Линклар

logo-print

Qirg‘iz rasmiylari ajnabiy merganlarga oid xabarlarni rad etdi


Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning aprel va iyun oyidagi voqealardan keyin aholi qo‘lida 667 dona o‘qotar qurol qolmoqda.

Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning aprel va iyun oyidagi voqealardan keyin aholi qo‘lida 667 dona o‘qotar qurol qolmoqda.

Iyun voqealari chog‘ida chet ellik snayperlar va yollanma qotillar ishtirok etgani to‘g‘risidagi faktlar tasdiqlanmadi.

Bunday bayonotni Qirg‘iziston ichki ishlar vazirining birinchi muovini Baqitbek Alimbekov 9 iyun kuni O‘sh shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘ida berdi.

Alimbekovga ko‘ra, o‘tgan yil iyun oyida Qirg‘iziston janubida sodir bo‘lgan voqealar chog‘ida ommaviy axborot vositalarida ajnabiy snayperlar ishtirok etgani haqidagi ma‘lumotlar ko‘p chiqqan, biroq bunday faktlar aniqlanmagan.

- Qurol qo‘llagan shaxslar bo‘lgan, ular bugungi kunda javobgarlikka tortilmoqda, - dedi Baqitbek Alimbekov.

Iyun voqealari chog‘ida 3 nafar xorijlik ushlangani va ular Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga topshirilgani haqidagi savolga javob bergan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Qursan Asanov aslida bir nafar chet ellik ushlangani, biroq uning yonida qurol bo‘lmaganini bildirdi.

- U Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga topshirilgandi, biroq keyingi ma‘lumotlarga ko‘ra u haqdagi gumonlar tasdiqlanmagan va u qo‘yib yuborilgan, - dedi Qursan Asanov.

Asnoda, “Qilim shami” jamoatchilik tashkiloti rahbari Aziza Abdirasulovaga ko‘ra, o‘tgan yil iyunida sodir bo‘lgan qonli voqealar chog‘ida 282 ta o‘qotar qurol egallab olingan.

- Qurollarning asosiy qismi O‘sh va Jaloloboddagi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara zastavalarida egallab olingan. Jumladan, Mudofaa vazirligining O‘sh shahridagi harbiy qismlarida ikki BTR egallab olingan, - der ekan huquq faoli Aziza Abdirasulova yana 43 ming komplekt o‘q-dori va 224 ta harbiy aslaha egallab olinganini, bu qurollardan 2010 yil 1 sentabrigacha 136 donasi qaytarilganini ham qo‘shimcha qildi.

“Qilim shami” rahbarining ma‘lum qilishicha, Jalolobod viloyatida joylashgan 2024 va 2021-harbiy qismlarda fuqarolarga tilxat asosida qurol tarqatilgan, 2010 yilning 13 iyun kuni Moylisuv shahrida ham Ichki ishlar vazirligi vakillari tomonidan qurol tarqatish hodisasi qayd etilgan.

O‘z navbatida, Qirg‘iziston mudofaa vazirining muovini Taalaybek O‘muraliyev qurol egallab olinishiga yo‘l qo‘ygan hamda qurol tarqatilishini jim turish bilan rag‘batlantirgan barcha aybdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilishini qayd etdi.
XS
SM
MD
LG