Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:40

Freedom House: O‘zbekistonda 2010 yilda o‘zgarish bo‘lmadi


Freedom House O‘zbekistonda demokratiyaning yo‘qligini Islom Karimov hukmronligi bilan bog‘lamoqda.
Freedom House O‘zbekistonda demokratiyaning yo‘qligini Islom Karimov hukmronligi bilan bog‘lamoqda.
“O‘tish davridagi davlatlar 2011” nomli hisobotda Karimov davlat tepasida qolsa, O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlar ro‘y bermaydi, deya xulosa qilinadi.

Freedom House – Ozodlik uyi tashkiloti “O‘tish davridagi davlatlar 2011” nomli hisobotni e‘lon qildi. Markaziy va Sharqiy Yevropa, Bolqon va sobiq ittifoq davlatlaridagi demokratik o‘zgarishlar to‘g‘risidagi hisobotga ko‘ra, avtoritar mamlakatlar hukmdorlarining hokimiyat ustidan o‘z nazoratini kuchaytirib borgani hukumat boshqaruvida muammolarni vujudga keltirdi, xususan ularning qonunga asoslangan tizimlarni yo‘lga qo‘yish va korrupsiyaga qarshi kurash imkoniyatlarini yo‘qqa chiqardi.

Hisobotning O‘zbekistonga oid qismida aytilishicha, o‘tgan yil davomida prezident Islom Karimov hokimiyat tepasiga kelganidan beri kuzatilgani kabi, mamlakatda hech bir demokratik o‘zgarish ro‘y bermagan.

“Har yilgi an‘anaga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqilligining 19 yilligi arafasida, 31 avgust kuni nutq so‘zlagan O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov demokratiya haqida gapirdi. “Bizning eng ezgu niyatimiz jahonning taraqqiy etgan va demokratik davlatlari qatoriga qo‘shilishdir”, dedi. Aslida 2010 yil ham Karimov hukmronligining avvalgi yillaridan demorkatik o‘zgarishlar bilan farq qilmadi. 1991 yildan beri Karimov O‘zbekiston boshqaruvining barcha sohalari va ijtimoyi hayotining aksar sohalari ustidan hukmronlik qilib keldi... Ijroiya hokimiyat faqat va faqat prezidentning amrini barashni o‘zining yagona vazifasi, deb biluvchi qonunchilik va sud hokimiyatidan ustun turadi”, deyiladi hisobotda.

Freedom House tashkiloti deyarli barcha tanqidchilari, jumladan jurnalistlar, huquq faollari va siyosiy raqiblari ovozini o‘chirgan Karimov rejimi 2010 yilda endi O‘zbekiston obro‘yiga putur yetkazgani vajidan mamlakat va hukumatning ba‘zi kamchiliklariga e‘tibor qaratgan ziyolilarni ta‘qib qila boshlaganini qayd etadi.

O‘zbekiston hukumati, deyiladi hisobotda, bu siyosatni hech qanday to‘siqsiz olib bormoqda. Boisi Karimov hukumatiga na mamlakat ichda, na xalqaro miqyosda bosim bor. O‘zbekistonning Afg‘onistondagi NATO qo‘shinlari ta‘minotini amalga oshirishdagi roli G‘arb davlatlarining bu mamlakatda demokratik islohotlar va inson huquqlarini hurmat qilish borasida bosim o‘tkazish imkoniyatlarini cheklab qo‘ygan, deyiladi “O‘tish davridagi davlatlar 2011” hisobotida.

Hujjatda shuningdek, O‘zbekiston hukumatining 2010 yilgi O‘sh qirg‘inidan o‘ziga siyosiy ochko to‘planganiga e‘tibor qaratiladi.

“2010 yil aprelida Qirg‘iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyevning hokimiyatdan ag‘darilishi va Qirg‘iziston janubida iyun oyi o‘rtalarida avj olgan etnik zo‘ravonliklar prezident Karimov tegirmoniga suv quydi. Vahshiyliklarning asosiy nishoni etnik o‘zbeklar bo‘lgan iyun zo‘ravonliklari paytida janubiy Qirg‘izistonga qo‘shin yubormagani uchun Karimov xalqaro hamjamiyatning taqsiniga sazovor bo‘ldi”, deya qayd etiladi hisobotda.

Unda aytilishicha, Karimov 400 ming etnik o‘zbek qochqinlardan 100 mingining mamlakatga kirishiga ruhsat bergani ham xalqaro olqishlarga hissa qo‘shdi. Hisobot mualliflari qochqinlarning barchasi bir oy ichida qaytarib yuborilgani, ularning ko‘pchiligi majburlab chegara ortiga chiqarib yuborilganini ta‘kidlganini ham qayd etadi.

O‘zbekiston ichki siyosati falaj ahvolda qolayotgani, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish yoxud kelgusida mamlakatni boshqaradigan mutaxassislarni yetishtirib chiqara oladigan ta‘lim tizimini yo‘lga qo‘yish borasida davlat tomonida hech qanday chora ko‘rilmayotgani ham dozarb muammoligicha qolayotgani aytiladi hisobotda.

Prezident Karimov va unga yaqin doira mamlakatni istaganicha boshqarishda davom etmoqda, bunda xavfsizlik kuchlari rejimning hokimiyat tepasida qolishini ta‘minlamoqda, deya xulosa qiladi Freedom House O‘zbekistondagi boshqaruv tizimi haqida.

Mustaqil matbuot haqida yozar ekan hisobot mualliflari, “O‘zbekiston rasmiylari mamalkatda mustaqil matbuotni yo‘q qilganiga bir necha yillar bo‘ldi. Davlat O‘zbekistondagi voqealarga oid rasmiylar va davlat matbuoti tarqatayotgan ma‘lumotlardan farq qiluvchi xabarlarni bergan shaxslarni ta‘qib qilish va qamoqqa tashlashni davom ettirdi. Xususan, 2010 yilda davlat qashshoqlik va axloqsizlik kabi, hukumat O‘zbekistonning xalqaro obro‘yiga putur yetkazadi, deb hisoblovchi mavzular yoritilishiga to‘sqinlik qildi”, deya qayd etadi.

Hisobot mualliflari O‘zbekistonda korrupsiya darajasining yuqoriligi, saylov tizimining noqisligi, fuqaroviy jamiyatning qiyin ahvolda qolayotgani va ko‘plab boshqa muammolarni ham qayd etadi.

O‘zbekiston istiqobllari haqida Freedom House tadqiqotchilari "Karimov sog‘-salomat davlat tepasida qoladigan bo‘lsa, bu mamlakat demokratik tizimga o‘tishini kutishga asoslar yo‘q", deya xulosa qiladi.
XS
SM
MD
LG