Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:36

“Har bir domda kamida bittadan fohishaxona bor”


Poytaxtning ba‘zi mavzelarida ko‘p qavatli uylarda besh-oltitadan fohishaxonalar bor.
Poytaxtning ba‘zi mavzelarida ko‘p qavatli uylarda besh-oltitadan fohishaxonalar bor.
O‘zbekiston shaharlarida keng tarqalgan fohishabozlikka huquq-tartibot organlarining aloqasi borligi aytiladi.

“Har bir domda kamida bittadan fohishaxona bor”, deydi Toshkentning Sag‘bon mavzeida yashaydigan huquqshunos Gulnora Oqilova.

Uch yildan beri mavzedagi pritonlarga qarshi muvaffaqiyatsiz kurashib charchagan bu faol ayolning aytishicha, illat ildizi huquq-tartibot organlariga borib taqaladi.

Ayni paytda - 28 iyun kuni ba‘zi axborot vositalari Toshkentda fohishaxonaga aylantirilgan o‘nlab kvartira musodara qilingani to‘g‘risida xabar qildi.

Bu xabar, Oqilova xonimning aytganlari fonida, ma‘murlarning mazkur illatga qarshi kurash boshlaganidan emas, balki fahsh bozorini nazorat qiluvchilarning o‘zaro jangidan darak bo‘lib tuyuladi.


Kurashidan ish chiqmayotgan davlat

AQSh Davlat departamenti 28 iyun kuni jahon mamlakatlari bo‘ylab odam savdosi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan navbatdagi hisobotini e‘lon qildi.

Hujjatda O‘zbekiston odam savdosiga qarshi kurashayotgan, lekin bu sohada muvaffaqiyatga erisholmayotgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Xalqaro hujjatlarda “Odam savdosi” tushunchasiga kattalar va bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilish ham kirishini hisobga olsak, Davlat departamenti e‘lon qilgan hisobotning bugungi mavzumizga aloqasi bevosita ekanligi ko‘rinadi.

“Uchrashuv uylari” musodara qilindi”

Hisobot e‘lon qilingan kuni Uzmetronom sayti o‘zining ishonchli manbalariga tayanib, mijozlarini Toshkentning xos tungi klublaridan “ilashtiruvchi” narxi baland juvonchalar xizmat ko‘rsatadigan o‘nlab kvartira musodara qilingani to‘g‘risida yozdi.

Bu xabarni chuqurroq o‘rganishga kirishar ekanmiz, izlanishlarimiz kutilmagan natija berdi: o‘zi yashab turgan mavzedagi pritonlarni yoptirish uchun bir necha yildan beri kurashib kelayotgan faol ayol - Gulnora Oqilova bilan gaplashishga muvaffaq bo‘ldik.

“Yozmagan joyimiz qolmadi”

Gulnora Oqilovaning aytishicha, u Sebzor mavzeidagi 44-domda yashaydi. O‘zi yashab turgan turgan domdagi kvartiralardan biri pritonga aylantirilgan. Bunday “yomon kvartiralar”, deb davom etadi Gulnora Oqilova

- 40-dayam bor, 39-domda ham bor. Bir necha marta bizlar uchastkovoylarni chaqiramiz. Uchastkovoy militsiyalar bulardan pul oladida, yana chiqarib yuboravyeradi. Pritonlar rosa ham ko‘p. Bitta xonadonda kechasi bilan janjal bo‘lib chiqqani undan ham ko‘p. Ularni xotini qidirib keladi, xotinlari yig‘laydi, dodlaydi. Necha marta bizlar uchastkovoy militsionerlarni chaqirib, ariza bilan ham murojaat qilganmiz. Chaqiramiz, kelishadi. Ularning cho‘ntagiga ishlaymiz. Biz xabar beramiz, faqat ularning cho‘ntagiga ishlaydi. Yo‘qotib bo‘lmayapti hech ham. Men yaqidna komitet sobstvyenniy bezopastnostga ëzib yubordim. Bilmadim endi qanaqa rezultat bo‘ladi. Men hali javob olganim yo‘q.

Ozodlik: Har bir domda bittadan priton bormi?

- Bittadan emas uchta-to‘rttadan bor. Mana 40-domning o‘zida oltitami-yettita, to‘rtta pod‘ezdli domda oltita-yettita priton bor. Bitta pod‘ezdda ikkita-uchtadan, deydi Gulnora Oqilova.

Balki Gulnora Oqilova oshirvorayotgandir? Bu informatsiyani qanday tekshirish mumkin?

Bu savol poytaxtdan eng uzoq viloyat – Xorazmga yetakladi.

“Xorazmda ham “Uchrashuv uylari” ko‘paymoqda”

Viloyatdagi xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi bir jamoat tashkilotining o‘zini Rajabboy, deb tanishtirgan xodimi bilan gaplashdik.

Yoshi 42 ga kirgan Rajabboy tashkilot nomidan gapirishdan bosh tortdi. Lekin savollarimizga oddiy bir xorazmlik sifatida javob berdi.

Ozodlik: Keyingi yillardan jinsiy xizmat ko‘rsatuvchi aëllar ko‘payayaptimi ozayayaptimi sizning nazaringizda? Oddiy bir xorazmlikning nazarida.

- Men endi oldin buni eshitmaganman to‘g‘risi. Hozir u ëq bu ëqdan eshitaman. Shunaqa joylar bor deb eshitayapman,. O‘zim bir ko‘zim bilan ko‘rmadim, nima qilmadim.

Ozodlik: Oldin eshitmaganligingiz bu oldin yo‘qligining belgisimi?

- Shu yo‘qligi bo‘lsa kerak. Yo‘q bo‘lgandan keyin eshitilmaydi. Hozir endi u ëqda, bu ëqda ochilibdi.

Ozodlik: Demak, alohida o‘shanaqa uylar bor.

- Bor. Endi men mana shu uy, mana shu kvartira deb ayta olmayman, deydi
Xorazmdan Rajabboy.

“Uchrashuv uylari” ochganlar 3 yilga qamalishi mumkin”

Toshkentlik yurist Gulnora Oqilova bilan masalaning yuridik jihatlari to‘g‘risida ham gaplashdik.

- Har bitta kvartira davlat tarafidan bir paytlar berilgan, keyin privatizatsiya qilingan. Obshestvyenniy uylardachi bunaqa pritonxonalar, to yest fohishaxonalar ochib qo‘yish qonunga zid narsa.

Ozodlik: O‘sha domning u ëki bu kvartirasida priton ochilganini aytaylik isbotlashdi. Qanaqa jazo belgilangan o‘sha priton ochib qo‘ygani uchun?

- Jazo uch yilgacha. Agar uni ushlab olib, haqiqatan ham qonun doirasida ish qilaman desa, sud orqali uch yilgacha jazo beradi. Lekin shtrafi ham bor, uslovniysi bor. Ungacha sudga olib chiqadigan odamlar kim? Neposredstvyenno o‘sha joyning inspektorlari. Mavzening starshiy inspektorlari bor. O‘shalar delo tayërlab sudga olib chiqishi kerak. Ungacha bular pulini olib tinchitib yuboravyeradi. Birortasi chiqqani yo‘q sudga, deydi Gulnora Oqilova.

Yurist Gulnora Oqilovaning bu gaplari yuzasidan ichki ishlar boshqarmasidan biron bir informatsiya olishning iloji bo‘lmadi.

Yuristning gaplari rost-yolg‘onligi to‘g‘risida har bir o‘zbekistonlik o‘z atrofidagi vaziyatga qarab xulosa chiqarishi mumkin.

Biz esa, suhbatdoshimizga navbatdagi savolni beramiz.

Konkret familiyalar bor

Yurist Gulnora Oqilova konkret amaldorlar familiyalarini tilga oldi.

Ozodlik: Siz ëki sizlar qo‘ni-qo‘shnilaringlar bilan keyingi oylardami, keyingi bir yildami kimlarga va necha marta murojaat qildinglar?

- Masalan, birinchidan, bir necha marta uchastkovoy militsionerlarga murojaat qilamiz. Telefon qildik, ëzma ham berdik. Keyin bularning starshiysi bor rayonda o‘triadigan starshiy uchastkovoy nadzor bo‘yicha. Ularga ham berdik. Dilshod degan bir bola bor ekan. Unga telefon qilib ham murojaat qildik. Keyin nachalnik bor Davlatov. Olmazor tomonining nachalnik militsiyasi i.o hozirgi paytda ishlab turgan. Unga ham aytdik. Foydasi yo‘q. Xo‘p, xo‘p, xo‘p, tamom. Xo‘p, xo‘pdan o‘tmaydi bular, deydi Gulnora Oqilova.

Jinsiy xizmat ko‘rsatuvchilarni himoya qiladigan bormi?

O‘zmetronom o‘zining kechagi xabarida narxi baland juvonchalar ishlaydigan tungi klublar yuqori lavozimli davlat mulozimlariga qarashli ekanligini, shuning uchun ham o‘sha klublar nomlari pritonlar bilan bog‘liq jinoyat ishlarida tilga olinmagani to‘g‘risida yozdi.

Ba‘zilarning qulog‘iga qanchalik nojoiz eshitilmasin, jinsiy ekspluatatsiya qilinayotganlar xalqaro hujjatlarda odam savdosi qurbonlari sifatida tan olinar ekan, ularning haq-huquqlari to‘g‘risida o‘ylashga to‘g‘ri keladi.

Masalaga kalondimog‘lik bilan emas, balki voqelik sifatida yondoshadigan mamlakatlarda jinsiy xizmat ko‘rsatuvchi ayollar huquqlarini nafaqat qonun, balki jamoat tashkilotlari ham himoya qiladi.

O‘zbekistonda esa, bunday ayollar bilan SPID markazlaridan tashqari boshqa hech kim shug‘ullanmaydi. Har holda boyagi Rajabboy ishlaydigan tashkilot rahbari bilan bo‘lgan qisqa savol-javobdan mana shunday xulosaga keldik.

Ozodlik: Gap jinsiy xizmat ko‘rsatuvchi aëllar ustida. Shunaqa aëllarga sizlarning markazinglarning qandaydir aloqasi bormi yo‘qmi ularning huquqini himoya qilish ëki ularga qarshi kurashish masalasida?

- Yo‘q, biz u aëllar bilan ishlamaganmiz. Faoliyatimizda unday aëllar bilan hech qachon nima qilmaganmiz. SPID sentrimiz faoliyat qilayapti unday aëllar bilan.

Ozodlik: SPID sentrdan tashqari ularning huquqini nimoya qilish ëki ularga qarshi kurashish bilan shug‘ullanadigan qandaydir tashkilot bormi?

- Yo‘q, shekilli. Bilmadim, degan javobni oldik Xorazm viloyatidagi xotin-qizlar bilan ishlovchi tashkilot rahbaridan.

U kishi tashkiloti nomini ham, o‘z ismini ham atashimizga ruxsat bermadi.

O‘zbekiston odam savdosiga qarshi kurashayapti...

Jinsiy ekspluatatsiya tarkibiy qismi bo‘lgan odam savdosiga qarshi O‘zbekiston hukumati keyingi yillarda kurashni kuchaytirgan. Bu mavzu mamlakatdagi ommaviy axborot vositalari uchun ham yot emas.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, 2010 yilda 2325 kishi odam savdosi qurboni bo‘lgan.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a‘zosi Svyetlana Ortiqova joriy yil bahorida Ozodlik savollariga javob berar ekan, jumladan mana bunday degan edi:

- Odam savdosiga qarshi kurash to‘g‘risida qonun ham qabul qilingan. Prezidentimiz tomonidan maxsus idoralararo komissiya ham tuzilgan. Komissiya raisi etib Bosh prokuror tayinlangan.

...biroq illat ildizini qayerdan izlashni bilmayotgan ko‘rinadi

AQSh Davlat departamentining 28 iyun kuni e‘lon qilingan hisobotida O‘zbekiston odam savdosiga qarshi kurashayotgan, lekin bu sohada muvaffaqiyatga erisholmayotgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgan ekan, senator Ortiqova tilga olgan komissiya balki illat ildizini qayerdan izlashni bilmayotgandir?

Balki, komissiya O‘zmetronomda chiqqan xabarga, yurist Gulnora Oqilova Ozodlikka aytib bergan faktlarga e‘tibor qaratar?
XS
SM
MD
LG