Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 20:11

Isroil armiyasi Eron hududiga zarba berdi


Isfahon osmonidagi portlashlar (illyustrativ surat)
Isfahon osmonidagi portlashlar (illyustrativ surat)

Eronga qarshi hujum uyushtirilgani haqida Isroil va Eron ommaviy axborot vositalari xabar qilishdi. Isroil tomonidan havo zarbalari berilganini Vashington ham tasdiqladi, biroq amaliyot ko‘lami va tafsilotlarini ochiqlagani yo‘q.

AQSH, avval va’da qilinganidek, SAXAL tomonidan amalga oshirilgan hujumda ishtirok etmaganini qo‘shimcha qilgan.

Erondagi davlatga qarashli ommaviy axborot vositalari 19-aprel tongida yadroviy qurilmalar bo‘lgan Isfahon osmonida “mini-dronlar” urib tushirilgani haqida xabar qilishdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujum natijasida vayrongarliklar bo‘lmagan, yadroviy infratuzilmaga shikast yetgan emas (so‘nggi holatni Xalqaro atom energiyasi agentligi ham tasdiqlagan).

Shuningdek, Tabriz osmonida ham portlashlar sodir bo‘lgan. Eronda ichki reyslar bekor qilingan, Tehron aeroportidan tashrifchilar evakuatsiya qilingan.

Reuters agentligi ikki manbadan olingan ma’lumotga tayangan holda, hujumda ishtirok etgan dronlar Eron hududidan uchirilganini yozib chiqdi.

Hujumdan avvalroq Eron Isroilning endigi zarbasiga yakshanba kungiday “minimal javob” bermasdan, “maksimal darajada” javob berishini bildirgan edi.

14-aprelga o‘tar kechasi amalga oshirilgan o‘sha hujumda Eron Isroilga qarshi uch yuzga yaqin raketa va dronlardan foydalangan (bu dron va raketalarning 99 foizi urib tushirilgani bildirilgan).

Bu hujum, o‘z navbatida, Isroilning 1-aprel kuni Suriyadagi Eron konsulxonasi binosiga bergan zarbasiga javob ekani aytilgan. O‘sha hujumda eronlik ikki general va Islom inqilobi posbonlari korpusining yana besh nafar xodimi halok bo‘lgan edi.

Agar Isroil rejimi yana bir marta katta xatoga yo‘l qo‘ysa, bunga javobimiz keskin, isroilliklar uchun yakuniy va o‘kinchli bo‘ladi”, degan edi Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon 18-aprel kuni.

Isroil ommaviy axborot vositalari 19-aprel kuni Isroil Iroq va Suriyadagi obyektlarga ham zarba bergani haqida xabar qilishgan. Bu ikki mamlakatda haqiqatan ham portlashlar sodir bo‘lgan.

Suriya nashrlari Isroil mamlakat janubidagi havodan mudofaa tizimiga qarshi raketa zarbasi bergani, “moddiy talafotlar” borligi haqida yozmoqda.

Isroil armiyasi CNN telekanaliga xorijiy ommaviy axborot vositalari xabarlari yuzasidan izoh bermasligini bildirgan.

AQSH nashrlari Isroil Eronga zarba berilishi haqida Vashingtonni oldindan ogohlantirgani va yadroviy obyektlarni bombalamaslikka va’da bergani haqida yozishmoqda.

Avvalroq AQSH prezidenti Jo Bayden Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga, garchi Qo‘shma Shtatlar 14-aprel kuni Eron hujumini qaytarishda Isroilga yordam bergan bo‘lsa-da, kontrhujumda ishtirok etmasligini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, Yaqin Sharqdagi ziddiyat eskalatsiyasidan xavfsiragan AQSH Isroilni Eronga harbiy yo‘l bilan javob bermaslikka chaqirgan edi.

XS
SM
MD
LG