Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:23

Jizzaxda daryoga oqqan militsiya podpolkovnigining jasadi topilmayapti


Jizzax shahridagi Sarbon mahallasidan o‘tuvchi Sangzor daryosiga 19 fevral kuni cho‘kkan militsiya podpolkovnigining jasadi dushanba kuni ham topilmadi.

Jizzax viloyat huquq-tartibot organlaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkib bilan ishlash bo‘limi rahbar muovini, 36 yashar podpolkovnik Shuhrat Shukrilloevich Hamidov hozirgacha noma’lum sabab bois daryoga cho‘kib ketgan:

- Qidiruv ishlariga butun shaxsiy tarkib safarbar qilingan bo‘lganiga qaramasdan, dushanba peshindan keyin ham podpolkovnikning jasadi topilmadi¸ deydi manba.

Manbaning aytishicha Jizzax shahar prokuraturasi militsiya podpolkovnigi bilan bog‘liq hodisani surishtirmoqda.

Sangzor daryosi yoqasida istiqomat qiladigan kollej o‘qituvchisining Ozodlikka bildirishicha, daryo bo‘yida hali ham qidiruv ishlari davom etmoqda. Suhbatdosh iddaosicha, “shahar militsiyasida kadrlar bilan ishlaydigan mulozim o‘zini suvga otib joniga qasd qilibdi”, degan gap-so‘zlar tarqagan.

Ozodlikning shahardagi boshqa manbasi ham bunday gaplar ko‘payganligini ta’kidladi.

Xudkush mirshablar

O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlaridagi xodimlarning o‘z joniga qasd qilishiga oid bir necha holat haqida o‘z vaqtida xabar qilingan edi.

Masalan, o‘tgan yili MXX Moddiy-texnikaviy ta’minot bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Milliy xavfsizlik xizmati polkovnigi Igor Pirojkov xizmat kabinetida to‘pponchadan o‘zini otib o‘ldirgan edi.

2015 yili Andijon viloyati Baliqchi tumanining Chinobod shaharchasida militsiya xodimi 28 yoshli Diyorbek Davlatov o‘zini osgan edi. Militsiya xodimlarining o‘z joniga qasd qilishi yoki o‘q otar qurolni ishlatib, o‘limga sabab bo‘lishiga oid voqelardan biri Samarqand viloyatida yuz bergan edi.

Nurobod tumani IIB huquqbuzarlikning oldini olish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, 30 yashar Ulug‘bek Mamarahimov o‘z joniga qasd qilgan edi.

Bundan oldin Toshkentning Chilonzor tumani ichki ishlar bo‘limining 29 yoshli kapitani Sarvar Hamidov ish joyida to‘pponchasidan o‘zini otgani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG