlanadi. O‘yinda ishtirok etuvchilar rus tilidagi “ko‘k kit”, “kitlar dengizi”, “men o‘yindaman”, “meni 4:20 da uyg‘ot”, “F58” hamda boshqa heshteglardan foydalanishadi.

“Novaya gazeta” tayyorlagan hisobotga ko‘ra, Rossiya ommaviy Internet-texnologiyalari markazi 20 yanvar kuni o‘yin bilan bog‘liq heshteg 4000 marta ishlatilganini aniqlagan. Ukraina, Belarus, Ozarbayjon kabi boshqa sobiq sovet davlatlarida ham shubhali holatlar haqida xabar tarqatildi.

Internetning rus tilidagi segmentida o‘yinda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etmoqchi bo‘layotgan yoshlar profillari, o‘z tanasiga o‘yin heshteglarini qirib yozish hollari hamda o‘yin tufayli o‘z joniga qasd qilgan o‘smirlar haqida ko‘p xavotir bildirilayotgan bo‘lsa-da, Rossiya yoki Markaziy Osiyoda birorta ham o‘lim qat’iyan “Ko‘k kit” o‘yiniga bog‘langani yo‘q.

Masalan, 6 fevral kuni Qozog‘istonning Qarag‘andi shahrining 19 yoshli turg‘uni o‘z joniga qasd qildi. Uning o‘limiga “Ko‘k kit” guruhi sababchi bo‘lgani haqida ko‘p aytildi. Ammo o‘smirning amakisi Marat Aytqazin Ozodlik bilan suhbatda jiyanining o‘limi hech qanday Internet o‘yinga bog‘liq emasligini ta’kidladi.

Ruhiy salomatlik mutaxassislari hamda hukumat rasmiylari ham xavotir bildirmoqda, lekin boshqa sababrlarga ko‘ra. Faollar yoshlarni bunday dahshatli o‘yinlarga chorlayotgan sabablarga e’tibor qaratishga chaqirmoqda. Siyosatchilar esa “Ko‘k kit” kabi o‘yinlar tufayli Internetni yanada qattiqroq nazorat qilish kerkaligini aytishmoqda.

Rossiya Federatsiyasining Ijtimoiy palatasi 16 fevral kuni xudkushlikka chorlaganlarga qattiqroq jazo ko‘rishni muhokama qildi. Yig‘in davomida palata a’zolariga “Ko‘k kit”ni “ukrain millatchilari” yaratgani, o‘yin kampaniyasi “kamida 2 million yoshlarga” yetib borgani aytildi.

Shimoliy Osetiya matbuoti 17 fevral kuni “Ko‘k kit” guruhini tuzishda ayblanayotgan to‘rt kishi qo‘lga olingani haqida yozdi. Xabarlarga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxslar 1 fevral kuni o‘z joniga qasd qilgan o‘msirning o‘limiga sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

20 fevral kuni Oltoy ayblovchilari 15 yoshli o‘smirni xudkushlikka chorlagan “Ko‘k kit” guruhini tergov qila boshlashdi.

O‘tgan yilning 14 noyabrida Rossiya politsiyasi Moskva yaqinida 21 yoshli Filipp Budeykinni “Ko‘k kit” “o‘lim guruhi”ni tuzishda gumonlab, qo‘lga oldi. O‘sha paytda yana o‘nga yaqin odam qo‘lga olingani, ammo ularning barchasi so‘roq qilinib, qo‘yib yuborilgani xabar qilindi.

Rasmiylar Budeykinni 15 xudkushlik holatiga aloqadorlikda aybladi. Ammo uning huquqshunosi Rostislav Gubenko Ozodlik bilan suhbatda faqat bitta holat haliyam tergov qilinayotganini aytdi. Sud qaroriga ko‘ra, politsiya Budeykinni 15 maygacha ushlab turishi mumkin.

O‘zbekistonda “Ko‘k kit” “o‘yini” haqiqatdan ham o‘ynalayotgani haqida Ozodlikda aniq ma’lumotlar yo‘q. Ayni paytda, ijtimoiy tarmoqlarda mazkur o‘yin haqida hazil suratlar keng tarqalayapti.​

Tabiiyki, “Ko‘k kit” yuqorida tilga olingan davlatlar rasmiylarini xavotirga solib qo‘ygan. Rossiya deputatlari o‘zgalarni o‘z joniga qasd qilishga undash uchun beriladigan jazoni kuchaytirishga chaqirmoqda. Qozog‘iston ichki ishlar vaziri ijtimoiy tarmoq foydlanuvchilarining milliy ma’lumot bazasini tuzishga chaqirdi. Qirg‘izstonda esa politsiya maktab va Internet kafelarni tekshirdi.

Mutaxassislar esa ota-onalarni ogoh bo‘lishga, o‘z farzandlari o‘lim bilan bog‘liq o‘yinlarga qiziqish ko‘rsatsa, tezkorlik bilan chora ko‘rishga chorlamoqda. Ozodlik radiosi muxbirlari soxta hisob ochib, o‘yin uyushtiruvchiari va ishtirokchilari bilan aloqaga chiqdi. Aksar hollarda o‘yin bilan bog‘liq heshteglarni ishlatgan hisoblarning tezda bloklangani kuzatildi.

XS
SM
MD
LG