Линклар

logo-print

Fukusimada ofatdan omon qolgan Sherniyoz uyiga qaytmoqda


"K+" televideniyesi e‘lon qilgan bu surat markazida jilmayib turgan qora kurtkali yigit — Sherinyoz Pirniyozov ofatdan omon qolgani haqida gapira turib: "Xuddi onadan yangi tug‘ilgandayman", dedi Ozodlik bilan suhbatda.

"K+" televideniyesi e‘lon qilgan bu surat markazida jilmayib turgan qora kurtkali yigit — Sherinyoz Pirniyozov ofatdan omon qolgani haqida gapira turib: "Xuddi onadan yangi tug‘ilgandayman", dedi Ozodlik bilan suhbatda.

Yaponiyaning Fukusima shahrida tabiiy ofat tufayli bedarak ketganlar ro‘yxatiga tushib qolgan o‘zbekistonlik Sherniyoz Pirniyozov sog‘-omon vataniga qaytmoqda. Qoraqalpog‘istonlik bu yigit Ozodlik bilan suhbatda bu qadar dahshatli tabiiy ofat changalidan to‘rt muchchasi salomat chiqqanidan benihoyat baxtiyor ekanini so‘zladi.

Ayni paytda Sherniyoz qidirilayotganlar ro‘yxatiga tushib qolgani va bu haqdagi darak mushtipar onasi qulog‘iga yetib, u kishining diliga ozor yetganidan qattiq iztirobda ekanini qo‘shimcha qildi.

Eslatamiz, 11 mart kungi zilzila oqibatida yopirilgan to‘fondan zarar ko‘rgan Fukusima prefekturasidagi tumanlardan birida malaka oshirayotgan nukuslik 34 yoshli Sherniyoz Pirniyozov qidirilayotganlar ro‘yxatiga tushgani haqida yapon matbuoti xabar bergan edi.

Ozodlik bilan suhbatda Sherniyoz tabiiy halokat chog‘ida o‘ziga hech qanday ziyon yetmagani, uning qidirilayotganlar ro‘yxatiga tushib qolganiga esa u yashab turgan hududda uch kungacha aloqa uzilib qolgani sabab bo‘lganini aytdi.

- Bizda uch kungacha svyaz bo‘lmay qoldi. Koriyama shahrida. Biz bo‘lgan shaharda yer silkinishi juda ham yaxshi bo‘ldi.

Ozodlik: Yer silkinishi qattiq bo‘ldimi?

- Ha, qattiq bo‘ldi.

Ozodlik: Necha ball bo‘ldi siz yashab turgan joyda?

- 8 ballar atrofida bo‘ldi. To‘g‘risi, shunaqa nimani ko‘rib juda qattiq xavotirlanib qoldim.

Ozodlik: Siz yashab turgan shaharda nobud bo‘lganlar bo‘lmadimi?

- Yo‘q, bizning yonimizdagilarni hammasi yaxshi. Bizga yordam berishdi vaqtida. Evakuatsiya qilishdi. Maktabga bordik. Maktabga oborib, hammasini vaqtida organizovat qilishdi. Ularga katta rahmat.

Ozodlik: Demak, eng asosiy muammo telefon orqali aloqa bo‘lmay qolgani bo‘lganda-a?

- Ha, aloqa bo‘lmay qoldi. Svyaz bo‘lmay qoldi hech qanaqa. Men uyga ham qo‘ng‘iroq qila olmay qoldim. Juda ham qo‘rqdim. Kunma kun, minut, sekund sanab yotdik. Juda ham qo‘rqinchli holat bo‘ldi.

Ozodlik: Uch kundan keyin aloqa bo‘ldimi yoki boshqa joyga ko‘chirishdimi?

- Uch kundan keyin mobilniklar ishlay boshladi. Yonimdagi bir yigitning sotkasi bor edi. O‘sha orqali uy bilan gaplashdim.

Ozodlik: Birinchi bo‘lib uy bilan gaplashgandirsiz?

- Ha, srazu uyga qo‘ng‘iroq qildim. Chunki oldin qo‘ng‘iroq qilib turardim. Uch kun ichida qo‘ng‘iroq qila olmadim. Tem boleye televizordan ko‘rsatayapti nima bo‘layotganini. Shunga qo‘rqib qolgan ekanlar. Oyimning ham yuragi og‘ribdi. Nimagadir shunaqa informatsiya ketib qolibdi sizlardan. Bu esa menga yana udar bo‘ldi.

Yaponiyaning Fukushima shahri ham tabiy ofatdan qattiq jabr ko'rgan.



Ozodlik
: Bilasizmi, avvaliga bu haqda Yaponiya matbuoti xabar qilgandan keyin, keyin u yerdagi o‘zbeklar sizni qidirayotgani haqidagi forumlarni ko‘rganimizdan keyingina biz bu haqda xabar berdik. Bizning maqsadimiz sizni topish edi. Kimdir siz bilan aloqada bo‘lsa, bizga xabar bersa, degan niyatda edik. Keyin JICA ning Toshkentdagi vakolatxonasi “Shunaqa bu bola sog‘-salomat. U bilan biz aloqadamiz” deb xabar berdi. Keyin biz uni ham vyeb sahifamizga qo‘yib, efirda ham eshittirdik. Oyingiz bizning radioni eshitib xabar topibdimi yoki vyeb sahifa orqalimi?

- Eshitganlar.

Ozodlik: Sizning sog‘-salomatligingiz haqidagi xabarni ham eshitibdimi?

- Ha, men ham qo‘ng‘iroq qildim. Oyim juda quvonib qoldi. Bilasizku, qiyin holatku endi. Biz o‘z boshimizdan kechirdik bunaqa nimani. Bunaqa zilzilani ko‘rmaganmanda.

Ozodlik: Hozir kayfiyatingiz qanaqa? Nimalar qilmoqchisiz?

- Yaxshi, yaxshi, sekin-sekin, stresslar ketyapti. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi.

Ozodlik: Fukusimada nima qilayotgan edingiz o‘zi?

- Yanvar oyidan beri shu yerda o‘qiyotgan edim.

Ozodlik: Hali yana davom etadimi o‘qishingiz?

- Yo‘q, uje tugadi. Vatanimga qaytaman.

Ozodlik: Juda yaxshi, biz siz uchun rosa xursandmiz.

- Bunaqa falokatlardan keyin men o‘zim ham yangidan tug‘ilganday bo‘ldim.

Ozodlik: Tushunamiz sizni, go‘yoki siz bir o‘limdan qaytib kelgan odamdaysizda. Ammo, eng muhimi sizning salomatligingiz.

- Katta rahmat sizlarga. To‘g‘risi, men bu halokat paytida juda qo‘rqib qoldim shekilli. Endi yaxshilab dam olish kerak, stresslarni unutishim kerak. Xudo hohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi.
XS
SM
MD
LG