Линклар

Ijtimoiy fikr: o‘zbekistonliklarning 80 foizi turmushidan mamnun


"Ijtimoiy fikr" tadqiqotlariga ko‘ra, o‘tgan bir yil davomida o‘zbekistonliklarning kelajakka bo‘lgan ishonchi 7,5 foizga ortgan.

"Ijtimoiy fikr" tadqiqotlariga ko‘ra, o‘tgan bir yil davomida o‘zbekistonliklarning kelajakka bo‘lgan ishonchi 7,5 foizga ortgan.

"Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tadqiqoti natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 93,8 foizi mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni “yaxshi va barqaror”, deb baholagan. So‘ralganlarning 80,7 foizi esa o‘z hayotidan qoniqishini aytgan.

“Ijtimoiy fikr” markazi o‘tkazgan navbatdagi tadqiqotda 2010 yilda O‘zbekistonda amalga oshirilgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar va erishilgan muvaffaqiyatlarni mamlakat fuqarolari qanday baholagani aks etgan.

Aholining turli qatlami vakillari ishtirok etgani aytilayotgan so‘rov chog‘ida respondentlarning:

  • 90,3 foizi iqtisodiyotdagi ahvoldan qoniqayotganlarini aytiashgan;
  • 87,5 foizi kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun mamlakatda yaxshi sharoit yaratilganini aytishgan;
  • 97,3 foizi O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklari yuqori darajada ta‘minlanganini qayd etishgan;
  • 92,8 foizi shaxsiy xavfsizlik,
  • 88,7 foizi ijtimoiy himoya,
  • 89,4 foizi tibbiy xizmat,
  • 80 foizi aholining gaz, issiqlik va yonilg‘i,
  • 96 foizi transport xizmati darajasidan qoniqishini e‘tirof etgan.

Bu O‘zbekistonda ozodlikda yoki qamoqxonalarda fuqarolar haqlariga rioya qilinmayotgani haqida xalqaro tashkilotlar va mustaqil manbalar berayotgan ma‘lumotlarga, mamlakatda ijtimoiy himoya oqsayotgani, xususan, nafaqaxo‘rlar va nogironlar turli muammolarga duch kelayotgani, tibbiyot xodimlarining tirikchilik ilinjida xorijga chiqib ketayotgani, respublikaning turli joylarida aholi gaz va benzin tanqisligiga duch kelayotgani kabi o‘zbekistonliklardan Ozodlik tahririyatiga kelayotgan xabarlarga tamoman zid keladi.

Qizig‘i shundaki, “Ijtimoiy fikr” bu galgi so‘rovida “O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat tobora mustahkamlanib boravyeradi” deb hisoblovchilar soni o‘tgan yildagiga nisbatan 7,5 foizga oshgan va bunga iqtisodiyot va aholi daromadining yuqori sur‘atlar bilan o‘sayotgani dalil o‘laroq keltirilgan.

Markaz ma‘lumotnomasida O‘zbekiston aholisi “Prezident Islom Karimovning barcha sohalarda islohotlarni yanada kuchaytirish, xalqning turmush darajasi va farovonligini oshirishga qaratilgan” siyosatini “to‘laligicha qo‘llab, ma‘qullashi” ta‘kidlanadi.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tadqiqoti, avvalda bo‘lgani kabi, bu gal ham tahlilchilar shubha va e‘tirozlariga sabab bo‘lmoqda hamda ular tomonidan davlat rahbari tavallud kuniga o‘ziga xos sovg‘a sifatida baholanmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, o‘zbek rasmiylarining to‘la nazoratida o‘tkaziladigan bu kabi tadqiqotlar jahon hamjamiyatiga va mamlakat ichkarisidagi “norozi qatlam”ga “O‘zbekistonda hammasi ko‘ngildagidek” ekanini ko‘rsatib qo‘yish uchun o‘tkazib turiladi.

Aziz mushtariy, siz O'zbekistondagi turmushingizdan mamnunmisiz?
XS
SM
MD
LG