Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:28

Islom Karimov yana diktator prezidentlar ro‘yxatiga tushdi


CBSNews keyingi haftalar ichida Karimovni "diktator" deb atagan birinchi nashr emas.
CBSNews keyingi haftalar ichida Karimovni "diktator" deb atagan birinchi nashr emas.
CBSNews tele-radio korporatsiyasi prezident Karimovni “Dunyoning yashovchan diktatorlari” safiga kiritdi.

Dunyodagi nufuzli ommaviy axborot vositalaridan biri bo‘lgan CBSNews korporatsiyasisi Shimoliy Afrika va Yaqin sharq davlatlarida bo‘lgan g‘alayonlar ortidan dunyoda uzoq yillar davomida hokimiyatda qolayotgan diktatorlar ro‘yxatini tuzdi.

CBSNews korporatsiyasining bu ro‘yxati aks etgan internetdagi maxsus sahifasida prezident Islom Karimovning qay tariqa hokimiyatga kelgani, necha bor qayta saylangani va uning 20 yillik boshqaruvi haqidagi ma‘lumotlar chop etilgan.

Xususan, prezident Karimovning 2007 yilda qayta saylanishi O‘zbekiston konstitutsiyasiga zid bo‘lgani e‘tirof etilgan.

Shuningdek, prezident Karimov boshqaruvi davrida inson huquqlarining toptalishi, ayniqsa, huquq-tartibot va adliya tizimidagi qonunbuzarliklar qayd etilgan xalqaro tashkilotlar xulosalari keltirilgan.

Mahkamalarda huquq faollari, jurnalistlar va musulmonlarning hukumat tomonidan yuritilayotgan “terrorga qarshi kurash” kampaniyasi niqobi ostida ta‘qib etilgani aytilgan.

Bu borada BMTning Qiynoqlar bo‘yicha ma‘ruzachisi O‘zbekistonda qiynoqlarning sistemali qo‘llanishiga oid bergan xulosa ham esga olingan.

O‘zbekistonni 20 yildan buyon boshqarayotgan prezident Karimov yetakchiligidagi rejimning istiqboli haqida gap ochar ekan, CBSNews, shu kunlarda Karimov hukumati amaldorlari va uning ikki qizi — Gulnora Karimova va Lola Karimova-Tillayeva olib borayotgan kampaniyani tilga olgan.

Gulnora Karimovaning o‘z nufuzini oshirish maqsadida mamlakat ichkarisi va tashqarisida olib borayotgan matbuot kampaniyasi, Lola Karimova-Tillayevaning esa otasini diktator, deb atagani uchun fransuz jurnalistini sudga bergani ham CBSNews korporatsiyasi e‘tiboridan chetda qolmagan.

CBSNews shuningdek, prezident Karimov radikal islomni bahona qilib, siyosiy repressiya yuritayotganini aytar ekan, aslida bu davlatga qo‘shni bo‘lgan Afg‘onistondan bunday xavf borligini ham e‘tirof etgan.

Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlar taqdiridan xavotir bois, shuningdek, energetik manfaatlar bilan Yevropa davlatlarining inson huquqlarini poymol etayotganidan qat‘iy nazar Karimov rejimi bilan muloqot qilayotganini keltirgan CBSNews, tashqaridan berilgan bu imkoniyat hamda prezident Karimov o‘zi uchun ichkarida yaratib olgan mutloq hukmronlik muhiti uning hokimiyatdagi umrini uzaytirishi ehtimoli katta ekanini xulosa qilgan.

Eslatish mumkin, yaqinda AQShda chiqadigan Newsweek jurnali dunyoning eng mustabid hukmdorlari o‘nligini e‘lon qilgan va O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov to‘qqizinchi o‘ringa qo‘yilgan reytingga kirish so‘zida bu mustabidlar “o‘z xalqini o‘qqa tutishdan tap tormaydi” deyilgan edi.

Islom Karimovning eng mudhish jinoyatlari orasida esa 2005 yil 13 may kuni Andijonda yuzlab namoyishchilarning hukumat qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutilgani eslangan edi.
XS
SM
MD
LG