Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:06

O‘zbekiston Rossiyaga paxta sotuvchi uch yirik eksportchining biriga aylandi


Rossiya Sanoat va savdo vaziri muovini Viktor Yevtuxov va O‘zbekistonTashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniev. (Rossiya Sanoat va savdo vazirligi rasmiy fotosi)
Rossiya Sanoat va savdo vaziri muovini Viktor Yevtuxov va O‘zbekistonTashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniev. (Rossiya Sanoat va savdo vazirligi rasmiy fotosi)

O‘zbekiston Rossiya bozoriga paxta yetkazib beruvchi mamlakatlar uchligidan o‘rin oldi. Bu ma’lumotni keltirgan Rossiya Sanoat va savdo vaziri muovini Viktor Yevtuxov O‘zbekistondan Rossiyaga paxta xom-ashyosi bilan birga import qilinayotgan gazlama, trikotaj, tayyor tikuv mahsulotlari hajmi ham oshganini bildirdi. Shuningdek, ikki davlat hukumatlari o‘rtasida O‘zbekistonda rus avtomobillari, kombaynlarini yig‘ish, dori-darmon ishlab chiqarishni tashkil etish borasida muzokaralar olib borilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Rossiya O‘zbekistonning eng yirik paxta importyorlaridan biri

Toshkentda shu yilning fevral o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Rossiya-O‘zbekiston komissiyasi yig‘ilishida ishtirok etib qaytgan mamlakat Sanoat va savdo vaziri muovini Viktor Yevtuxov ikki davlat o‘rtasidagi savdo-sotiq va iqtisodiy hamkorlik masalalarida o‘sish kuzatilayotganini alohida ta’kidladi.

U, jumladan, 2016 yilda Rossiyaga O‘zbekistondan yetkazib berilayotgan paxta, trikotaj va oziq-ovqat mahsulotlari hajmi keskin oshganini e’tirof etdi.

- 2016 yilda O‘zbekistondan paxta tolasini yetkazib berish 3 ming tonnadan 9,7 ming tonnaga yetkazildi va umumiy hisobda 14,8 million dollarni tashkil etdi. O‘zbekiston Rossiyaga paxta tolasini yetkazib berayotgan mamlakatlar qatorida beshinchi o‘rindan uchinchiga ko‘chdi, dedi vazir muovini.

Viktor Yevtuxov 2016 yilning 11 oyida Rossiyaga import qilinayotgan o‘zbek ip-kalavasi 3 foizga, ip-gazlama – 55 foizga, trikotaj gazlama – 69 foizga, tayyor tikuv va trikotaj mahsulotlari 11 foizga ko‘payganini bildirdi.

Vazirlik rasmiysi buni Rossiya hukumatining bevosita O‘zbekistondagi ishlab chiqaruvchilar bilan aloqa tuzgani hamda bu sohadagi o‘zaro hamkorlik kuchaygani bilan izohladi.

Hozirgacha Rossiyaga paxta yetkazib beruvchi mamlakatlardan eng yiriklari Xitoy va Hindiston bo‘lib qolmoqda. Bu ikki davlatdan keyingi uchinchi o‘rinni O‘zbekiston egalladi.

O‘zbekistonda Rossiya avtomobillari, kombaynlari va dori-darmonlari ishlab chiqarilishi mumkin

Viktor Yevtuxov Toshkentdagi uchrashuvda Rossiya-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorligidagi yo‘nalishlaridan biri sifatida avtomobil ishlab chiqarishi tanlanganini bildirib, dedi:

- Rossiyaning eng yirik engil avtomobil, mikroavtobus ishlab chiqaruvchi – “GAZ” Guruhi o‘z avtomobillarini, xususan mikroavtobuslarni Samarqand avtomobil zavodida yoki O‘zbekiston Respublikasi hukumati taklif etgan boshqa maydonda yig‘ishni tashkil etishga qiziqish bildirmoqda. O‘zbekiston hukumati tomonidan bu loyihani amalga oshirishga hech qanday to‘sqinlik ko‘rilmayotgani aytildi, deya qo‘shimcha qildi Viktor Yevtuxov.

Shuningdek, ikki hukumat o‘rtasida “Vektor-410” yem-xashak va boshoq yig‘uvchi kombaynlar ishlab chiqish tashkil etilishi borasida muzokaralar ham olib borilayotganini ma’lum bo‘ldi.

- Ayni paytda, “Rostselmash” O‘zbekistonga “Vektor-410” boshoq yig‘uvchi kombaynlarning Pokiston, Turkmaniston, Afg‘onistonga eksporti huquqini berishga tayyor, dedi Rossiya Savdo-sanoat vazirligi mutassadisi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan 18- Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Rossiya-O‘zbekiston komissiyasi yig‘ilishida farmatsevtika sohasida ham keng qamrovli va o‘zaro foydali hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Rossiya farmakologiya sanoati tarafidan dori-darmon tayyorlash texnologiyalar va substantsiyalar etkazib berish bo‘yicha O‘zbekistonga takliflar berilgani ma’lum qilindi.

Viktor Yevtuxov bu takliflar natijasida O‘zbekiston kimmatbaho import preparatlarini sotib olishga muhtojlik sezmasligi, ko‘plab zaruriy dori-darmonlar mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilishi imkoni ochilishini qo‘shimcha qildi.

- O‘zbekiston tomoni ishlab chiqarish liniyasiga sarmoya yotqizib, preparatlarni qayddan o‘tkazsa, kifoya, dedi Rossiya Sanoat va savdo vaziri muovini Viktor Yevtuxov.

Rossiya Sanoat va savdo vazirligibu va boshqa masalalar bo‘yicha tayyorlanayotgan qator hujjatlar joriy 2017 yilning aprel boshlaridagi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Moskvaga uyushtirilajak rasmiy tashrifi davomida imzolanishi kutilayotgani aytilgan edi.

Ikki davlat o‘rtasida migratsiya sohasiga oid qator hujjatlar imzolanishi mumkinligi ham aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG