Линклар

29 yoshli Saif Qaddafiy va uning uch farzandi shanba oqshom Tripoliga hujum paytida o‘lgani aytilmoqda.

Shanba oqshom Liviyaning Tripoli shahrida NATO kuchlari tomonidan uyushtirilgan havo hujumlari chog‘ida Muammar Qaddafiyning 29 yoshli o‘g‘li Saif al-Arab Qaddafiy va uning uch farzandi qurbon bo‘ldi.

Bu haqda ma‘lum qilgan Liviya hukumati matbuot kotibi Ibrohim Mussa Saif Qaddafiyning oddiy fuqaro bo‘lgani, u bilan birga nobud bo‘lgan uch farzandining hali balog‘at yoshiga yetmagan go‘dak ekanini urg‘uladi.

Ibrohim Mussaga ko‘ra, hujum chog‘ida mamlakat yetakchisining o‘zi va rafiqasiga zarar yetmagan.

- Yetakchining o‘zi salomat. Unga zarar yetmadi. Uning rafiqasi ham salomat. Unga zarar yetmadi,- deya ma‘lum qildi Liviya hukumati matbuot kotibi.

Unga ko‘ra, Saif al-Arab Qaddafiyning uyiga ota-onasi borgan kezda bir necha raketa hujumi uyushtirilgan.

Hukumat rasmiylari raketa hujumlaridan vayron bo‘lgan uy qoldiqlarini xorij jurnalistlariga namoyish qilar ekan, yana bir bor NATO amaliyotlari konkret tarzda Qaddafiyning o‘zini yo‘q qilishga qaratilgani haqidagi bayonotini takrorladi.

Xususan, Liviya hukumati matbuot kotibi Mussa Ibrohim NATO hujumiga javoban: “Bu davlat rahbariga uning davlatida suiqasd qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotdir”, dedi.

Biroq NATO rahbariyati hujumlar chog‘ida harbiy ob‘ektlar nishonga olinganini aytib, Liviya hukumati ayblovini inkor qilmoqda.

NATO amaliyotlariga yetakchilik qilayotgan qo‘mondon Sharl Bushar shanba oqshom Qaddafiyning o‘g‘li va uch nabirasi qurbon bo‘lgani haqida xabar olganini aytdi. Biroq, bu xabarni tasdiqlamadi, inkor ham qilmadi.

Liviyada ikkinchi kundirki NATO harbiylari Tripoli shahridagi hukumat binolarini nishonga olmoqda. Shanba kuni tongda Muammar Qaddafiy telemurojaat qilayotgan kezda telemarkaz binosi yonida raketa portladi.

O‘shanda Qaddafiy isyonchilarga sulhni taklif qildi. Ammo, isyonchilar unga ishonmasligini aytib, bu taklifni rad etdi.

Hozirga qadar Buyuk Britaniya hukumati Qaddafiyning o‘g‘li va nabiralari o‘ldirilgani haqidagi ma‘lumotlarni "tekshirilmagan", deya Liviyadagi amaliyotlar BMT vakolati doirasida amalga oshirilayotganini ta‘kidlab, bayonot berdi.

Bundan tashqari, Oq Uy rasmiysi Jey Karni ham Liviyadagi vaziyatdan AQSh ma‘muriyatining xabardor ekanini aytib, ma‘muriyat vaziyatni sinchiklab kuzatib borayotganini bildirdi.

Ammo, Rossiya tomoni Liviya amaliyotlarida NATO qo‘shinlari BMT bergan vakolatlar doirasidan chiqmoqda, deb hisoblashini bildirdi.

Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonot mazmuniga ko‘ra, NATO rahbariyatining aynan Qaddafiyni nishonga olmayotgani haqidagi bayonotlari tobora shubha uyg‘otmoqda.

Liviyada oddiy aholi vakillari, jumladan, Qaddafiyning o‘g‘li va uch nabirasining o‘ldirilishi xavotirga sabab ekani urg‘ulanadi, Rossiya tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Shuningdek, Rossiya parlamentining nufuzli a‘zosi Konstantin Kosachev NATO harbiylarining shanba oqshom Liviyada o‘tkazgan harbiy amaliyotlarida Muammar Qaddafiy va uning o‘g‘li oilasi nishonga olingani haqida so‘zladi.

- Liviyadagi amaliyotlardan maqsad Qaddafiyni jismonan yo‘q qilish ekanini ko‘rsatuvchi faktlar tobora ko‘proq qayd etilmoqda, - dedi Kosachyov.

Liviyada harbiy amaliyotni amalga oshirish masalasi BMT Xavfsizlik kengashida ovozga qo‘yilgan kezda Rossiya betaraf qolgan edi. So‘nggi voqealardan so‘ng esa rus siyosatchilari orasida bu amaliyotni to‘xtatish zarurati ko‘p tilga olinmoqda.

Shanba kuni NATO kuchlari Misrata shahridagi Qaddafiychi harbiylarga tegishli, deb hisoblagani bir necha nuqtaga ham havodan hujum uyushtirdi.

Liviya hukumati harbiylarining Beng‘ozi janubidagi shaharga qilgan yurishida esa o‘n isyonchi qurbon bo‘lgani xabar qilindi.
XS
SM
MD
LG