Линклар

Internet aksiyalari O‘zbekistonda samara beradimi?


"O‘zbekiston xalq harakati" nomli tashabbusning Facebook tarmog‘idagi sahifasi.

"O‘zbekiston xalq harakati" nomli tashabbusning Facebook tarmog‘idagi sahifasi.

Internet ommani diktator rejimlarga qarshi safarbar qilishning muhim vositasi sifatida xizmat qila boshlaganini arab davlatlaridagi evrilishlar ko‘rsatdi.

Arab ko‘chalarida aksilhukumat namoyishlari Internet, xususan Facebook va Twitter ijtimoiy tarmog‘i orqali muvofiqlashtirildi.

Bundan ilhomlangan o‘zbek muxolfati ham Facebook tarmog‘ida "O‘zbekiston xalq harakati" nomi bilan murojaat e‘lon qildi.

"Karimov zulmidan qutilishning yagona yo‘li - unga bo‘ysunmaslikdir, butun mamlakatda bo‘ysunmaslik va O‘zbekistonda diktatorlik rejimining yo‘qolishini talab qilish harakatini boshlashdir",- deyiladi murojaatda.

Facebookdagi aksiyaga "O‘zbekiston xalq harakati" nomi ostida "Andijon - Adolat va tiklanish" tashkiloti, muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi va "Tayanch" inson huquqlari guruhi a‘zolari birlashdi.

Muhammadsolih Abutov g‘oya tashabbuskorlaridan biri:

- “Facebook”, “Twitter” va Internetdagi boshqa aloqa vositalaridan foydalangan holda bu narsani amalda sinab ko‘rmoqchimiz. Hozir Internetdan foydalanadigan xorijdagi vatandoshlar bu harakatga qo‘shilyapti, o‘zlarini fikrlarini bildiryapti.

Maqsadimiz o‘zbek xalqini bunga jalb qilish. Ertami kechmi O‘zbekistonda ham o‘zgarish bo‘lishi, diktaturaga chek qo‘yilishi shart,- deydi “Tayanch” guruhi rahbari Muhammadsolih Abutov.

Lekin, Tunis, Misrdan farqli O‘zbekistonda Internet bo‘g‘ilgan, aholining tarmoqdan foydalanish imkonlari cheklangan.

- To‘g‘ri, O‘zbekistonda Internet imkonlari arab davlatlaridagi kabi emas. Endi dastlabki bosqichda Facebookda odamlar orasida bir fikr tarqatish, odamlarning munosabatini o‘rganishni maqsad qildik. Lekin, buni amalga oshirishni amaliyot variantlari vatan ichida bo‘ladi, buni endi kelajakda vaqt ko‘rsatadi,- deydi Abutov.

Arab davlatlaridagi hodisalardan xavotirga tushgan boshqa diktatorlar ham o‘zlarining hokimiyatdagi umrini uzaytirish va taxtda xotirjam o‘tirishini ta‘minlash uchun internet ustidan yana ham kuchli nazorat o‘rnatish usullarini qo‘llay boshladi.

Yaqin Sharqdagi inqiloblar ortidan O‘zbekistonda SMS yozishmalar hamda Internetdagi Facebook va Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qilish urinishlari yana ham kuchliroq tus oldi.

- O‘zbekiston hukumatini arab davlatlaridagi inqiloblarning mamlakatga ko‘chishi xavotirga solmoqda. Sababi Tunis va Misrda odamlarning ko‘chaga chiqishida Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarning roli katta bo‘lgan edi,- deydi Parijdagi Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti Internet dasturi rahbari Yohan Bear.

Moskvada chiqadigan "RBK daily" nashri o‘tgan oy O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligidagi manbaga tayanib, respublikadagi uyali telefon operatorlari o‘z mijozlarining “shubhali” SMS yozishmalari haqida hisobot berishlari va hukumatning birinchi talabi bilan uyali aloqa xizmatini o‘chirishni talab qilgani, Internet hizmatini amalga oshiruvchi operatorlarga esa Facebook va Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib borish topshirilgani haqda yozgan edi.

Ayrim o‘zbek rasmiylari esa Internetdagi axborotlarni "filtr"dan o‘tkazish takliflarini ilgari surishgandi. Jumladan, O‘zbekiston Xalq ta‘limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirliklari vakillari mamlakat yoshlarida "mafkuraviy immunitet" hosil qilishga yordam berish maqsadida shunday chora qo‘llash zarurati haqida gapirganlar.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti Internet dasturi rahbari Yohan Bear O‘zbekiston hukumatining elektron axvborot vositalari ustidan nazoratni kuchaytirishi arab davlatlaridagi hodisalarning O‘zbekistonga ko‘chishi extimoli haqidagi xavotirlar bilan bog‘liqligiga shubha qilmadi.

- Aloqa vazirligi va mamlakat xavfsizlik hizmati vakillaridan iborat ommaviy axborot vositalarini monitoring qilish bo‘limi tashkil etilgan. Mana shu ikki tuzilma Internetdagi O‘zbekistonga oid barcha ma‘lumotlar, jumladan elektron yozishmalar va hatto chatlardagi suhbatlarni ham kuzatib boradi,- deydi Yohan Bear.

Chegara bilmas muxbirlar tashkilotiga ko‘ra, fevral oyida O‘zbekistonda bir guruh dindorlar ekstremizmda ayblanib xisbga olingan va ularga qo‘yilgan ayblovlar mail.ru saytida qilgan chat suhbatlariga asoslanib qo‘yilgan.

Yohan Bear O‘zbekistonda hukumat Internet foydalanuvchilarning qaysi saytga kirganiyu, kim bilan nima haqda suhbatlashganini kuzatayotgan va ayni paytda muxolif saytlarga to‘siqlar qo‘yilgan bir paytda Internet orqali O‘zbekistonda inqilob yasash imkonsiz ekanini aytadi, lekin uzoq istiqbolda o‘zgarishlar manbai bo‘lishini ehtimoldan soqit qilmaydi.

- Arab davlatlaridagi kabi inqilob O‘zbekistonda ertaga bo‘ladi deya olmayman. Lekin, O‘zbekiston hukumati uchun istalmagan va taqiqlangan xabarlar, masalan Karimov oilasi haqida bo‘ladimi yoki mamlakatdagi asl ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, inson huquqlari ahvoli va hakazo ma‘lumotlar aynan Internetda tarqalmoqda. Aynan Internet o‘zbekistonliklar uchun bu kabi mulohozalarni bildirish mumkin bo‘lgan makon bo‘lib qolmoqda, - deydi Parijdagi Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti Internet dasturi rahbari Yohan Bear.
XS
SM
MD
LG