Линклар

logo-print
Bugun insonning ilk marta fazoga qilgan parvoziga 50 yil to'ldi. 1961 yil 12 aprel kuni sovyet kosmonavti Yuriy Gagarin "Vostok - I" fazo kemasida kosmosga uchgan edi.

Shu munosabat bilan bir qator davlatlarda kosmonavtikaning bu yutug'ini nishonlashga qaratilgan tadbirlar o'tkazilmoqda.

Rossiyaning poytaxti Moskvada tantanali miting va konsert bo'lib o'tadi. 12 aprel oqshomida Moskva samosiga zambaraklardan 50 ta mushak otilishi rejalashtirilgan. Gagarin parvozining 50 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar Rossiyaning boshqa shaharlarda ham uyushtiriladi.

Yuriy Gagarinning kosmosga qilgan birinchi parvozi 108 daqiqa davom etgan va shu vaqt ichida "Vostok - I" yer kurrasi orbitasida bir marta aylanib chiqgan. Parvoz davomida Yiriy Gagarin oddiy tajribalar o'tkazgan - yegan, ichgan, qalam bilan qog'ozga yozib ko'rgan. Muvozanatsizlikda qalami behosdan "uchib" ketgan Gagarin keyinchalik konstruktorlarga qalam va shunga o'xshash buyumlarni kema ichida mahkamlab qo'yish kerakligini tavsiya etgan.

Ayrim kamchiliklarga va texnik nosozliklarga qaramasdan, "Vostok - I" fazo kemasi muvaffaqiyatli yerga qo'ngan. Rejalashtirgan joydan bir necha yuz kilometr uzoqga qo'ngan Yuriy Gagarinni birinchi bo'lib o'rmonchining rafiqasi va uning olti yashar nevarasi uchratishadi.

Parvozning 50 yilligiga Buyuk Britaniyalik rejisor Kristian Riley (Christian Riley) "Birinchi Orbita" (First Orbit) nomli film yaratdi. Filmda rejisor Gagarinning tarixiy parvozini xaqiqiy audio va video fayllarni ishlatib qaytatdan tiklashga harakat qiladi.

"Birinchi Orbita"



Toshkentda ham Gagarinning parvozining 50 yilligi nishonlanidi. Toshkentdagi Rossiya madaniyat va fan markazi binosiga yig‘ilganlar Yuriy Gagarinning Toshkentga safari paytidagi noyob foto va kino xujjatlar bilan tanishishdi. Shunday suratlardan birida Gagarin chust do‘ppi kiygan xolda aks etgan. 1961 yildan 1968 yilga qadar Yuriy Gagarin olti marta O‘zbekistonga kelgan.

Gagarin parvozi Markaziy Osiyo shoirlari va yozuvchilariga ilhom ato qilgan. O‘zbek shoirasi Zulfiya Gagarin bilan muloqotlaridan keyin "Yo‘lchi yurak" nomli doston yozgan edi. Shoir O‘ljas Sulaymonov 12 aprel kuni bir kechada “Insonga sajda qil zamin” degan poemani yozgan va bu poema darhol chop qilinib, samoletdan yerga sochilgan edi.

Toshkent markazida 1970 yilda haykaltarosh Postnikov yaratgan Gagarin monumenti o‘rnatilgan. O‘zbekiston mustaqil bo‘lgan ilk kunlarda Toshkentdagi markazqo‘m binosi oldida qad ko‘targan ushbu haykal Chilonzor savdo markaziga olib borib o‘rnatildi.

O‘tgan asrning 70 yillarida Samarqand tiklangan Gagarin haykali esa 2008 yil buzib tashlandi.
XS
SM
MD
LG