Линклар

Internet ustidan nazorat yanada kuchaytirilmoqda


"Internet, ochil"mi yoki "Internet ochiq"mi? (muallif Blaise Alleyne, Flickr.com)

"Internet, ochil"mi yoki "Internet ochiq"mi? (muallif Blaise Alleyne, Flickr.com)

15 mart kuni O‘zbekiston qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlar mamlakatdagi Internet provayderlarining sun‘iy yo‘ldosh orqali jahon tarmog‘iga ulanishini rasman taqiqladi.

O‘zgartishlarga muvofiq O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan o‘rnatilgan qoidalarga binoan endi Internet provayderlari faqatgina “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining texnik vositalari orqali Internetga ulanishi shart.

Bunga qadar litsenziya asosida faoliyat yuritayotgan provayderlarning o‘z binosida sun‘iy aloqa vositasini o‘rnatib, Internetga ulanish huquqi qonunchilik bilan ruxsat etilardi. Bundan tashqari, provayderlar o‘z foydalanuvchilariga sun‘iy aloqa vositasini o‘rnatish bo‘yicha ham xizmat ko‘rsatishi mumkin edi.

Toshkentdagi xususiy Internet provayderlardan birining o‘zini tanishtirmagan xodimi aslida bu o‘zgartishlarsiz ham O‘zbekistonda sun‘iy yo‘ldosh uskunasi yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Internetga ulanish imkoni hech bir provayderga berilmagan edi, deydi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston hududida Internetga ulanish “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining mutlaq monopoliyasidir va o‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari davlatga qarashli shirkat filtridan o‘tgan axborotni oladi.

- O‘zbekistonda Internetga ulanishning O‘zbektelekom ishtirokisiz aslo imkoni yo‘q. Bizni ham 1000 dan ortiq abonentimiz bor va biz ham internetni “O‘zbektelekom”dan olamiz. Hozir ana shu nazorat tizimini yanayam kuchaytirishmoqchi,- deydi Toshkentdagi Internet xizmatini ko‘rsatuvchi korxona xodimi.

Bundan maqsad, deya taxmin qiladi suhbatdoshimiz Internet foydalanuvchilar olayotgan axborotni mutlaq nazorat qilish bo‘lsa kerak.

Axborot oqimi ustidan hozir ham kuchli nazorat bor, ammo Internet foydalanuvchilar soni ortib borayotgani bois mavjud nazorat tizimini kuchaytirish ehtiyoji tug‘ilgan ko‘rinadi, deya davom etadi u.

- Bizda shusiz ham noqonuniy saytlarga kirish yo‘llari berkilgan. Biz bu tartibga qattiq amal qilamiz. Lekin hozir Internet tarmog‘i shunaqa bo‘lib ketayaptiki, agar abonent hohlasa, istalgan saytga kirish yo‘lini topadi. Ya‘ni, proksi va turli linklar orqali. Biz shunchaki Internet yetkazib beruvchi provayder bo‘lganimiz bois, hamma saytlarga to‘siq qo‘ya olmaymiz. Ammo, “O‘zbektelekom”da yetarli texnik imkoniyatlari bor,- deydi toshkentlik suhbatdoshimiz.

Noqonuniy saytlar deganda Internet provayderi pornografik saytlar bilan bir qatorda xorijdagi siyosiy mazmundagi axborot beruvchi saytlarni tilga oldi.

Yaqinda O‘zbekistonda bo‘lib qaytgan g‘arblik tadqiqotchi, sobiq sovyet davlatlarida Internet sohasini tadqiq qilgan Lyudmila Andriyevskaya O‘zbekistonda noqonuniy deb hisoblangan saytlarga Toshkent shahri va viloyatida kirish, ayniqsa qiyin deydi.

- Hatto turli proksi-saytlar va linklar ham ish bermaganiga guvoh bo‘ldim. Jumladan, Ozodlik radiosi, Farg‘ona.ru kabi agentliklar saytlariga kirish yo‘llar mutlaq to‘silgan. Ammo, Samarqand, Andijon, Namangan kabi viloyatlarda ba‘zida proksilar ish berib qolganiga guvoh bo‘ldim. Ya‘ni, o‘zbekistonlik Internet foydalanuvchilarining asosiy qismi yashaydigan Toshkent shahri va viloyati uchun xizmat ko‘rsatadigan provayderlardagi axborot oqimi viloyatdagilarga nisbatan qattiq nazorat qilinadi,- deydi Lyudmila Andirevskaya.

Uning tashkiloti o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda jami aholining 5 foizigina internetdan eng kamida haftada bir marotaba foydalanib turuvchilardan iborat.

Ularning 20 foizi esa Toshkent shahri va viloyatida istiqomat qiladi.

- Ammo, keyingi yillarda Navoiy, Buxoro, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida ham foydalanuvchilar soni sekinlik bilan bo‘lsa-da ortmoqda. Yana shunisi borki, O‘zbekistonda mobil telefon orqali internetga kirish ko‘paymoqda. Ya‘ni, kuzatuvlarimizga ko‘ra, o‘sha 5 foiz o‘zbekistonlikning deyarli yarmi hozir mobil telefon orqali inetrentga kirmoqda,- deydi Lyudmila Andirevskaya.

O‘zbekiston qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarda uyali aloqa operatorlari ham tilga olingan.

- Ya‘ni, O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari soni ortmoqda va bu o‘sishni to‘xtatib qolishning imkoni yo‘q. Shunday ekan, hukumatning tegishli idoralari o‘sib borayotgan Internet foydalanuvchilari ommasiga yetkaziladigan axborot oqimi ustidan aslida mavjud markazlashgan nazoratni yanada kuchaytirishga urinmoqda,- deydi sobiq ittifoq respublikalarida Internet sohasini o‘rgangan tadqiqodchi Lyudmila Andriyevskaya.
XS
SM
MD
LG